Qashshoqlik, ochlik va ishsizlik: “Buyuk tushkunlik” AQShni qanday ahvolga solgandi?
Dard ustiga chipqon deganlaridek, inqiroz kuchaygan 1930 yillarda AQShda qurg'oqchilik yuz berdi. Aslida bu payt qishloq xo'jaligi mahsulotlarining narxi keskin ko'tarilishi kerak edi. Biroq, bu sodir bo'lmadi.
XX asrning eng e'tiborga molik voqealaridan biri “Buyuk tushkunlik” (yoki “Buyuk depressiya”) sanaladi. Mazkur hodisa asrning eng yirik iqtisodiy inqirozi sifatida ko'riladi. Jarayon asosan shiddat bilan taraqqiy etayotgan G'arbiy Yevropa davlatlari va AQShda kechdi. U davlatlar taraqqiyoti bir necha yil ortga surib tashlandi, kapitalistik jamiyatlarda sotsializm ildiz otishiga sabab bo'ldi. Eng yomon oqibatlardan biri Germaniyada iqtisodiy tanglik va og'ir vaziyatda populistik bayonotlar bilan omma e'tiboriga tushgan Gitler boshliq natsional-sotsialistlar kuchayib, hokimiyatni qo'lga oldi. Hanuzgacha dunyoning eng rivojlangan davlati bo'lib qolayotgan Qo'shma Shtatlarda esa noxush jarayonlarni keltirib chiqardi, uning taraqqiyotini keskin sekinlashtirdi.
“Buyuk tushkunlik” 1929 yil oktyabr' oyida, N'yu-York fond birjasidagi aktsiyalarning shiddatli qulashi fonidagi vahima sabab boshlandi. U amalda Ikkinchi jahon urushi boshlangan 1939 yilgacha davom etgan. Lekin eng og'ir vaqt 1929-1932 yillarga to'g'ri kelgan.
Birinchi ta'sir birjadagi yirik bankrotlikni keltirib chiqardi. 24 oktyabr' kuni investorlar aktsiyalar va obligatsiyalarni ommaviy ravishda sotishga shoshilishdi – bir kunda ular rekord darajadagi 12,9 million qimmatli qog'ozni sotib yuborishdi, bu esa aktsiya narxi sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Bu kun tarixga “Qora payshanba” nomi bilan kirdi. Ikki kun ichida Dow Jones sanoat indeksi (Amerikaning eng yirik kompaniyalari qiymatini aks ettiradi va asosiy iqtisodiy ko'rsatkichlardan biri bo'lib qolmoqda) 20 foizdan ko'proqqa tushib ketdi va keyingi haftada bozor o'z qiymatining taxminan 40 foizini yo'qotdi. Fond bozori misli ko'rilmagan tarzda qulashi inqiroz boshlanishini belgilab berdi.
Seshanba, 29 oktyabr' kuni inqiroz boshlangani nihoyat hammaga ayon bo'ldi. AQSh moliyaviy markazi Uoll-strit bu omilga halokatli javob berdi. Dow Jones indeksi yana 212 punktga tushib ketdi. Investorlar taxminan 30 milliard dollar yo'qotdilar. Masalan, Chrysler aktsiyalari 27 marta qadrsizlangan. Aytishimiz mumkinki, bu kompaniya hatto omadli bo'ldi, chunki masalan, General Motors aktsiyalari 80 baravarga arzonlashdi.
Qo'shma Shtatlarning butun moliyaviy farovonligi bir necha kun ichida pastga sho'ng'idi. Moliyaviy falokat tezda AQShdan tashqariga tarqaldi va global miqyosda bo'ldi, u nafaqat turli qit'alardagi davlatlarga ta'sir qildi, balki muhim tarmoqlar: sanoat, qishloq xo'jaligi va moliya sektorini ham halokat yoqasiga keltirdi. Va dunyo bo'ylab ishsizlik, ochlik va qashshoqlik avj ola boshladi.
Birinchi jahon urushi Yevropadan AQShga ommaviy immigratsiyaga sabab bo'ldi. Yevropadan kelgan muhojirlar hisobiga AQShda aholi deyarli ikki baravar ko'paygan. Muhojirlarning aksariyati italiyaliklar va yahudiylar edi, bundan tashqari, kamroq darajada yunonlar, polyaklar, vengerlar, slovaklar va boshqa Yevropa mamlakatlari aholisi kirib keldi. Tabiiyki, millionlab kishilar uchun shart-sharoit yaratish zarur edi. Bu AQSh iqtisodida muammolarni keltirib chiqardi.
Birinchi jahon urushi davrida amerikalik fermerlar o'z mahsulotlarini ishlab chiqarishni faol ravishda oshirdilar – urushayotgan Yevropa oziq-ovqatga muhtoj edi. Ammo 1918 yilda urush tugadi, ko'p miqdordagi mahsulotlarga bo'lgan ehtiyoj yo'qoldi. Lekin dalalarda yuqori hosildorlik saqlanib qoldi. Natijada 1920 yillarga kelib, bug'doy, makkajo'xori, paxta va jun ortiqcha yetishtirildi. Mahsulotlar narxi tushib ketdi. Dehqonlar juda ko'p miqdorda keraksiz bug'doy va qarzlar bilan qolib ketishdi (sababi dalalarni kengaytirish va mexanizatsiyalash uchun kreditlar olinardi). Amerikaning boshqa mintaqalaridan allaqachon orqada qolgan janub eng ko'p zarar ko'rdi, shu bilan birga, texnik inqilob tufayli sanoat sektori faol rivojlandi. 20-yillarda amerikaliklar hashamat hisoblanmay qolgan mashinalarni ko'proq sotib olishni boshladilar. Shahar aholisi ancha yuqori xarid qobiliyatini saqlab qoldi, ammo farovonlikning o'sish sur'ati ishlab chiqarishning o'sish sur'atlariga mos kelmadi.
Inqirozning asosiy sababi bozorning tartibsiz rivojlanishi va tovarlarning ko'pligi edi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ortiqcha ishlab chiqarish, barcha guruhlar sanoat tovarlarini ishlab chiqarishi, aholining esa ishlab chiqaruvchi tomonidan taklif qilingan hamma narsani sotib ololmasligi – bularning barchasi bozorning qulashiga olib keldi. 1920 yilda birja savdosi maksimal hajmda amalga oshirildi, ammo moliya bozori sanoat yoki qishloq xo'jaligi kabi nazoratsiz rivojlandi. Natijada, “moliyaviy pufakchalar” faol ravishda paydo bo'ldi, katta miqdordagi chayqovchilik va firibgarlik amalga oshirildi hamda ko'p miqdorda aktsiyalar chiqarildi. Ularning qiymati tez sur'atlar bilan o'sib bordi, ishbilarmonlik faolligi doimiy ravishda pasaydi. Qimmatli qog'ozlar bozorlari va reallik o'rtasidagi tafovut tobora ortib bordi. Bundan tashqari, Britaniya urushdan oldingi oltin standartiga qaytgani bois dollar kursi pasaya boshladi.
Banklar yopilib ketishi ortidan kredit yordamisiz qolgan zavodlar ishlab chiqarishni to'xtatdi va ishchilarni ishdan bo'shatdi. Har kuni minglab amerikaliklar bor-budini yo'qotib, ko'chada qola boshladi. Ularning uy-joy uchun to'laydigan hech narsasi yo'q edi. Odamlar ko'chalarda yashay boshladilar, karton qutilardan uylar yasadilar. Xayriya tashkilotlari muhtojlarga yordam berishga harakat qilishdi. Ayrim oshxonalarda tekin yemak olish imkoni bor edi, lekin bu qiyin ish edi. Shaxs qornini to'ydirishi uchun mulki, daromadi yoki yordam berishi mumkin bo'lgan qarindoshlari yo'qligini isbotlashi kerak edi.
Tibbiyotda ham muammolar boshlandi. Ko'pgina shifoxonalar to'lovga layoqatsiz bemorlarni qabul qilishdan bosh tortdi. O'sha yillarda Сhikagoda o'qituvchilarning qariyb yarmi uysiz qoldi.
Dard ustiga chipqon deganlaridek, inqiroz kuchaygan 1930 yillarda AQShda qurg'oqchilik yuz berdi. Aslida bu payt qishloq xo'jaligi mahsulotlarining narxi keskin ko'tarilishi kerak edi. Biroq, bu sodir bo'lmadi. Hatto arzimagan mablag'ga ham mahsulotlar sotilmay qoldi. Fermerlar va dala ishchilari uylarini tark etishga majbur bo'ldilar. Ular hamma narsani tashlab ketishdi: uy, yer, ekin, chorvalarni ham.
Dehqonlar ish topish umidida shaharlarga oqib keta boshladilar. Bir necha yillik inqiroz davrida yarim milliondan ortiq fermer xo'jaliklari xonavayron bo'ldi. Biroq, ularni shaharlarda ham yaxshi qabul qilishmadi – bu vaqtga kelib, 12 millionga yaqin odam ishsiz bo'lib qolgan edi. 1933 yilga kelib, ishsizlik 25 foizni tashkil etdi – har to'rt kishidan biri ishsiz edi. Ishlayotgan ishchilarning ahvoliga ham havas qilib bo'lmasdi, ularning 25 foizi ish haqi qisqartirildi yoki belgilangan vaqtning yarmini ishlardilar xolos. YaIM (yalpi milliy mahsulot) 50 foizga qadar kamaydi. Bu holat Ikkinchi jahon urushi avj olgan 1941 yilgacha davom etdi.
Mutaxassislarning fikriga ko'ra, o'sha davrda bolalarning taxminan 50 foizi yetarli darajada ovqatlanmagan, tibbiy yordam olmagan yoki boshpanadan mahrum bo'lgan. Ko'p bolalarda raxit kasalligi kuchaydi. O'z joniga qasd qilishlar orta boshladi. O'sha yillardagi vaziyat taniqli yozuvchi Jon Steynbekning “G'azab shingillari” asarida juda mohirona tasvirlangan.
Muammolar fonida AQShning 31-prezidenti Gerbert Guver qator islohotlar rejasini ishlab chiqdi. Ammo uning davrida vaziyat o'nglanmadi, balki yomonlashib bordi. Natijada 1932 yilda respublikachilar saylovda yutqazdilar, hokimiyat tepasiga Franklin Delano Ruzvelt keldi. Ruzvelt “Yangi yo'nalish” deb atalgan dastur ishlab chiqdi. U Amerika iqtisodiyotining barcha sohalarida islohotlarni nazarda tutdi, lekin eng muhimi, davlatning aralashmasligi tamoyilini yo'qqa chiqardi.
Ruzvelt prezidentligining dastlabki 100 kunida moliyaviy yordamni taqsimlash, jamoat ishlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, vaqtinchalik ish o'rinlarini yaratish va biznes jarayonlarini tartibga solish bilan shug'ullanadigan ko'plab davlat xizmatlari va bo'limlari tashkil etildi, sug'urta paydo bo'ldi, Federal rezervning vakolatlari kengaytirildi va qimmatli qog'ozlar bo'yicha komissiya tashkil etildi.
Qishloq xo'jaligini ham tartibga solish bo'yicha islohotlar amalga oshirildi. Ammo asosiysi, Qo'shma Shtatlar oltin standartidan voz kechdi va mamlakatda 1935 yilda kasaba uyushmalari qonuniylashtirildi. Bu, shuningdek, Milliy mehnat munosabatlari kengashining yaratilishi, ish beruvchilar va xodimlar o'rtasidagi nizolar darajasini kamaytirishga yordam berdi.
Inqiroz sabab AQShda quyidagi oqibatlar yuzaga keldi: sanoat ishlab chiqarish hajmi 30 yil orqaga qaytdi, dehqonlar, kichik savdogarlar, o'rta sinf qashshoqlik chegarasidan pastroq, kambag'allar esa to'liq qashshoqlikka tushdi. Demografik inqiroz yuz berdi, tug'ilish kamaydi. AQShdagi voqealar Yevropada ham katta qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, bu millatchilik harakatlarini kuchaytirdi. Birinchi jahon urushidan keyingi revansh kayfiyati va iqtisodiy tanglik Gitlerni hokimiyatga olib keldi.
Tahlilchilar orasida bir gap yuradi: “Birinchi jahon urushi buyuk depressiyani keltirib chiqargandi. Buyuk depressiya esa Ikkinchi jahon urushini keltirib chiqardi”.
Abror ZOHIDOV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0