O'zJOKU 7 yoshda
Universitet – insonlar va bilimlar uchrashadigan joy
Universitet – bu insonlar va bilimlar uchrashadigan, fikrlar charxlanadigan, kelajakka poydevor qo'yiladigan maskan. Bugun esa ana shunday bilim va taraqqiyot maskanlaridan biri – O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'zining 7 yilligini nishonlamoqda.
2018 yil may oyida Prezident qarori bilan tashkil etilgan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti qisqa davr ichida respublikamizda, hatto butun Markaziy Osiyoda jurnalistika va axborot sohasi bo'yicha malakali mutaxassislarni tayyorlovchi yetakchi oliygohga aylandi. Ilk yillardan 100 nafar talaba bilan o'z faoliyatini boshlagan universitet, bugungi kunga kelib 4800 dan ortiq talabalarga tahsil berib kelmoqda.
Universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo'ja ushbu tarixiy sana munosabati bilan so'zga chiqib, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bu yetti yil – biz uchun izlanish, yangilik, o'sish va natijalar davri bo'ldi. Universitet bugun faqat ta'lim dargohi emas, balki axborot siyosatini shakllantirish, media madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilayotgan milliy platformaga aylandi.”
“Talabalar media konferentsiyasi” – yosh ovozlar maydoni
Universitetning 7 yilligiga bag'ishlangan asosiy tadbir sifatida o'tkazilgan “Talabalar media konferentsiyasi” talabalarning salohiyatini namoyon qilishga qaratilgan ijodiy minbar bo'ldi. Anjumanda professor-o'qituvchilar, OAV vakillari, soha mutaxassislari va, albatta, talabalar faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida media-savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurash, raqamli jurnalistika, axborot xavfsizligi, PR strategiyalari kabi dolzarb yo'nalishlarda taqdimotlar, reportajlar va video ishlar namoyish qilindi.
Tadbir davomida universitetning 13 nafar o'qituvchisiga professor, dotsent va PhD ilmiy darajalari guvohnomalari tantanali tarzda topshirildi. Bu esa ilm-fan, ta'lim va malaka oshirish borasidagi yana bir yuksak yutuq sifatida e'tirof etildi.
Talabalar startaplari va yangi g'oyalar
Konferentsiyaning eng qiziqarli qismlaridan biri talabalar tomonidan taqdim etilgan startap loyihalar bo'ldi. Ular hakamlar hay'ati tomonidan baholanib, eng yaxshi g'oyalar mualliflari rag'batlantirildi. Bu esa yoshlarning nafaqat jurnalist, balki innovator va media tadbirkor sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda O'zJOKU talabalari nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosdagi anjuman va forumlarda faol ishtirok etmoqda. AQSh, Germaniya, Polsha, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi mamlakatlarda universitet vakillari O'zbekiston nomidan faxr bilan qatnashib, tajriba almashmoqda. So'nggi ikki yil ichida 7 nafar talaba O'zbekiston Respublikasi Yoshlar Parlamentiga saylangani esa universitetda yetakchilik ruhining qanday shakllanayotganini ko'rsatadi.
Universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Media maktab, Jurnalistlar malakasini oshirish markazi, ilmiy-amaliy konferentsiyalar va ijodiy tanlovlar talabalarga amaliy bilimlar berishda muhim rol o'ynaydi. Bu dargoh nafaqat jurnalistlar, balki PRmenejerlar, media tahlilchilar, blogerlar va kontent yaratuvchilar uchun ham mukammal bilim manbaiga aylangan.
Talabalarga ta'lim berayotgan yetuk ustozlar — Muqimjon Qirg'izboev, Nargis Qosimova, Fayzulla Mo'minov, Nazira Toshpo'latova, Akbar Nurmatov, Nozima Muratova kabi tajribali mutaxassislar zamonaviy jurnalistikaning barcha yo'nalishlari bo'yicha xalqaro talablarga mos bilimlar berib kelmoqda.
O'zJOKU bosib o'tgan yo'l natija berayotganini bugungi tadbir yana bir bor tasdiqladi. Talabalarning ishtiroki, g'oyalari va tashabbuslari – bu jarayon davom etayotganining yorqin isbotidir. Kelajakda bu maskan nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi ilg'or media markazlaridan biriga aylanishiga ishonchimiz komil.
Mashhura JO'RAQULOVA
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0