Xalqaro sharh: amerikacha ajrashish
Amerika yetakchisi 4 mart kuni Vakillar palatasi va Senat a'zolari qarshisida naq 1 soatu 40 daqiqa «zerikarli», «mazmunsiz», «aniqlikdan xoli» deya baholangan nutq so'zladi. Unga qadar faqat Bill Klintongina o'zining 88 daqiqalik ma'ruzasi bilan rekordchi bo'lib turgan edi...
Saylovoldi kampaniyasidagi asosiy qarashlarini yana bir bor takrorlagan Tramp ma'ruzasining asosiy qismini prezidentlik faoliyatidagi dastlabki oyda erishgan muvaffaqiyatlariga bag'ishladi. U tariflar va migratsiya siyosati haqida gapirib, ora-sirada Meksika ko'rfazini Amerika ko'rfazi, deya qayta nomlash, davlat xizmatchilari uchun masofaviy ishlashni taqiqlash va faqat ikki genderni qonunan mustahkamlash kabi masalalarni ham yodga oldi.
Tashqi siyosat haqida so'zlar ekan, Panama kanali ustidan nazoratni qayta tiklash va Grenlandiya xususida ham o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Agar bug' tortgan ko'zoynaklarni toza artib, ijtimoiy tarmoqlarda bolalayotgan yuzaki fikrlardan biroz uzoqroqqa nazar solish imkoni bo'lsa, AQSh prezidenti Ukrainadagi mojaro istiqbollari bilan bir qatorda, Yevropada ushbu mojaroni qanday qilib bo'lsa ham davom ettirish payida bo'lganlar ustidan ham qalin chiziq tortganini ko'rish mumkin.
Tramp AQShning global ta'siri kuchayib borayotganini ta'kidlar ekan, yaqin orada Yevropa Ittifoqiga bojxona to'lovlari joriy etilishi hamda Ukrainadagi tinchlik istiqbollari haqida ma'lum qildi. Muhimi shundaki, Tramp uchun bu mavzular chambaras bog'liq: Amerika demokratlari va ularning «chuqur davlati», shuningdek, Yevropa yetakchilari va Yevrotuzilmalardagi byurokratiya, doimiy urushni targ'ib qilayotgan manfaatdor kuchlar Tramp uchun nafratli liberal jahon tartibini ifodalaydi va uni har qanday yo'l bilan yo'q qilish lozim.
Darhaqiqat, Donal'd Tramp bir necha o'n yillardan beri takror va takror bir gapni urg'ulab keladi. Ya'ni, «Amerika Ikkinchi jahon urushidan so'ng o'z hisobidan barcha uchun qulay tartibni yaratdi va uni hali-hanuz qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Barcha xavf-xatarlar va xarajatlar AQSh zimmasida. Boshqalar (asosan, eng yaqin ittifoqchilar) esa shu tartib soyasida farovon hayot kechirmoqda va AQSh ustidan kulmoqda, chunki hozir dunyoda hech kim uni jiddiy qabul qilmayapti. Yer yuzida faqat AQSh, Rossiya va Xitoydek haqiqiy kuchlargina global masalalarni hal qilishi mumkin. Amerika qo'shinlari himoyasi ostida «muvaffaqiyatga erishdim» deyayotganlar, ammo unga aql o'rgatishga va hatto qarshi chiqishga jur'at qilayotganlar – aslida hech kim va hech narsa emas. Ularning haqiqiy va mantiqiy vazifasi – chakagini o'chirib, xo'jayinga ta'zim qilish hamda boj, ko'z yosh solig'ini to'lab yurish, xolos».
Ma'ruzadan faqat bir narsani anglash mumkin: avvalgi tartib endi umuman ishlamaydi. Bu Trampning navbatdagi siyosiy bayonoti emas. U AQSh sakson yil davomida qurgan tizimni buzyapti va ta'kidlayaptiki, Amerikaning hech kimdan hech qanday qarzi yo'q. Yevropa, Ukraina, NATO – Amerika soliq to'lovchilari mablag'iga tayangan har qanday tuzilma endi o'zini o'zi ta'minlashi kerak. Va bu ajralish og'riqli kechishi aniq.
Moliyaviy yordamga xayr
Dunyodagi barqarorlik uzoq yillar norasmiy shartnoma asosida ta'minlab kelinayotgan edi. Amerika moliyaviy yordam ko'rsatadi – ittifoqchilar ushbu tizimga rioya qiladi. Shu tariqa AQSh uzoq yillar Yevropa xavfsizligiga sarmoya kiritdi, Ukrainani harbiy jihatdan qo'llab-quvvatladi, NATO xarajatlarini qopladi. Ittifoqchilar esa tinch va xavfsiz hayot kechirdi, jiddiy tavakkalchilikka qo'l urmadi.
Biroq Tramp bu tizimni hech qachon yoqtirmagani ham bor gap. U 1987 yildayoq bu haqda «Nega biz o'zga davlatlar kemalarini himoya qilishimiz kerak, ular esa qiyin vaziyatda bizga yordam berishmaydi?» degan edi.
Bugun esa u nafaqat savol, hatto uning javobini ham beryapti:
- Kievga moliyaviy yordam minimal darajaga tushiriladi;
- Evropa endi Vashington saxovatidan umid qilmasligi kerak;
- Amerika – xalqaro muammolarni hal qiluvchi emas, balki o'z manfaatlarini himoya qiluvchi davlat.
Kiev vaziyatni o'nglay oladimi?
Vladimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi Ukraina uchun siyosiy g'alabaga aylanishi kerak edi. Biroq u murakkab voqelik oldida ojiz qoldi. Moliyaviy yordam rad etildi, qo'shimcha qurol-yarog' ajratish talabiga «omborlarimiz bo'sh» javobi berildi, Ukrainaga AQShning tekinga yordam beradigan davrlari ortda qolgani uqtirildi.
Vaholanki, yaqin-yaqingacha Zelenskiy «erkin dunyo»ning bosh qahramoni edi. Ammo Amerika o'yin qoidalarini o'zgartirgach, uning maqomi keskin o'zgardi. Ukraina strategik aktivdan asabga tegayotgan qarzga aylandi – undan qutulishni istayotganlar ko'paymoqda.
Endi Kiev umid bilan Yevropaga ko'z tikyapti, ammo Bryussel' Vashington o'rnini bosa oladimi? Yoki Ukraina boshi berk ko'chaga kirib bo'ldimi?
Navbat Yevropagami?
Agar AQSh Kievni qo'llab-quvvatlashni bas qilsa, Yevropa ham yangi voqelikka moslashishga majbur bo'ladi. Biroq Yevropa Ittifoqi Amerika harbiy soyaboni ostida yaxshi yashayotgan hamda boshqalarga demokratiya va inson huquqlaridan saboq beruvchi ma'naviy hakam roliga ancha o'rganib qolgan edi. Endi ushbu soyabonni yig'ishtiradigan payt kelgandek. Yevropa yetakchilari Amerika pullari va qurol-¬yarog'larisiz Ukrainaga yordam berish loyihasi qulayotganiga guvoh bo'lyaptilar.
Tramp Ukrainada tinchlik o'rnatish masalasini ilgari surib, Yevropa elitalarini tuzoqqa tushirdi: agar ular urushni davom ettirish talabi bilan chiqsa, AQSh ko'z o'ngida o'z geosiyosiy da'volarini Amerika puli bilan qondirishni istayotgan ochko'z, nonko'r va foydasiz vassallarga aylanadilar, agar tinchlikka rozi bo'lishsa, strategik xatolarini va Kreml' oldidagi mag'lubiyatini tan olishlariga to'g'ri keladi.
Har qanday holatda ham Tramp yutadi. U Yevropaga nisbatan ham xuddi Zelenskiy bilan o'yinda foydalangan kartasini ishga soladi: «Urushni davom ettirmoqchimisiz? Marhamat, o'zingiz to'lang».
Tramp tashqi savdo munosabatlarida Yevropadan 25 foizlik boj to'lashni talab qilmoqda. AQSh ittifoqchilikni «pul to'la yoki himoyasiz qol» tamoyiliga almashtirmoqda. Bryusselda Yevropa kelajagi borasida aniqlik yo'q. Ayrim siyosatchilar esa allaqachon ortga chekina boshlashdi.
Xullas, Amerika yetakchiligi ostida qurilgan jahon tartibi barqarorlik kafolati bo'lolmasligi tobora ayon bo'lib boryapti. Nazarimda, variantlar juda kam – uchta ehtimoliy stsenariydan biri amalga oshishi mumkin:
Rossiya bilan kelishuv
Amerika o'yindan chiqadi, Kiev esa real voqelik qarshisida yakka-yolg'iz qoladi. Rossiya o'z shartlarini ilgari suradi va so'nggi yillarda erishgan natijalarini mustahkamlaydi.
Evropa uyg'onadi
Eski tartib qulaganini anglab yetgan Yevropa Ittifoqi qurollanishga zo'r beradi. Germaniya, Frantsiya va Britaniya yangi harbiy ittifoq tuzib, mustaqil siyosat yuritish yo'lini tanlaydi.
Murosa
Evropa ko'proq to'lashga rozi bo'ladi, vaziyatni AQSh nazorat qiladi, Ukraina davlat sifatida yashashda davom etadi, ammo asta-sekin G'arb e'tiboridan chetda qoladi.
Demak, sahna tayyor. AQSh endi dunyo «nazoratchisi» emas. Ukraina faqat o'z kuchiga tayanishni o'rganishi kerak. Yevropa esa Amerika soyabonisiz qanday yashay olishini sinab ko'radi. Vashington uchun bu – geosiyosiy, iqtisodiy o'yindagi yangi strategiya bo'lsa, Kiev uchun bir vaqtlar berilgan qop-qop va'dalarning havoda g'oyib bo'lishiga teng.
Trampning qarashlari aniq: «Har kim o'z pulini o'zi to'lasin». Bu so'zlar nafaqat NATO va Yevropaga, balki ¬Ukrainaga ham ishora: «Urushni davom ettirmoqchimisiz? Demak, mablag' toping».
Biroq bu ajrashish Amerikacha o'tmoqda – ortga yo'l yo'q. Kiev AQShning «erkatoyi» maqomidan tushdi, Bryussel' esa o'z o'rnini anglashiga to'g'ri kelyapti. Rossiya bilan kelishuv, Yevropaning harbiy mustaqilligi yoki mavjud tizimni saqlab qolish – qaysi yo'l tanlanishini esa vaqt ko'rsatadi.
Bir narsa aniq: tarix sahifasi almashmoqda va yangi davr qoidalari hali-hamon yozilmoqda. Qalam esa Trampning qo'lida. Ammo u qalamning siyohini Yevropaga ham, Kievga ham to'latmoqchi. Savol shundaki, kim va qanchaga rozi bo'ladi?
Jahongir NAHANOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0