Koinotdagi josuslar
Salkam yetmish yildirki, Yer atrofida josuslik apparatlari — sun'iy yo'ldoshlar uchib yuradi. Ular yer ustining tadqiqoti bo'yicha kuzatuv, turli o'lchov va radioapparaturalar joylashtirilgan jihozlar yordamida maxsus funktsiyalarni bajaradi.
Dastlabki josus sun'iy yo'ldoshlarini yaratish 1946 yilga to'g'ri keladi. AQShning Harbiy havo qo'shinlari murojaati bilan “Rand” kompaniyasi yo'ldoshlar yordamida razvedka operatsiyasini o'tkazish imkoniyatlarini o'rganishga kirishadi. 1954 yilning mart oyida buyurtmaning dastlabki namunasi tayyor bo'ladi. Oradan ikki yil o'tib, Amerikada YC-1171 kodli razvedka uchun koinot apparati ishlab chiqishga kirishiladi. Mazkur dastur to'liq Mudofaa vazirligi va Markaziy razvedka boshqarmasi nazorati ostida amalga oshiriladi.
O'n ikki bor o'tkazilgan muvaffaqiyatsiz sinovdan so'ng, nihoyat 1960 yil 18 avgust kuni “Korona” deb nomlangan dunyoda birinchi koinot razvedkasi apparati Yer atrofi orbitasiga chiqariladi. U Sovet Ittifoqi hududining bir qismini fotosuratga olib qaytadi. Bortida 900 metr plenkasi bo'lgan fotokamera avvaldan yuklanib-belgilab qo'yilgan ob'ektlar suratlarini qayd etadi.
Markaziy razvedka boshqarmasi strategik maxfiy ma'lumotli suratlarni rahbariyatga yetkazadi. Maqtovlar ortidan harbiylar Sovet Ittifoqi davlat sarhadlari sayoz bo'lgan, parvozlar uchun yopiq hudud bo'lmagan makonlarda razvedka axborotlari to'plashni boshlab yuboradilar.
Amerikaliklar “Korona”ni hammasi bo'lib 145 marta koinotga chiqaradi, Sovet Ittifoqidan ilgari qo'lga kiritilmagan 800 mingdan ziyod sirli ob'ektlarni suratga tushirishga muvaffaq bo'lishadi.
Global koinot razvedkasi mana shundan boshlanadi. Prezident Kennedi mazkur YC-1171 dasturini o'ta maxfiy usulda saqlashga ko'rsatma beradi, boshqa dasturlar “SAMOS” yoki “Kuzatuvning koinot tizimi” degan nom bilan faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda umuman so'z ochishga taqiq qo'yiladi. Matbuotga xabar sizdirilmaydi…
Sovet Ittifoqida ilk razvedkachi yo'ldoshga “Zenit” nomi beriladi, rasman esa “Koinot” deb yuritilib, “Vostok” koinot kemasi bazasida yaratiladi. Uning og'irligi taxminan besh tonnani tashkil etgan (“Korona” esa 851 kilogramm bo'lgan). “Zenit”ga yuqori aniqlikdagi to'rtta va kichik aniqlikdagi ikkita fotokamera, shuningdek, radiolokatsiya nazorati va tinglovchi aloqa kanallari maxsus jihozlari o'rnatilgan edi.
Suratga olingan plenkalar maxsus konteynerlarga joylangan parashyutlarda avvaldan belgilab qo'yilgan manzilga yuborib turilgan. Boshqa axborotlar Yerdagi stantsiyaga yetkazilgan.
“Zenit” ham ikki yillik muvaffaqiyatsiz sinovdan so'ng 1962 yilning 28 may kuni “Kosmos — 7” rasmiy nomi bilan orbitaga chiqarilgan. To'rt kundan keyin u bir quchoq rasm bilan Yerga qaytgan.
Norasmiy manbalarga ko'ra, Sovet Ittifoqi 1972 yilga kelib, Yerga qaytib kelmaydigan qilib uchta “Zenit”/“Kosmos” apparatini orbitaga chiqargan.
Vaqt o'tishi bilan Yer atrofida ikkita sovet josus apparati uchib yurishi odatiy holga aylanadi. Bu davrga kelib, mutaxassislar kosmik apparatdan o'zlariga qulay ravishda foydalanishni o'zlashtirib olib, aniq maqsadli ob'ektlarni suratga tushirish “topshirig'i”ni stantsiyada o'tirib berish hadisini oladilar.
O'tgan asrning yetmishinchi yillariga kelib, mutaxassis-olimlar tun sharoitida, shuningdek, yoruqlik yetmaydigan joylarni suratga olishda, infraqizil rangli fil'trlar va yuqori aniqlikdagi maxsus plenkalardan foydalanishni yo'lga qo'yadilar.
Abror Xon
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0