O'limga mahkum bo'lgan jangchilar: kamikadzelar kim edi?
Bugungi kunda jahonning eng rivojlangan davlatlaridan biri bo'lgan Yaponiya murakkab tarixni boshdan kechirgan. Bu mamlakat turli urushlarda ishtirok etgan, hatto yillar davomida dunyoda yopiq ham bo'lgan. Yigirmanchi asrga kelib, Yaponiya dunyo siyosatiga faol ta'sir ko'rsata oladigan davlatga aylandi, Koreya va hatto Xitoyning bir qismini bosib oldi.
Ikkinchi jahon urushida gitlerchilar bilan ittifoq bo'lib, AQShga qaqshatqich zarba berdi. O'sha davrda Yaponiya janubiy-sharqiy Osiyoda yirik mustamlakachi mamlakatga aylandi. Yaponiya kuchli va tartibli armiyaga ega edi. Ushbu armiya tarkibida maxsus topshiriqni bajaradigan va dushman hududidiga kuchli zarba berish uchun mo'ljallangan uchuvchilar – kamikadzelar vujudga kelgan. Eng qizig'i, kamikadzelar o'z jonini ishi uchun qurbon qilardi. Ularga faqatgina nishonga yetishga yetadigan yoqilg'i berilardi, xolos.
Aslida kamikadze tarixi uzoq XIII asrga, Сhingizxon avlodlarining Yaponiya orollariga hujumi davriga borib taqaladi. So'zma-so'z tarjima qilinganda «kamikadze» so'zi «ilohiy shamol» degan ma'noni anglatadi. Сhingizxonning nabirasi, Xitoyni egallagan Xubilayxon yapon orollariga ko'z tikadi. 1274 yilda mo'g'ullar ilk bor Yaponiyani bosib olishga harakat qilishdi. Kunchiqar yurtning qo'shini kuchsiz bo'lib, bosqinchilarga qarshi ko'p harakat qila olmasdi. Ammo o'sha paytda, dushmanlar Yaponiya qirg'oqlariga deyarli yetib borganda, to'fon ko'tarilib, mo'g'ul kemalarining aksariyati cho'kib ketdi. Yaponlar buni ilohiy yordam sifatida qabul qilishdi va «kamikadze» atamasi vujudga keldi. Qizig'i shundaki, 1281 yilda tarix takrorlandi – «ilohiy shamol» yana Xubilayxon flotini yakson qildi va shundan so'ng mo'g'ul qo'shinlari Yaponiya da'vosidan butunlay voz kechdi.
Shundan so'ng, asrlar davomida kamikadze atamasidan deyarli foydalanilmadi. Faqatgina Ikkinchi jahon urushi qizib borayotgan, Tinch okeanidagi hududlar uchun kurash avjiga chiqqanda yangi kamikadzelar maydonga chiqdi. Kamikadzelarning paydo bo'lishining asosiy sabablaridan biri yapon aviatsiyasining AQSh harbiy havo kuchlariga nisbatan qoloqligida va urushdagi yutqazishlarda edi.
Ochiq jangda katta ustunlikka erisha olmagach, yapon tomoni «vatan uchun jonini beradigan» uchuvchilarni «muqaddas maqsad» sari otlantira boshladi.
1942 yil 4 iyunda Miduey jangida mag'lubiyatga uchragan Yaponiya Tinch okeani urushidagi tashabbusni yo'qota boshladi. 1943-1944 yillarda AQSh sanoat qudrati tomonidan qo'llab-quvvatlangan ittifoqchi kuchlari Yaponiya orollari tomon qadamma-qadam oldinga siljiy boshladi. Bu vaqtga kelib yapon samolyotlari, ayniqsa qiruvchi uchoqlari F6F «Xellket», P-51 «Mustang», F4U «Korsar» kabi Amerika samolyotlarining yangi modellaridan miqdor va sifat jihatidan ancha past edi. Og'ir jangovar yo'qotishlar tufayli tajribali uchuvchilar yetishmasligi kuzatildi. Bundan tashqari, ehtiyot qismlar va yoqilg'i yo'qligi sababli, har qanday yirik havo operatsiyasini o'tkazish Yaponiya uchun muammoga aylandi. 1944 yil 15 iyulda AQSh qo'shinlari Saypan orolidagi Yaponiya armiyasi bazalarini egallab olishdi. Buning natijasida AQShning uzoq masofali bombardimonchi samolyotlari Yaponiya hududiga to'g'ridan-to'g'ri zarba berish imkoniyatiga ega bo'ldi. Saypan qulagandan so'ng, yapon qo'mondonlari amerikaliklarning keyingi maqsadi Yaponiya va Janubi-Sharqiy Osiyodagi neft' manbalari o'rtasidagi strategik joylashuvi tufayli Filippinni bosib olish bo'ladi, deb taxmin qilishdi.
Bashorat 1944 yil 17 oktyabrda, amerikaliklar Leyte ko'rfazida zamonaviy tarixdagi eng yirik dengiz jangini boshlaganida amalga oshdi. Manilada joylashgan Yaponiya harbiy-dengiz kuchlarining birinchi havo floti ko'rfazdagi ittifoqchi kuchlarni yo'q qilishga urinayotgan yapon kemalarini qo'llab-quvvatlashi kerak edi. Dushmanning ulkan ustunligi tufayli Yaponiya aviatsiyasi uchun Filippinni himoya qilish vazifasi deyarli imkonsiz edi. Yapon floti qo'mondoni, qiziqqon vitse-admiral Takidziro Onishi kamikadze uchuvchilardan iborat maxsus zarba berish kuchini tuzishga qaror qildi. Shundan so'ng Onishi «kamikadzelarning otasi» sifatida tanildi.
Kamikadze uchuvchilarining birinchi otryadlari 1944 yil 20 oktyabrida dengiz aviatsiyasi bo'linmalari asosida tuzilgan bo'lib, ulardagi har bir ko'ngilli uchuvchi Yaponiya uchun o'lishga tayyor edi. Birinchi kamikadze hujumi 1944 yil 21 oktyabrda yirik flagman «Avstraliya» kreyseriga qarshi amalga oshirildi. Uchuvchisi noma'lumligicha qolgan samolyot kreyserning ustki qismiga urilib, yonib ketdi, biroq bomba portlamay, kema saqlanib qoldi. Kamida 30 kishi, jumladan, kema komandiri halok bo'ldi. 25 oktyabrda «Avstraliya» yana bir zarbaga duchor bo'ldi (urush oxirigacha kreyser kamikadze samolyotlarining 6 ta zarbasidan omon qoldi).
Tarixiy hujjatlarga ko'ra, birinchi kamikadzelar leytenant Takeshi Kosai va noma'lum serjant bo'lib, ular 1944 yil 13 sentyabrda Negros orolidan (Filippin) ikkita 100 kilogrammli bombani samolyotlariga taqib, Amerika kemalarini urishni maqsad qilishgan. Ikkalasi ham parvozdan qaytib kelmagan, biroq amerikaliklar o'sha kuni hududda o'z kemalariga hech qanday zarar yetmaganini ma'lum qilgan. Kamikadzelar taqdiri esa noma'lumligicha qoldi.
Hammasi bo'lib, Filippin jangida kamikadze hujumlari natijasida amerikaliklar 2 ta samolyot tashuvchisi, 6 ta esminets yo'qotdilar va 22 ta samolyot tashuvchisi, 5 ta jangovar kemasi, 10 ta kreyseri va 23 ta esminets zararlandi. Kamikadzelardan ommaviy foydalanish bilan bog'liq keyingi harakatlar Ivo Jima jangi paytida sodir bo'ldi. 21 fevral' kuni kamikadze zarbalari natijasida kelib chiqqan yong'inlar natijasida Bismark Sea aviatashuvchisi yonib cho'kdi (318 kishi halok bo'ldi), «Tikonderoga» aviatashuvchisi ham zarar ko'rdi, uning yo'qotishlari 140 kishini tashkil etdi.
Kamikadzelar ishtirokidagi janglarning eng avjiga chiqqan pallasi Okinava oroli uchun kurash (1945 yil) davriga to'g'ri keladi. Bu jangda jami 1465 dona samolyot qatnashdi. 11 may kuni ikkita kamikadze zarbasi oqibatida «Bunker Hill» aviatashuvchi kemasida yong'in sodir bo'ldi, unda 80 ta samolyot yo'q qilindi, 391 kishi halok bo'ldi va 264 kishi jarohatlandi. Bu kamikadzelar tomonidan AQShga yetkazilgan eng katta talofatlardan bo'ldi. Okinava jangi yakunida Amerika floti 26 ta kema yo'qotdi, 225 tasiga zarar yetkazildi, shu jumladan 27 ta samolyot tashuvchisi zarar ko'rdi. Biroq, amerikaliklar kamikadzelarga qarshi himoya choralari o'z natijasini berdi - Yaponiya samolyotlarining 90 foizi havoda urib tushirildi.
Ikkinchi jahon urushi oxiriga kelib, Yaponiya harbiy-dengiz aviatsiyasi 2525 kamikadze uchuvchisini tayyorlagan, mamlakat armiyasi esa yana 1387 nafar uchuvchini taqdim etgan. Ularning deyarli barchasi ko'ngillilar edi. Yaponiya tomoni bayonotlariga ko'ra, kamikadze hujumlari natijasida 81 ta kema cho'kib, 195 tasi shikastlangan. Amerika ma'lumotlariga ko'ra esa yo'qotishlarda 34 tani tashkil etdi va 288 ta kema shikastlandi. Bundan tashqari, kamikadzelar harakati amerikalik dengizchilarga ham qattiq ruhiy ta'sir qildi, jangovar ruh tushib ketdi.
Yaponiya aviatsiyasi hech qachon kamikadze uchuvchilarining yetishmasligi bilan bog'liq muammolarga duch kelmagan, aksincha, samolyotlarga qaraganda uch baravar ko'p ko'ngillilar mavjud edi; kamikadzelarning asosiy qismi universitetlar talabalari edi. Buning asosiy sabablari Yaponiya madaniyati va o'rta asr samuraylarining an'analarida yotadi. Kamikadzelar masalasida yaponlarning o'limga bo'lgan alohida munosabati ham katta rol o'ynaydi. O'z vatani va imperator uchun sharaf bilan o'lish o'sha davrdagi ko'plab yaponiyaliklar uchun eng oliy maqsad edi.
Vitse-admiral Matome Ugaki tarixdagi eng mashhur kamikadzelardan sanaladi. U Yaponiya dengiz flotining 5-havo floti qo'mondoni bo'lgan. Ugaki 1945 yil 15 avgustda 7 samolyotdan iborat guruh tarkibida kamikadze missiyasi bilan Okinava hududiga jangovar parvoz qilgan va qurbon bo'lgan.
Asosiy missiya nishonga zarba berish va halok bo'lish ekanligiga qaramay kamikadzelar orasida tirik qolganlar ham bor. Aksariyat hollarda bunga samolyot va dvigatellarning nosozliklari sabab bo'lgan. Agar nishon aniqlanmasa yoki hujum boshqa sabablarga ko'ra to'xtatilgan bo'lsa, kamikadzega to'g'ridan-to'g'ri qaytish buyurilgan.
Masalan, yapon harbiy floti unter-ofitseri Yamamura juda omadli chiqib qoldi. U kamikadze parvozida uch marta tirik qoldi. Birinchi marta Yamamura bombardimonchi ekipaj tomonidan tushirilgan va baliqchilar tomonidan olib ketilgan. Taxminan 2 oy o'tgach, bortida Yamamura bo'lgan tashuvchi bombardimonchi osmonga ko'tarilib, noqulay ob-havo sabab bazaga qaytdi. Uchinchi marta nosozlik tufayli parvoz bekor qilindi. Bu orada urush tugadi va Yamamura tirik qolishning uddasidan chiqdi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0