TURON RUHI OKEAN ORTIDA HAM YaShAYaPTI
Amerikadagi vatandosh – Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti Farrux NIYoZIMBETOV bilan suhbat
Suhbatdoshimiz AQShda Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda. U Turon sportini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, xorijliklarni o‘zbek madaniyati va qadriyatlari bilan xorijda keng tanitirish yo‘lida faol mehnat qilmoqda.
– Farrux aka, avvalo o‘zingiz haqingizda qisqacha to‘xtalsangiz.
— Yurtimizda Ichki ishlar akademiyasida tahsil olib, shu yo‘nalishda oz muddat ishladim. Shundan so‘ng immigratsiya dasturi orqali AQShga keldim. Hozirgi kunda Bruklinda yashayman va ayni paytda Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritayapman. Asosiy maqsadimiz – Turon sportini xalqaro maydonda ommalashtirish, shu orqali o‘zbek milliy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlarini targ‘ib qilishdan iborat.
– Dastlab AQShda sizni eng ko‘p hayratga solgan jihat nima bo‘lgan?
– Bu erdagi hayot surʼati va individualizm bo‘lgan. Bizda oila va jamoa birinchi o‘rinda turadi. Nyu-Yorkda esa hamma narsa juda tez. Odamlar mustaqil yashaydi. Avvaliga bu muhitga ko‘nikish qiyin bo‘ldi. Muhimi, qaerda bo‘lmay, o‘zbekligimdan doim faxrlanaman.
– Moslashish jarayoni og‘ir kechdimi?
– Albatta. Eng qiyini – vatan sog‘inchi. Yangi muhit, yangi odamlar, yangi hayot... Boshida oson bo‘lmadi. Musofirchilik menga bir narsani o‘rgatdi: agar kishi o‘z ishini sevsa va niyati pok bo‘lsa, imkoniyatlar ochiladi. “Men uddalayman”, degan ishonch uni oldinga etaklaydi. Ustozim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Husan Ermatov bir gapni aytgan edi: “Qiyin vaziyatda insonga masʼuliyat kuch beradi”. Turon sportini targ‘ib qilish jarayonida shuni chuqur his qildim.
– Nega aynan Turon sportini ommalashtirishga bel bog‘ladingiz?
– Chunki bu sport turi milliy o‘zligimizning bir qismi hisoblanadi. Etti yoshimdan Turon bilan shug‘ullanganman. U orqali menda vatanparvarlik tuyg‘usi shakllangan.
Bugun O‘zbekistonda sportga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Turon sporti uchun ham so‘nggi yillar tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Amerikada bu sport deyarli yo‘q edi. Shuning uchun vatandoshlar bilan birga Turonni xalqaro maydonga olib chiqishga qaror qildik.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganlaridek, sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuchdir.
Turon sporti uchun 2025 yil tarixiy ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Konsulligi hamkorligida Markaziy Osiyo davlatlari milliy sport turlari orasida ilk bor AQShning Nyu-York shahrida Turon yakkakurashi bo‘yicha xalqaro boshqaruv organi — International Turon Federation tashkil etildi. Bu sport turi mustaqillikning dastlabki yillarida Bahodir Saidov tomonidan zamonaviy qoidalar asosida shakllantirilgan bo‘lib, uning ildizlari Amir Temur bobomiz davriga borib taqaladigan qadimiy turkiy anʼanalar ruhini o‘zida mujassam etadi. Amerikada bu sport turi yo‘q edi. shuning uchun uni ommalashtirish va Yangi O‘zbekiston imijini dunyoga namoyish etishga qaror qildik. Xalqaro Turon Federatsiyasini (International Turon Federation) AQSh qonunchiligi asosida rasmiy notijorat va nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdik hamda Federatsiyaning bosh qarorgohi Nyu-York shahriga joylashtirildi. Shuningdek, AQSh, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Turkiya, Yaponiya, Kanada, Chili, Meksika va boshqa qator davlatlardan tajribali mutaxassis va rahbarlarni jalb qildik.
2025 yilning 1-5 dekabr kunlari Toshkentda Xalqaro Turon Federatsiyasining navbatdagi xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Turkiya va Yaponiyadan tashrif buyurgan sport mutaxassislari hamda delegatsiyalar ishtirok etishdi. Konferentsiya davomida mehmonlar “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarida qatnashib, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sport sohasidagi yutuqlar va zamonaviy o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Bugungi kunda AQShning Pensilvaniya, Nyu-York, Nyu-Jersi, Detroyt, Ogayo, Illinoys va boshqa bir qator shtatlarida Turon sporti bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, Nyu-Yorkdagi O‘zbekiston Bosh konsulligi bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u Turon sportini AQShda keng targ‘ib qilish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Mahalliy sport tashkilotlari bilan hamkorlik qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
– Juda yaxshi. Masalan, dunyoga mashhur Arnold Sports Festival tashkilotchilari bilan kelishuvga erishdik. Rejaga ko‘ra, 2027 yildan boshlab, ushbu nufuzli festival doirasida Turon sporti bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, AQSh SAMBO terma jamoasi bosh murabbiyi Bob Clark ham tashkilotimizda faoliyat yuritmoqda.
– AQSh jamoatchiligining Turon sportiga qiziqishi qanday?
– Bu O‘zbekiston va AQSh munosabatlari yangi bosqichga chiqqani bilan bog‘liq. Prezidentimizning AQShga tashriflaridan keyin mamlakatimizga munosabat tubdan o‘zgardi. Turonni shunchaki sport emas, balki o‘zbek madaniyati va qadriyatlarini namoyon etuvchi maʼnaviy ko‘prik sifatida taqdim qilyapmiz. Ayniqsa, bu yil Xalqaro Turon Federatsiyasi AQSh Kongressi tomonidan maxsus mukofot bilan taqdirlangani biz uchun katta eʼtirof bo‘ldi.
– Keyingi yillarda AQShdagi o‘zbek diasporasi hayotida kuzatilgan o‘zgarishlar nimalardan iborat bo‘ldi?
– Shavkat Mirziyoevning AQShga tashrifi ortidan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada oshdi. AQShdagi mahalliy tashkilotlar va institutlar endilikda mamlakatimizning madaniyati, iqtisodiyoti hamda xalqiga yanada katta qiziqish bildirmoqda. Yurtimiz vakillari uchun bu juda muhim o‘zgarish bo‘ldi.
Eng muhimi, ilgari unchalik sezilmagan milliy g‘urur hissi paydo bo‘ldi. AQShdagi vatandoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usi yanada oshdi. Umuman olganda, ushbu tashriflar AQShdagi o‘zbek diasporasining o‘zaro birlashuvi va faollashuviga sezilarli ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Ilgari nisbatan tarqoq bo‘lgan vatandoshlar jamoasi bugungi kunda yanada uyushgan, maqsadli va hamkorlikka yo‘naltirilgan tuzilma sifatida shakllanib bormoqda. Yuqori darajadagi diplomatik faollik diaspora vakillariga aniq maqsad va g‘urur hissini bag‘ishlab, ularda o‘zlikni anglash jarayonini kuchaytirdi.
Har bir tashrif davomida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan bildirilgan eʼtibor va samimiy muloqot vatandoshlarga yangi kuch va motivatsiya bag‘ishlab kelmoqda. Shu jarayonlarning amaliy ifodasi sifatida Xalqaro Turon Federatsiyasining tashkil etilishi ham aynan shu yangilangan energiya, birlashuv va tashabbuskorlikning yorqin namunasidir.
– AQSh jamiyatida o‘zbekistonliklarga munosabat ham o‘zgaryaptimi?
– Albatta. Ilgari ko‘pchilik O‘zbekistonni deyarli bilmasdi. Hozir esa sport, madaniyat va turizm orqali qiziqish ortib bormoqda. Navro‘z, Mustaqillik bayrami kabi tadbirlarda amerikaliklar ham faol qatnashyaptilar. O‘zbekistonga sayohat borib-kelayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etyapti.
– AQShda yashab, milliy qadriyatlarga sodiq qolish qiyin emasmi?
– Amerikada o‘ziga juda tortuvchi madaniyat mavjud va unda o‘zingizni yo‘qotib qo‘yishingiz oson. Men Nyu-Yorkdagi o‘zbek diasporalari va Xalqaro Turon Federatsiyasi bilan ishlash orqali milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga sodiq qolaman. Buni ikki o‘zlik o‘rtasidagi ziddiyat sifatida qabul qilmaymiz, balki ikkalasani baravar ko‘raman.
To‘g‘ri, AQShda yashab, o‘zbek milliy qadriyatlarini saqlab qolish bir tomondan oson, boshqa tomondan esa muayyan qiyinchiliklarga ega. Oson tomoni – bugungi kunda internet, ijtimoiy tarmoqlar va diaspora sababli odam o‘z qadriyatlaridan uzilib qolmaydi. O‘zbekiston madaniyatini AQShda yashab ham davom ettirayotgan oilalar juda ko‘p. Ularda uyda o‘zbek tilida gaplashish, milliy taomlar tayyorlash, milliy bayramlarni nishonlash, bolalarni anʼanalarga sodiq qilib o‘stirish kabi qadriyatlar yashab qolmoqda. Ayniqsa, o‘zbek jamoalari bir-birini qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega.
Murakkab jihatiga to‘xtaladigan bo‘lsam, Amerika tezkorlikni sevadigan davlat. Yosh avlod o‘sish jarayonida boshqa madaniyatga moslashib boraveradi. Baʼzan til unutiladi, ayrim urf-odatlar “eskicha”dek tuyulishi mumkin. Ota-onalar va farzandlar orasida madaniy farq ham paydo bo‘ladi. Xalqaro Turon Federatsiyasining asosiy pozitsiyalardan biri ham madaniyatimizni, urf-odatlarimizni kompleks holda ularga o‘rgatishdan iborat.
– Sizningcha bugungi global vaziyat sport sohasiga qanday taʼsir qilmoqda?
– Taʼsiri katta, albatta. Hozir sport faqat musobaqa emas. U iqtisod, texnologiya, diplomatiya va media bilan chambarchas bog‘langan. Zamonaviy sport loyihalari endi global biznes va xalqaro munosabatlarning bir qismiga aylandi.
– AQShda muvaffaqiyatga erishish uchun eng muhim omil nima?
– Birinchi navbatda, intizom, sabr va moslashuvchanlik. Amerikada aloqalar ham juda muhim. Shu bilan birga, inson aniq maqsad bilan yashashi kerak. Asosiysi, har qanday qiyinchiliklarni “to‘xtash” emas, “o‘sish” deb qabul qilish lozim.
– Amerika orzusida yurgan yoshlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Avvalo, tayyorgarlik bilan kelishsin. Til o‘rganishsin, bir sohani puxta egallashsin. Bu erga kelgach esa faol bo‘lish kerak. Odamlar bilan tanishish, jamoalarga qo‘shilish, o‘zini ko‘rsatish muhim.
– Ularga eng muhim uch tavsiyangiz.
– Birinchi navbatda, xorijga aniq maqsad bilan ketish darkor. Ikkinchidan, har qanday vaziyatda ham o‘zligini yo‘qotmaslik joiz. Chunki milliy qadriyatlar insonning eng katta boyligi hisoblanadi. Uchinchidan, boshqalar bilan ko‘proq muloqot qilish, ularning urf-odatlarini o‘rganish, shuningdek ularni bilan birga, o‘z madaniyatimiz bilan tanishtirish kerak.
– Sizningcha, inson muvaffaqiyatlarga erishishda qaysi fazilatlar muhim?
– Nazarimda, intizom, sabr va kamtarlik. O‘rganishdan, orzu qilishdan to‘xtamaslik lozim. Zero, inson o‘zi o‘ylaganidan ko‘proq narsalarga qodir.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
P/s: Cuhbat qahramonimiz Amerikada paytida yozib olingan edi. Ayni paytda Toshkentga kelgan Farrux Niyazimbetov ertaga bo‘lib o‘tadigan «Turon World Cup 2026» Jahon kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mazkur sport bayrami dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sportchilar, murabbiylar va sport ixlosmandlarini bir maydonga jamlab, Turon yakkakurashining xalqaro miqyosda rivojlanishi va ommalashuviga xizmat qiladi.
Feruza RAHIMOVA,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0