“Toshkent – Samarqand” va “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo'nalishlarida yangi temir yo'l quriladi
Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlar hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo'ldosh “Yangi O'zbekiston” shaharchalarini qurish bo'yicha katta loyihalar amalga oshirilayotgani aytildi.
Prezident Mirziyoev Samarqandda bo'lib o'tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to'qqizinchi yillik yig'ilishidagi nutqida, jumladan, mazkur anjumanning “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida o'tkazilayotganini olqishladi.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.
Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.
O'zbekistonda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo'yicha katta dastur qabul qilingan.
“Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo'nalishlarida pullik avtomobil' yo'llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo'nalishlarida tezyurar poezdlar uchun yangi temir yo'l qurish loyihalari amalga oshiriladi.
Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beramiz.
Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o'tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo'yicha o'tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o'z qiziqishini bildirdi”, – dedi davlat rahbari o'z nutqida.
Shu bilan birga, mamlakatda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilayotgani hamda Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlar hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo'ldosh “Yangi O'zbekiston” shaharchalarini qurish bo'yicha katta loyihalar amalga oshirilayotgani aytib o'tildi.
“Bu borada o'rta shaharlarni rivojlantirish bo'yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo'yicha 130 million dollarlik loyihalarni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganimizni alohida e'tirof etmoqchiman”, – dedi Prezident.
Qolaversa, O'zbekiston yetakchisi mazkur Bank va boshqa hamkorlar bilan bunday infratuzilmaviy loyihalarni yanada kengaytirishga ishonch bildirdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0