“Allo”ning tarixini bilasizmi?
Telefondan chaqiruv kelsa, ko'pchilik uni quloqqa tutib, “Allo” deyishga odatlangan. Bu so'zni siz deyarli har kuni qo'llaysiz. Xo'sh, butun dunyoda deyarli bir xil qo'llanadigan bu so'zning muallifi kim ekanini bilasizmi?
Bu mashhur iborani o'ylab topgan shaxs – Tomas Alva Edisondir. U 1847-yilning 11-fevralida Amerikaning Maylen shahrida, Gollandiyadan kelgan muhojirlar oilasida tug'ilgan. Bolaligidagi dard tufayli uning chap qulog'i eshitmay qolgan. Bo'lajak ixtirochidan avvalgi ikki farzandini yo'qotgan ota-ona uni juda ehtiyotlab katta qilishgan.
Tomas 9-12 yoshlaridayoq ko'p mashhur yozuvchilarning asarlarini o'qib chiqqan. Ayniqsa, olimlarning risolalarini ko'p mutolaa qiladigan Edison, tajriba qilishni juda istardi. Bu kimyoviy tajribalar ko'p sarmoya talab qilgani uchun, u temir yo'l stantsiyasiga gazeta sotuvchisi bo'lib ishga kiradi. Stantsiya rahbari qiziquvchan yigitchaga, hatto poezdning bir vagonidan laboratoriya sifatida foydalanish uchun ruxsat beradi. Biroq, bu uzoqqa bormaydi: muvaffaqiyatsiz tajriba tufayli vagonda yong'in sodir bo'ladi va Tomasga tajriba qilish taqiqlanadi.
Kunlarning birida unga omad kulib boqadi. U temir yo'l stantsiyasi boshlig'ining o'g'lini o'limdan saqlab qoladi va bundan hursand bo'lgan rahbar uni stantsiyaga telegraf operatori qilib ishga joylaydi.
Manbalarda qayd etilishicha, Tomas elektron buyumlarni ta'mirlaydigan bir nechta ustaxonalar ochgan va kompaniyalar ham tashkil qilgan. U topgan daromadining katta qismini kitoblar sotib olish va o'z tajribalari uchun sarflagan, ba'zan kuniga 19 soatlab ishlagan.
Tomas Edison elektr lampochkalarining ishlash muddatini uzaytirgan va ishlab chiqarishni soddalashtirishga erishgan. Shundan so'ng u butun Nyu-York endilikda chidamli lampochkalar bilan yoritilishini va unga sarflanadigan elektr ham tejalishini e'lon qiladi. Bu ixtiro uchun u 40 ming sahifali daftarni to'ldiradi.
1877-yil 15-avgustda Tomas Pitsburg telegraf kompaniyasi prezidentiga xat yozadi. Unda ixtirochi muloqot qilishda eng yaxshi so'z bu «hello», ya'ni inglizcha «salom» so'zining o'zgartirilgan varianti – «hullo»ni qo'llashni taklif qiladi.
Tomas Edison 1860-yildan 1908-yilgacha 20 ga yaqin ixtirolar qiladi. Xususan, aerofon, saylovlar uchun elektr hisoblagich, uglerodli telefon membranasi, fonograf, kinetoskop, elektr stul, to'rt tomonlama telegraf, temir-nikel batareyasi kabilar shular jumlasidan.
Darvoqe, buyuk ixtirochining «Daholik – bu bir foiz ilhom va to'qson to'qqiz foiz mehnatdir» deya qayd etgan fikri hozirgacha iqtibos sifatida foydalaniladi.
Xolida Egamberdieva,
“Ishonch.uz”
Maqolaga baho bering
2/50
1
0
0
1