Javohir Sindarov Magnus Karlsenni mag‘lub etdi
Grossmeyster Javohir Sindarov FIDEning Gonkong shahrida o‘tkazilgan rapid bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatida dunyo shaxmatining eng mashhur vakili, sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan g‘alaba qozondi.
Mazkur bahs musobaqaning 9-turida O‘zbekiston terma jamoasi bilan WR Chess jamoasi o‘rtasidagi uchrashuv doirasida birinchi taxtada bo‘lib o‘tdi. Ushbu partiyaga qadar Karlsen Arjun Erigaysi va Shant Sargsyanga mag‘lub bo‘lib, bir turni o‘tkazib yuborgan edi. Norvegiyalik shaxmatchi O‘zbekistonga qarshi bahsda yana taxta ortiga qaytdi.
Partiya davomida Karlsen tashabbusni qo‘lga olish maqsadida farzinni qurbon qildi. Biroq Javohir Sindarov vaziyatni aniq baholab, ustunlikni saqlab qoldi va uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi.
WR Chess va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 3:3 hisobida durang natija bilan yakunlandi. Nodirbek Abdusattorov Uesli Soga, Nodirbek Yaqubboev esa Fabiano Karuanaga imkoniyatni boy berdi. Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova va Akjol Rahmatullaevning g‘alabalari esa jamoa hisobiga muhim ochkolarni olib keldi.
Chempionatning 12 turi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 15 ochko jamg‘arib, umumiy hisobda 8-o‘rinni egalladi. Jamoa musobaqa davomida 7 ta g‘alaba qozondi, bir marta durang o‘ynadi va 4 bor mag‘lubiyatga uchradi.
Qayd etish joiz, 2025 yil Londonda bo‘lib o‘tgan jamoaviy jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 17 ochko bilan 4-o‘rinni egallagan edi. Bu yilgi natija esa jamoaning o‘tgan mavsumga nisbatan to‘rt pog‘ona pastlaganini ko‘rsatdi.
Chempionatning blits qismi 20–21 iyun kunlari davom etadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0