O‘zbekiston terma jamoasiga bag‘ishlangan eksklyuziv oltin va kumush tangalar sotuvga chiqadi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionatiga tarixda ilk bor yo‘llanma olgani munosabati bilan maxsus cheklangan seriyadagi esdalik tangalarini muomalaga chiqarishini maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tarixiy yutuqni abadiylashtirish maqsadida 999,9 probali sof oltin va kumushdan tayyorlangan kollektsion tangalar zarb etilgan.
Tanganing old tomonida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ramzi, anʼanaviy futbol to‘pi tasviri hamda «Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida — 2026» degan yozuv joylashtirilgan. Bu elementlar milliy terma jamoaning mundialga chiqqanini va mamlakat futboli tarixida yangi bosqich boshlanganini anglatadi.
Tanga dizaynida muxlislar orasida «Oq bo‘rilar» nomi bilan mashhur bo‘lgan milliy terma jamoa timsoli ham aks ettirilgan. Orqa tomonidagi bo‘ri silueti futbolchilarning matonati, jamoaviy birligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini ifoda etadi. Shuningdek, unda 26 nafar futbolchining silueti mujassam bo‘lib, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat butun jamoaning hamjihatligi va mehnati samarasi ekani taʼkidlangan.
Tangada milliy terma jamoa libosidagi naqshlardan ham foydalanilgan bo‘lib, ular yurtimizdagi qadimiy meʼmoriy obidalar bezaklaridan ilhomlanib ishlangan. Bu esa sport, milliy g‘urur va boy madaniy merosni yagona kompozitsiyada uyg‘unlashtiradi.
Og‘irligi 31,1 gramm bo‘lgan tangalardan atigi 100 dona oltin va 1000 dona kumush nusxa tayyorlangan. Shu bois ular nafaqat esdalik, balki yuqori kollektsion qiymatga ham ega hisoblanadi.
Maxsus tangalar 18 iyundan boshlab respublika bo‘ylab 690 ta tijorat banklari filiallari orqali sotuvga chiqariladi. Ularning narxi hamda qaysi banklarda mavjudligi haqidagi yangilangan maʼlumotlar Markaziy bankning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam eʼlon qilib boriladi.
Markaziy bank ushbu esdalik tangalari 999,9 probali qimmatbaho metallardan tayyorlangani, tijorat banklari orqali sotilishi va keyinchalik belgilangan tartib asosida qayta sotib olinishi mumkinligini ham qayd etdi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0