Korruptsiyaga qarshi kurashish – hammamizning majburiyatimiz
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda korruptsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida mazkur jinoyatni keltirib chiqarayotgan omillarga chek qo'yishga qaratilgan qat'iy hamda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so'nggi yillarda korruptsiyaga qarshi kurashishga hamda manfaatlar to'qnashuvini oldini olishga qaratilgan huquqiy-me'yoriy hujjatlar, davlat dasturlari misolida yaqqol ko'rish mumkin.
Qishloq xo'jaligi sohasida ham bu illatlarga qarshi kurashish bilan bog'liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan majmuaviy chora-tadbirlar amalga oshirilib, uning oldini olish va profilaktika qilishga katta e'tibor qaratilmoqda.
Vazirligimiz va uning hududiy bo'linmalari, tizim tashkilotlari hamda muassasalarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg'or xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruv tizimi joriy etildi. Shuningdek, vazirlik tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida qat'iy choralar ko'rilmoqda. Jumladan, «Korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati» va o'ndan ortiq ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Shuningdek, ushbu yo'nalishga mas'ul xodimlarimiz mazkur illat bilan bog'liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan vazifalar hamda chora-tadbirlarni belgilab olib, korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, bunday salbiy holatlarni bartaraf etish bo'yicha tegishli tadbirlarni muntazam amalga oshirib kelmoqdalar.
Bosh Prokuratura va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda soha xodimlarini Huquqni muhofaza qilish akademiyasining «Virtual akademiya» maxsus platformasida malakasini oshirish yo'lga qo'yildi.
Shuningdek, 2024 yil 5 iyunda qabul qilingan «Manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida»gi qonun mazmun-mohiyatini vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda barcha quyi tashkilotlar xodimlariga ko'rgazmali taqdimot materiallari, bukletlar, flaerlar va videodarsliklar orqali tushuntirish, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'ymaslik uchun nimalarga e'tibor qaratish, bunday holat yuzaga kelganda qanday harakat qilish bo'yicha ham tizimli tashviqot ishlari amalga oshirildi.
Unutmaslik kerakki, jamiyatdagi illat ma'lum bir soha emas, balki butun taraqqiyot inqiroziga olib keladi, davlatni ich-ichidan yemiradi. Korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat tashkiliy-huquqiy vositalar bilan erishib bo'lmasligini bugun hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Unga qarshi kurashish uchun nafaqat davlat tashkilotlari, balki keng jamoatchilik, barcha fuqarolar mas'uldir. Korruptsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko'ra, uning oldini olgan afzal. Shunday ekan, davlat va jamoat tashkilotlari, jonkuyar shaxslar bu illatning oldini olish va unga qarshi kurashda hamjihat bo'lishi samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo'lidir.
Jamoatchilik vakillari, vatandoshlarimizdan qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklari guvohi bo'lishsa yoxud ularning korruptsiya va manfaatlar to'qnashuvi holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma'lumotlarga ega bo'lgan hollarda, quyidagi aloqa kanallari orqali o'z murojaatlarini yuborishlari mumkinligini eslatib o'tmoqchiman. (aloqa kanallari: anticorruption@agro.uz elektron pochtasi, @UzAgroAnticorruptionBot Telegram boti, 12-43 qisqa raqami orqali, +998712067060 raqamli ishonch telefoni hamda mas'ul xodimlar 71-206-70-57, 71-206-70-58 raqamlari).
Yo'llangan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko'rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korruptsion holatlar bo'yicha keskin qonuniy choralar ko'riladi.
Jamoatchilik yordami biz uchun har doim, hamisha muhim.
Jamoatchilik yordami biz uchun har doim, hamisha muhim.
Jamshidjon ABDUZUHUROV,
Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0