Sharof Rashidov tavalludiga 108 yil — Toshkent metrosi va samolyotlar ortidagi shaxs
Jizzax shahrida Sharof Rashidov tavalludining 108 yilligi munosabati bilan atoqli davlat va jamoat arbobi xotirasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. viloyat hokimligi, ma'naviyat markazi vakillari hamda olimlar ishtirok etgan tadbirda so'zga chiqqanlar Sharof Rashidov shaxsiyatidagi o'ziga xos jihatlarga to'xtalib o'tdi:
– Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati to'g'risidagi yangi faktlar o'tmish qa'ridan qalqib chiqaveradi. Zero, u o'z davrining kam uchraydigan, favqulodda siyosiy, diplomatik iqtidorga ega arbobi edi, - deydi uning jiyani Odiljon Hamroqulov. - Sharof Rashidov o'sha tuzumda voyaga yetib, siyosiy arbob sifatida shakllandi. O'zbekistonning o'sha vaqtdagi birinchi rahbari sifatida xohlasa, xohlamasa, Moskvaga bo'ysunar, nima ish qilmasin, Kreml' rahbarlarining azmi qarori bilan amalga oshirardi. Ana shunday murakkab vaziyatda uning rahbarlik iste'dodi, dono siyosati tufayli sanoati deyarli rivojlanmagan, qishloq xo'jaligi ham juda qoloq bo'lgan O'zbekiston Markaziy Osiyodagi eng rivojlangan respublikaga aylandi. Sharof Rashidov Respublika Kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasining birinchi kotibi sifatida O'zbekistonni qariyb chorak asr boshqardi. U atigi 33 yoshida Respublika Oliy Kengashi Prezidiumi raisi bo'ldi. Sobiq Sovet Ittifoqida hech kim bunchalik erta yoshda hukumatda bu qadar yuqori lavozimni egallamagan edi.
Ma'lumot uchun, Rashidovning rahbarlik yillarida yirik sanoat korxonalari — Toshkent traktor zavodi, aviatsiya birlashmasi, metro va GRESlar faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Aynan uning tashabbusi bilan Muruntov oltin koni ochildi, Toshkent aviatsiya zavodi dunyoning eng katta aviatsiya birlashmalaridan biriga aylandi. «AN-12» va «IL-76» samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. Shuningdek, 1966 yilgi zilziladan so'ng poytaxtni qayta tiklashda uning diplomatik mahorati hal qiluvchi bo'lgan. Sharof Rashidov nafaqat siyosiy arbob, balki yozuvchi sifatida ham xalq qalbida iz qoldirgan. Uning «Bo'rondan kuchli», «Qizlar», «Mangu daraxt» asarlari o'zbek adabiyotida alohida o'rin tutadi.
Tadbir ishtirokchilari Rashidov muzeyiga tashrif buyurib, uning siyosiy va ijodiy merosini yodga olishdi.
Muqimboy ISMOILOv,
“Ishonch”




Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0