Kasallik varaqasidagi xodimni ishdan bo‘shatish qonuniymi?
Savol: Xodim kasallik varaqasi («bolnichnыy») olgan paytda ishdan bo‘shatilishi mumkinmi?
Savolga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashi mutaxassisi Rustam Nasimov javob beradi:
— Yo‘q, mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lgan davrda ish beruvchining tashabbusi bilan uni ishdan bo‘shatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar siz kasallik sababli shifoxonada davolanayotgan bo‘lsangiz, rahbariyatning «ishga chiqmaganingiz uchun sizni bo‘shatamiz» deyishi mutlaqo qonunbuzarlik hisoblanadi. Bu qoidadan faqat tashkilot butunlay tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini yakunlagan istisnoviy holatlardagina chetga chiqilishi mumkin.
Mehnat qonunchiligi xodimni nafaqat kasallik davrida, balki taʼtilda bo‘lganida, davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganida hamda xizmat safariga yuborilganida ham ish beruvchi tashabbusi bilan bo‘shatishdan himoya qiladi. Shuningdek, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor xodimlar uchun ham Mehnat kodeksida alohida qatʼiy kafolatlar belgilangan.
Ayrim ish beruvchilarning «kasallik varaqasida yurganingizda maosh to‘lanmaydi» deyishi huquqiy savodsizlikdir. Agar «bolnichnыy» rasmiy rasmiylashtirilgan bo‘lsa, qonunchilikka muvofiq ushbu davr uchun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanishi shart. Unutmang, xodim kasal bo‘lib qolgani uchun jazolanmaydi — qonun inson sog‘lig‘ini ham, uning mehnat huquqini ham birdek himoya qiladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0