O'zbekistonda qishloq xo'jaligini kimyoviy zaharlanishdan qutqarib bo'ladimi?
Qishloq xo'jaligi – faqat dalalardagi hosil emas, balki butun mamlakatning tayanchi. Bugungi kunda uning hissasi milliy iqtisodiyotda 25 foizni tashkil qiladi. Millionlab insonlar – fermerlardan tortib, kaftdek hovlisidagi rizqqa ko'z tikkan dehqonlargacha shu sohaga bog'langan. Shuning uchun ham qishloq xo'jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash doimiy va jiddiy islohotlarni talab etadi.
Qishloq xo'jaligida tomchilatib sug'orish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi tashabbuslar hukumatimiz uchun iqlim o'zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy qismi sifatida ko'rilayotgani bejiz emas. Ammo qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda kimyoviy pestitsidlardan ortiqcha va noto'g'ri foydalanish bugungi kunda negadir e'tibordan chetda qolmoqda.
Pestitsidlar bir qarashda hosildorlikni oshiradi, deyiladi. Lekin ulardan ko'p va noto'g'ri foydalanish – odamlar sog'lig'i, tabiat va hatto O'zbekistonning dunyo bozorlaridagi raqobatbardoshligiga ham jiddiy ziyon yetkazmoqda. Agar bu muammoga jiddiy yondashmasak, uning oqibati nafaqat qishloq xo'jaligi, balki butun mamlakatning kelajagi uchun og'ir bo'lishi mumkin.
Tanganing ikkinchi tomoni: Pestitsidlar nimadan iborat?
Pestitsidlar – o'simlik zararkunandalari, begona o'tlar va turli kasalliklarga qarshi qo'llaniladigan kimyoviy moddalar. O'zbekistonda fermerlar ulardan paxta, g'alla va sabzavot yetishtirishda, issiqxonalarda hosil himoyasi uchun keng foydalanishadi.
Qisqasi, pestitsidlar qishloq xo'jaligimizda ajralmas vositaga aylanib ulgurgan. Lekin ulardan ortiqcha foydalanish juda og'ir oqibatlarga olib kelmoqda.
2022 yilning o'zida paxta sanoatida pestitsidlar sabab yetkazilgan iqtisodiy zarar taxminan 200 million dollarni tashkil qildi. Bu – Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko'rsatkich.
Bundan tashqari, pestitsidlar tufayli qishloq xo'jaligi mahsulotlarimiz Yevropa Ittifoqi va boshqa bozorlarning qat'iy talablariga javob bermay qolmoqda. Mahsulotlar rad etiladi, eksport imkoniyatlarimiz qisqaradi.
E'tibor qiling: hozir O'zbekistonda ishlatilayotgan pestitsidlarning taxminan 60 foizi Yevropada butunlay taqiqlangan moddalar qatoriga kiritilgan! Bu esa bizning amaliyotimiz va jahon qoidalari o'rtasida jiddiy farq borligini ko'rsatadi.
Turkiya kabi davlatlar esa allaqachon xalqaro talablarga mos keluvchi, xavfsiz vositalardan foydalanishga o'tgan.
Tabiat va odamlar qanday zarar ko'ryapti?
Pestitsidlar nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki yerning unumdorligini pasaytiradi, suv va havoni ifloslaydi. Asalarilar, qushlar va boshqa tabiiy changlatuvchilar ham zaharlanadi, bu esa oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita tahdid soladi.
Eng og'riqli joyi shundaki, bundan odamlar ham zarar ko'ryapti. Xususan, dalalarda ishlovchi dehqonlar pestitsidlar bilan to'g'ridan-to'g'ri ishlagani uchun surunkali kasalliklarga moyil bo'lib qolishyapti. Aholi iste'mol qilayotgan oziq-ovqat va suv orqali ham organizmga zaharli moddalar kirib boradi.
Bir so'z bilan aytganda, bu zaharlar har birimizning hayotimizga qadam-baqadam singib bormoqda.
Nega fermerlar hali ham pestitsidga muhtoj?
Savol tug'iladi: agar pestitsidlar shuncha zararli ekan, nima uchun dehqon va fermerlar ulardan voz kechishmaydi?
Javobi oddiy: pestitsid tez samara beradi. Qisqa vaqtda hosil saqlanadi. Biologik yoki organik usullar esa qiyin, vaqt talab qiladi va ko'pincha qimmat turadi.
Dehqonlarning ko'pchiligi «yashil» usullar haqida to'liq ma'lumotga ega emas. Ularning iqtisodiy imkoniyatlari ham barqaror usullarga o'tishga imkon bermaydi. Bundan tashqari, hukumat tomonidan pestitsidlar nazorati sustligicha qolmoqda.
Echim bor: Barqaror qishloq xo'jaligi
Barqaror qishloq xo'jaligi – bu atrof-muhitga ta'sirni hisobga olgan holda oziq-ovqat yetishtirish uchun biologik manbalardan foydalanishga e'tibor qaratadi. Integratsiyalashgan zararkunandalarni boshqarish (Integrated Pest Management), organik dehqonchilik va biopestitsidlar kabi zamonaviy usullar kimyoviy pestitsidlarning zararli ta'sirini kamaytirish bilan birga, tuproq salomatligi, bioxilma-xillik va mahsulot sifati yuqoriligini ta'minlash uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu kabi barqaror amaliyotni O'zbekistonda ham tizimli tarzda joriy qilish va dehqon va fermerlar orasida keng yoyilishini qo'llab-quvvatlash darkor. Buning natijasida:
– atrof-muhitni muhofaza qilish;
– tuproq va suv resurslarini avaylash;
– oziq-ovqat sifati va aholi salomatligini birinchi o'ringa qo'yish mumkin bo'ladi.
Buning uchun integratsiyalashgan zararkunandalarni boshqarish (IPM), organik dehqonchilik, biopestitsidlar kabi usullardan foydalaniladi.
Hozirda Yevropada qishloq xo'jaligi yerlarining 19,1 foizi organik. 2030 yilgacha bu ko'rsatkichni 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Avstraliya, Hindiston, Argentina, Xitoy, Frantsiya – barchasi bu yo'nalishda ilgarilab ketgan. Lixtenshteyn va Avstriya esa hatto 40 foizdan ortiq organik qishloq xo'jaligiga ega.
O'zbekiston uchun aniq yo'llar
Agar biz ham pestitsidlardan qutulib, barqaror qishloq xo'jaligiga o'tishni istasak, mutaxassislar quyidagi ishlarni qilish shartligini tavsiya etishmoqda:
– pestitsidlar ishlab chiqarish, import va qo'llash jarayonlarini qat'iy nazorat qilish;
– biopestitsid va organik vositalarni qo'llab-quvvatlash uchun moliyaviy rag'batlar yaratish;
– dehqon va fermerlarni organik usullarga o'qitish va targ'ibot qilish;
– laboratoriyalar tarmog'ini tiklash, zaharli qoldiqlarni tekshirish tizimini yo'lga qo'yish;
– qonunlarni qattiqlashtirish va soddalashtirish, jinoiy javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish;
– xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish.
Bundan tashqari, pestitsidlar O'zbekistonning qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chet elga eksport qilish salohiyatiga ham jiddiy zarar keltirmoqda. O'zbekistonning ko'plab qishloq xo'jaligi mahsulotlari Yevropa ittifoqi va boshqa bozorlarning kimyoviy moddalar qoldig'i bilan bog'liq qat'iy me'yorlariga mos kelmaydi. Oqibatda eksport qilinadigan mahsulotlar bu bozorlarga kiritilmasdan rad etiladi va moliyaviy yo'qotishlar vujudga keladi.
Ertaga kech bo'lishi mumkin
Bu haqda biolog olim Baxtiyor Abdug'afur shunday deydi: «Yaqin kelajakning qishloq xo'jaligida organik mahsulot katta ulushga ega bo'ladi. Bu bugungi bozorning talabidan kelib chiqib qilinayotgan ilmiy xulosa. Yirik qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bu bozorga kirgan, kelajakdagi o'rnini belgilab olish uchun ilmiy loyihalarga zo'r bergan. O'zbekiston qishloq xo'jaligi ham shu yo'nalishga o'tadimi?..».
«O'tmasdan ilojisi yo'q, – deya davom etadi olim. – Сhunki bozorning talabi shunday. Aytaylik, boshida organik tarvuz 3 dollarga sotilsa, kimyoviy tarvuz 1 dollarga baholanadi. Bu narx shunday turmaydi – organik ishlab chiqaruvchi ko'payadi. Xorij ishlab chiqaruvchilari ilmiy asoslar, aniq bashoratlar bilan ishlaydi, ham o'zgaruvchan bozorga tez moslashadi. Moslashmasa raqobatda sinadi. Tabiiyki, organik mahsulot taklif etuvchi ko'payadi va organik tarvuzning narxi yana tushadi. Bora-bora, organik tarvuz narxi kimyoviy tarvuzdan arzon bo'lib ketadi. Sababi organik mahsulot ishlab chiqarish kimyoviy usuldagisidan arzonroqqa tushadi.
Oxir-oqibat, kimyoviy usulda yetishtirilgan mahsulotlar bozorda o'tmaydi. Bu yaqin kelajak uchun ilmiy asoslangan xulosa…».
Prognozlarga ko'ra, mamlakatimiz qishloq xo'jaligi hozirgi holatida organik mahsulotlar bozoriga kirishi, raqobatga dosh berishi juda qiyin kechadi.
Birinchidan, zehniyat va tafakkur. Haligacha an'anaviy dehqonchilik.
Ikkinchidan, organik sertifikat olishda nafaqat mahsulot, balki tuproq ham tekshiriladi. Bizning tuproqlarimiz agrozaharlar bilan zararlangan, ularni yo'q qilish – tozalash uchun yillar kerak bo'ladi.
Uchinchidan, har bir ekin, poliz mahsuloti va meva uchun konkret ilmiy asoslangan usullar hali to'liq ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, O'zbekistonga zahar olib kirib sotayotganlar bu bozorni osonlik bilan berib qo'ymaydi. Balki ularning ta'siri ham bo'lar. Kelajak bugundan boshlanadi. Bugungi niyatimiz qanday bo'lganini vaqt ko'rsatadi. Bu raqobatda yuta olamiz, gigantga ham aylanishimiz mumkin. Bizning hududimiz sharoiti (qator tabiiy omillar) kelajak bozorining asosiy o'yinchisiga aylantira oladi.
Faqat esda tutish lozim, kelajak dunyosida oziq-ovqat xavfsizligi yanada barqarorlikni talab etadi. Bu sohalarga har turdagi investitsiyalar oqimi ko'payadi. Demak, yutish uchun imkoniyatimiz bor.
Pestitsidlar muammosini hal qilish uchun hozir qat'iy va tizimli harakat zarur. Agar bugun jo'shmasak, ertaga nafaqat tuproqlarimiz, balki sog'lig'imiz, iqtisodiyotimiz ham zarar ko'radi.
Barqaror qishloq xo'jaligi – O'zbekiston uchun nafaqat ekologik yo'l, balki iqtisodiy taraqqiyotning ham kaliti hisoblanadi. Bu yo'lda bugungi qabul qilingan qarorlar ertangi sog'lom jamiyat poydevoriga aylanadi.
Saida IBODINOVA
tayyorladi.
«Oila va tabiat» gazetasining 2025 yil 1-maydagi 17-sonidan olindi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0