Seriallar qarshisidagi savollar: xalqqa nimalar taqdim qilinyapti?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir serialdagi lavhadan shokka tushdim. Boshimdan bir chelak suv quyib yuborgandek bo'ldi. Unda taniqli san'atkor qaynona rolida keliniga ich kiyim masalasida dashnom bermoqda. Yaxshiyam yon-verimda hech kim yo'q ekan. Bo'lmasa, bilmadim, holim ne kechardi?..
Lavhani ko'rib, uyatdan qizardim. Oila davrasida – qiz, kelinlar bir dasturxonda o'tirganda ko'zi tushganlar holini-ku, qo'yaverasiz endi. Ota-ona oldida ekranda yigit qizga sevgi izhor qilgan kadr namoyish etilganda farzandlar uyatdan joyidan turib ketgan xalqqa bunday bema'nilik taqdim qilinsa-ya? Uyat va or-nomusni ustun qo'yadigan millat uchun bu dahshatning o'zi, ahmoqlikdan boshqa narsa emas.
Umuman, bunaqa sayoz va rasvo fil'mlar ishlash kimning kallasiga kelarkin? Shularning ham ota-onasi, oilasi, yaqinlari bormikin?! Nahotki, ularga uyat degan tuyg'u begona bo'lsa?! Tag'in o'zini xuddi olamshumul bir ishni qoyillatib qo'ygandek tutishi ortiqcha.
Mana shu lavhaning tagiga yozilgan izohlar bilan tanishib chiqdim. Bironta ham ijobiy fikr yo'q. Yumshoqroq aytganda, aksariyati bo'ralatib so'kishdan ham toymagan. Yozishmalar orasidagi «Yoshlarning ongini buzayotgan, ma'naviyat va ma'rifat dushmanlarini uzoqdan izlash shart emas. Bularni ekranga chiqarishdan oldin ko'radigan ekspertlar bormi?» deyilgan izoh bizni seriallar borasida mulohaza yuritishga undadi.
Bugun telekanallarni milliy seriallarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Hatto bittasi tugamay, boshqasi boshlanib ketadi. Qisqasi, ularni uy bekalari-yu bolalar oilaviy tomosha qilishadi. Ular orasida serial qahramonlari hayoti bilan yashaydiganlar ham kam emas. Lekin masalaning ko'z yumib bo'lmaydigan bir ammosi bor.
Muammo shundaki, keng omma e'tiboriga taqdim etilayotgan bunday fil'mlar aslida bizga nima beryapti? Ularning «tarbiyaviy ahamiyati» va «ibrat bo'ladigan» tomonlari vaqtimizni sarflashga arziydimi?
Afsus, ushbu savollar bugun ochiq qolmoqda. Quyida ularga baholi qudrat javob izlaymiz.
Qusurlar – taqlid mevasimi?
Kattalarning har bir qadami kelajak nihollari hisoblangan yoshlarga o'rnak va tarbiya vazifasini o'taydi. Shu o'rinda ijtimoiy tarmoqlarda «Tarbiyani kim beradi – serialmi yoki ota-ona?» kabi so'rovlarga ko'zimiz tushadi. Yoshlar tarbiyasi borasida ko'plab ko'rsatuvlar efirga uzatiladi. Biroq 20-30 daqiqalik efir o'rnini aynan oynai jahon qarshisida jam bo'lgan vaqtda seriallar egallayotgani achinarli.
Hozir telekanallarda «Taqdirlar», «Yuragim seniki», «Men uchun yasha» kabi qator ko'p qismli kartinalar namoyish etilyapti. Taassufki, turli bo'lmag'ur haqoratlar, oilaviy janjallar, erga yoki xotinga xiyonat kabi sahnalar yangilikka o'ch uy bekalarini o'ziga bog'lab olyapti.
Birgina misol. «Men uchun yasha»dagi oilaviy zo'ravonlik, farzandning otadan o'ch olishi, yoshi katta hisobchi ayolning hali uylanmagan yigitga o'ynash bo'lishi, eng yomoni, chet elga ammasinikiga borgan ayolning o'z pochchasini yo'ldan urishi bilan bog'liq voqealar aks etgan sahnalarga qanday chidash mumkin? Aktyorlarning shevada gapirishi esa ona tilimizga bo'lgan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.
Ayniqsa, mazmunan sayoz, qasd olish, qiz-juvonlar shallaqiligi, o'z maqsadi yo'lida qo'rqitish uchun suitsid targ'ib qilinayotgani yoshlar hayotiga tahdid soladigan eng jirkanchli holatdir.
– Ayni kechki dasturlar ketma-ketlikda turk, koreys, hind va boshqa seriallar bilan bezalgan. Bolalar dars qiladigan paytda ota-onalar bilan birga ularni tomosha qilishadi. Isbotini maktabdagi tanaffus paytidagi muhokamalaridan bilish mumkin, – deydi o'qituvchi Mukambar Oripova. – Achinarlisi, ko'pchilik qizlarning xayoli seriallarda bo'lib qolgan. Bu nafaqat ularning tarbiyasi, balki ta'lim olishiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Сhunki fil'mlardagi turli bachkana qiliq va axloqsizliklar bolalarni tez ulg'aytirib, taqlidchilik xarakterini shakllantirmoqda.
Ba'zi seriallarni oila davrasida ko'rib bo'lmaydi. Ular kattalarning ham, yoshlarning ham ongini zaharlab, axloqiy buzuqlik, oilaga, erga xiyonat, o'zgadan farzand ko'rish, ota-onaga hurmatsizlikni targ'ib qilishdan boshqasiga yaramaydi. Odamlar televizor ko'rmay qo'yayotganining boisi oila bir dasturxon atrofiga jamlanganda qo'yilayotgan seriallar bo'lsa-chi? Yoki jamiyatda tobora urchib borayotgan ma'naviyatsizliklarga mana shu xontaxta fil'mlar sababchi emasmikin? Ularni tegishli mutaxassislar nazorat qilishi, kerak bo'lsa, ekranga chiqarmasligi lozim emasmi?
– kanallarning biri ibratli hayot yo'lini aks ettirsa, ikkinchisi bachkana kliplaru mentalitetimizga to'g'ri kelmaydigan seriallar namoyish etmoqda. Ular orqali milliy qadriyatlarimizga soya solayotgan yot illatlar kirib kelmoqda, urf bo'lmoqda. Oilaviy kelishmovchiliklar, kimo'zarga kiyinishlar, xo'jako'rsinga to'y qilish, qimmatbaho mebellar olish, qizning sepini xalqqa ko'z-ko'z qilish, mol-dunyoga mukkasidan ketish ham aynan turli millat seriallari va rol' ijro etayotgan aktyor-aktrisalarning milliyligimizga mos bo'lmagan chiqishlari, yengiltabiat ayollar hayotining aks ettirilishi oqibatidir, – deydi xotin-qizlar faoli Muyassar Patxullaeva. – Farzandiga kitob o'qib berish, dars qildirishga vaqti yo'qligi, tirikchilikdan ortmayotganidan noliydigan ota-onalar serial ko'rish uchun uni ko'chaga haydaydi yoki yoniga o'tirg'izib olishadi. Ona mehri va e'tiboriga mushtoq bolaning diqqati ekranga qaratiladi. Buning oqibatida maza-bemaza gaplarni tinglab, katta bo'lgan qiz yoki o'g'ilning qulog'iga turli so'kish va qarg'ishlar muhrlanib qoladi, uni amalda qo'llaydi.
Ha, bugungi kunda aholining, ayniqsa, yoshlarning ongida ma'naviy bo'shliq vujudga kelmasligi uchun sog'lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg'usini shakllantirish dolzarb masalalardan biridir. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari, xususan, televidenie muhim rol' o'ynaydi. Telekanallardagi ko'plab seriallar esa, afsuski, yurtdoshlarimizning milliy qadriyatlarimizga bo'lgan munosabatlarini sindirmoqda, tahqirlamoqda. Ba'zi xorijda yoki o'zimizda ishlangan kartinalar, bachkana kliplar va shoular ham shular jumlasidan.
Bolalar nega kitob o'qimaydi?
Har bir inson o'z farzandiga eng sara mahsulotlarni ilinadi. Ne yaxshilik bo'lsa, bolamga bo'lsin deydi. Shunday ekan, tomoshabinlarga seriallarning ham eng yaxshilarini taqdim etish lozim. Buning uchun yengil-elpi holatlarga o'ralashmasdan, o'zbekning menini, oriyatini ko'rsatadigan, tomoshabinda g'urur uyg'otadigan, imonini tarbiyalaydigan yoki bo'lmasa, qiyinchilik bilan ish boshlab, bugun qator yutuqlarga erishgan, faoliyatini kengaytirib, xalqimizni ish bilan ta'minlayotgan tadbirkorlar mavzulari tanlansa, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi.
Bozorda 16 yoshlar chamasidagi bir qiz tinmay onasiga nimanidir uqtirayotgani e'tiborimni tortdi. Onasi qiziga bir kiyimni ko'rsatar, unga bu yoqmay, nuqul «menga Nihonni olib berasiz», deb janjal qilardi. Nihon esa turk seriali – «Sevgi iztirobi»ning bosh qahramoni.
Inson o'z qahramonlari bilan faxrlanishni, g'ururlanishni istaydi. Dilbandlarimizni ham qayoqdagi serial qahramoni emas, o'zimizning Barchinoy, To'maris, Nodirabegimlar maftun etsin. Buning uchun ularni ekranga mahliyo qilmay, kitob o'qishga qiziqtiraylik. Avvalo, o'zimiz o'rnak bo'laylik!
Qadriyatlar nega targ'ib qilinmaydi?
Seriallar keng auditoriyaga tez yetib boradi, bu esa ijtimoiy masalalar bo'yicha xabardorlikni oshirish vositasi sifatida foydalanilishi mumkin. U hissiy ozuqa olish va kundalik hayotning stressidan xalos bo'lish uchun muhim omil bo'lib xizmat qiladi. Ular orqali milliy kinoindustriya rivojlanadi, yangi ijodkorlar, aktyorlar va stsenaristlar maydonga chiqadi.
Ammo bugungi televidenie va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilayotgan seriallar haqida bunday ijobiy fikrni aytish mushkul. Сhunki tarbiyaviy mazmuni zaif yoki madaniyatimizga zid seriallar oilaviy va ijtimoiy munosabatlarga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ularga ortiqcha bog'lanish odamlarning qimmatli vaqtini behuda sarflashiga, ma'naviy va ilmiy rivojlanishdan chalg'ishiga olib kelmoqda.
– Serial kecha yoki bugun paydo bo'lgan hodisa emas. Dastlab, oynai jahonda namoyish qilingan «Ko'ngil ko'chalari», «Shaytanat»ning keyingi qismini ko'rish uchun intizor bo'lgan katta avlod vakillari bilan ko'p muloqotda bo'lganman. Har bir obraz taqdiri, yurish-turishi, kiyinishi, atrofdagilariga qilayotgan munosabatigacha e'tibordan chetda qolmagan. Ba'zan o'zimning yoshlikdagi sho'xliklarim sabab buvimning «Asadbekning qizini qara, kattalarni yonida ko'zini yerga tikib turadi, o'rgan!», deganlaridan sal g'ashlanganman, hatto! Hozir o'ylab qarasam, inson eshitganiga emas, ko'rganiga ko'proq ergashar ekan, – deydi O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti tayanch doktoranti Xurshida Nishonova. – Seriallar madaniy, ma'naviy va ijtimoiy jihatdan turlicha ta'sir ko'rsatadi, bu ularning mazmuni, sifati va maqsadiga bog'liq. U, avvalo, o'zbek milliy qadriyatlari, urf-odatlari, tarixi va madaniyatini keng ommaga targ'ib qilishi lozim. Bu yosh avlodda o'zligini anglash va milliy iftixorni shakllantirishga yordam beradi. Odamlarni mehr-oqibat, mardlikka, halollik va sabrga chaqiradi. Ular orqali ijtimoiy muammolar ko'tarilib, ularni hal qilish yo'llari ko'rsatilishi mumkin.
Maqsad tijoratmi?
Serialning ahamiyati qanday maqsadlarda yaratilgani va qanday mazmunni targ'ib qilayotgani bilan o'lchanadi. Agar jamiyatni ma'naviy jihatdan boyitadigan, milliy qadriyatlarni rivojlantiradigan bo'lsa, u millat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Aks holda, zarardan boshqa hech narsa keltirmaydi.
Bu masalada asosiy mas'uliyat ijodkorlar va ularni nazorat qiluvchi tuzilmalar zimmasiga tushadi. Tomoshabin sifatida esa kontent tanlashda ehtiyot bo'lish muhim. O'zbek seriallarining oila va bola tarbiyasiga salbiy ta'siri bir qancha omillarga bog'liq. Quyida ushbu ta'sirlarni kengroq yoritamiz.
Noo'rin qadriyatlarni targ'ib qilish: ba'zilarida o'zbek an'analariga zid bo'lgan xatti-harakatlar, shaxsiy manfaatni birinchi o'ringa qo'yish yoki oilaviy muammolarni manipulyatsiya orqali hal qilish kabi mavzular ko'tariladi. Bu yosh tomoshabinlarda noto'g'ri tasavvur uyg'otishi mumkin.
Ziddiyatli rollar va qahramonlar: ko'pincha ijobiy va salbiy rollar chegarasi noaniq bo'ladi. Salbiy qahramonlar ba'zan o'z maqsadlariga erishayotganini ko'rsatish bolalarga noto'g'ri o'rnak bo'lishi mumkin.
Tarbiyaviy mazmunning sustligi: qahramonlarning ijtimoiy mas'uliyatsizligi, oilaviy qadriyatlarni e'tiborsiz qoldirishi yoki yengil hayot tarzini targ'ib qilishi tarbiyaga salbiy ta'sir o'tkazadi.
Janjalli mavzularni ko'paytirish: ko'pchiligida oiladagi janjallar va tortishuvlar haddan tashqari oshirib ko'rsatiladi. Bunday tasvirlar yosh bolalarda oilaviy hayot haqida salbiy fikr shakllanishiga olib keladi.
Haqiqiy hayotdan uzoqlik: qahramonlar yashayotgan hayot real voqeliklardan uzoq bo'ladi. Yosh avlod bunday obrazlarni kuzatib, noto'g'ri xulosalar chiqarishi yoki ularga o'xshashga urinib, real hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin.
Teleekranga bog'lanish: seriallarga haddan tashqari bog'lanib qolish oila a'zolari o'rtasida muloqotning pasayishiga, bola vaqtdan unumli foydalanmasligiga olib keladi. Bu esa tarbiya jarayoniga bevosita zarar yetkazadi.
Milliy seriallarda maishiy muammolar keng yoritiladi, chunki bu mavzular tomoshabinlar uchun yaqin va dolzarb hisoblanadi. Biroq bunday yondashuv doim ham to'g'ri emas. O'ylab chiqilmagan stsenariylar, sayoz sahna ko'rinishlari va tijorat maqsadida yaratilganlari o'zbek an'analarining chuqur mazmunidan chetlanib, muammolarni yuzaki yorityapti, eng yomoni, madaniyatni qashshoqlashtirmoqda.
Noto'g'ri qarashlar shakllanmayaptimi?
Seriallarda ko'pincha oiladagi turli qiyinchiliklar – moliyaviy muammolar, qarindoshlar o'rtasidagi nizolar, ota-ona va farzandlar o'rtasidagi ziddiyatlar tasvirlanadi. Kundalik hayotda kam uchraydigan va o'ta bo'rttirilgan voqealarni ko'rgan tomoshabin esa buni beixtiyor o'z hayoti bilan taqqoslay boshlaydi. Tabiiyki, muammolarning sun'iy keskinlashtirilgani ularda hayotga nisbatan noto'g'ri qarashlarni shakllantiradi. Kelin-kuyov yoki qaynona bilan bog'liq muammolarning bir tomonlama, salbiy kontekstda ko'rsatilishi oilaviy nizolar yechimidan ko'ra, ularni kuchaytirishga xizmat qilayotgandek taassurot uyg'otadi…
Salim Abdurahmonov, jurnalist
Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0