Jonimizga oro kiruvchi qurilma: konditsioner qanday ixtiro qilingandi?
O‘zbekistonda yozning jaziramasi boshlandi. Bugungi davrda ko‘pchilik issiq sababli uy va ofisiga konditsioner o‘rnatgan. Bu ommabop maishiy texnika bizni jazirama issiqdan qutqaradi. Allaqachon hatto olis qishloqlarda ham ko‘pchilik uning xizmatidan bahramand bo‘lmoqda. Iqlim o‘zgarishi, anomal issiq va boshqa sabablar talabni yanada kuchaytirib yubormoqda. Xo‘sh, konditsionerni kim ixtiro qilgan va qurilma qanday evrilishlarni boshdan kechirgan?
Dastlabki konditsionerlar juda katta va noqulay edi, keyinchalik ular ixchamlashdi va hozirgi ko‘rinishga keldi. Avvalo bunday qurilmalar ixtiro qilinmasdan oldinam xonani sunʼiy yo‘l bilan sovutishga urinishlar bo‘lgan. Amerikalik shifokor Jon Gorri bezgak bilan kasallangan bemorlar xonasini sovutish uchun muz ishlab chiqaradigan kompressorli qurilma yaratgandi. U konditsionerning ilk prototipi edi, lekin moliyaviy muammolar tufayli loyiha keng tarqalmadi. Dastlab turli xonalardagi haroratni o‘zgartirish orqali havoni sovutish g‘oyasi frantsuz fizigi Jan Shabannesga tegishli edi. U XIX asrning boshlarida “havoni sovutish va turar joylarda kerakli haroratni saqlab turish” usuli uchun patent oldi.
Deyarli bir asr o‘tgach, XX asrning boshlarida amerikalik dizayner Uillis Kerrier Jan Shabannesning g‘oyalarini qo‘lladi va havo oqimlari yordamida sovutish uchun yangi qurilma ixtiro qildi. Qiziq tomoni, Kerrier bu qurilmani odamlarga salqin va qulay iqlim ulashish uchun emas, balki matbaa korxonasida foydalanish uchun yaratgan edi. Bruklindagi bir bosmaxonada havoning haddan tashqari namligi tufayli qog‘ozlar shishib, ranglar sifatsiz chiqayotgan edi. Kerrier havodagi namlikni nazorat qiluvchi tizimni o‘ylab topdi. U havoni sovutilgan quvurlar orqali o‘tkazdi: havo sovidi va undagi ortiqcha namlik suv tomchilariga aylanib, pastga tushdi. Natijada xona ham salqinlashdi, ham namlik meʼyoriga keldi. Ushbu qurilma birinchi marta Boston bosmaxonasida ishlatilgan va ish xonalarida ortiqcha namlikni yo‘qotishga, bosma sifatini yaxshilashga sezilarli hissa qo‘shgan.
Bu foydali ixtiro bir necha o‘n yillar davomida, jumladan to‘qimachilik fabrikalari tomonidan statik elektr muammolarini hal qilish uchun ishlatilgan. Qurilmalar ustara, sovun, go‘sht mahsulotlari va harbiy texnika ishlab chiqarishda ham ishlatilgan. Qo‘shma Shtatlardan tashqaridagi birinchi konditsioner 1907 yilda Yaponiyaning Iokogama shahridagi ipak fabrikasida o‘rnatilgan. Keyin konditsionerlar ustara pichoqlari va tsellyuloza plyonkalari ishlab chiqaruvchilari, farmatsevtika kapsulalari, tamaki kompaniyalari, go‘sht qadoqlash kompaniyalari, sovun ishlab chiqaruvchilari va harbiy texnika ishlab chiqaruvchilari orasida ham tarqaldi.
Muvaffaqiyat to‘lqinidan ilhomlangan Kerrier va uning sheriklari 1915 yilda Carrier Engeenering and Co. kompaniyasiga asos solishdi. 1922 yilda u markazdan qochma sovutish mashinasini ham ixtiro qildi - bu ancha katta maydonlarni sovutish imkonini beruvchi yangi ixtiro edi. Inson qulayligi uchun birinchi konditsioner 1924 yilda Detroytdagi univermagda o‘rnatildi. Doim issiq bo‘lgan do‘konning birinchi qavatida savdo keskin oshdi va boshqa qavatlarga ham sovutish uskunalari o‘rnatildi.
Konditsionerlar, ayniqsa, kinoteatrlarda va boshqa jamoat joylarida mashhur edi. Masalan, 1925 yilda Kerrier Nyu-York shahridagi mashhur Rivoli teatrida konditsionerlarni o‘rnatish bo‘yicha buyurtma oldi. Yangi uskunalar ishga tushirilgan kuni teatr reklama qilingan “cool comfort”ni boshdan kechirishni istagan mijozlar bilan to‘lgan edi, garchi ko‘pchilik har ehtimolga qarshi qog‘oz ventilyatorlarni olib kelishgan bo‘lsa ham. 1930 yilga kelib, Amerika bo‘ylab uch yuzdan ortiq kinoteatrlarda konditsionerlar bor edi. Ular issiq davrda ham muxlislar bilan gavjumlasha boshladi. 1920-yillarda boshqa sanoat kompaniyalari kichikroq quvvatli sovutish moslamalari ustida ishlay boshladilar. Birinchi maishiy xona konditsionerlaridan biri 1929 yilda General Electric tomonidan chiqarilgan va ammiak bilan ishlagan. Xonada zaharlanishning oldini olish uchun saqlash manbai xonadan tashqariga ko‘chirildi. Bu moslama zamonaviy split tizimli konditsionerlarga o‘xshash edi. Ammo 1931 yilda zararsiz sovutgich freon ixtiro qilindi va konditsionerning uzoq vaqt davomida bozorda hukmronlik qilgan prototipi vujudga keldi.
1965 yilga kelib, sovutish moslamalari Amerika uylarining 10 foizida bor edi. 1995 yilga kelib ular 75 foizga etdi va AQShning janubida bu ko‘rsatkich yanada yuqori - 90 foizgacha miqdorni tashkil qildi. Uzoq vaqt davomida Amerika kompaniyalari shamollatish va konditsionerlash sohasidagi so‘nggi ishlanmalarda etakchilikni egallab kelishgan. Biroq, 1950-yillarning oxiri va 1960-yillarning boshlarida yapon kompaniyalari bozorni zabt eta boshladilar va asosiy tendentsiyalarni belgilab oldilar.
1958 yilda yapon kompaniyasi Daikin birinchi issiqlik nasosini ishlab chiqdi, bu konditsionerlarga nafaqat xonani sovutish, balki isitish imkonini berdi. 1961 yildan boshlab yapon kompaniyasi Toshiba ikkita blok - split tizimlar bilan konditsionerlarni ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Ularning ikkita muhim afzalligi bor edi: kompressor xonadan tashqarida joylashganligi sababli shovqin darajasining pasayishi. Ikkinchi afzallik esa, derazaga bog‘lanmasdan, jihozni kerakli joyga joylashtirish imkoniyati edi.
1969 yilda Daikin bir nechta ichki bloklarni bitta tashqi blok bilan bir vaqtning o‘zida ishlaydigan qurilmani ishlab chiqardi - bular ko‘p split tizimlar deb ataldi. Inverter konditsionerlari juda muhim ixtiroga aylandi. 1981 yilda Toshiba uzluksiz o‘zgaruvchan quvvatni boshqarishga qodir birinchi split-tizim tizimini taqdim etdi va 1998 yilga kelib inverterlar Yaponiya bozorining 95 foizini egalladi.
Nihoyat, 1982 yilda Daikin kompaniyasi tomonidan butun dunyo bo‘ylab eng mashhur konditsioner turi - VRV tizimlari taqdim etildi. Markaziy aqlli VRV tizimlari 100 metrgacha ajratilishi mumkin bo‘lgan tashqi va ichki bloklardan iborat. Yuqori texnologiyali VRV tizimlarini o‘rnatish osonroq va ish tugagandan so‘ng ham, agar kerak bo‘lsa, ofis faoliyatini to‘xtatmasdan ham o‘rnatilishi mumkin. Aksincha, anʼanaviy markaziy konditsioner tizimlari qurilish bosqichidan boshlab loyihalashtirilishi kerak edi.
Bir qator noyob afzalliklari tufayli VRV tizimlari anʼanaviy markaziy konditsioner tizimlariga jiddiy raqobatchi bo‘lib qoldi va baʼzi mamlakatlarda, masalan Yaponiyada ularni bozordan deyarli butunlay siqib chiqardi. Iqlimni boshqarish uskunalari rivojlanishda davom etmoqda, dizayn va funktsionallikda yangiliklar paydo bo‘lmoqda.
Taʼkidlash kerakki, yildan yilda O‘zbekiston va dunyoda konditsionerlarga talab keskin o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasining uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari maʼlumotlariga asosan, 2025 yilda O‘zbekistonda 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan konditsionerlarning o‘rtacha soni 67 donani tashkil etgan. Taʼkidlash kerakki, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 32 dona, 2020 yilda esa 40 donani tashkil qilgan. 2025 yilning etti oyida esa O‘zbekistonga 270 mingdan oshiq sovutish qurilmasi import qilingan. Uning mutlaq katta qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0