Yaponiyada sakura festivali
Sakura festivali – bu hayotda hech bo'lmaganda bir marta ko'rish kerak bo'lgan voqea. 1000 yildan ortiq vaqt oldin paydo bo'lgan bayram ommaviy madaniyat va turizmning rivojlanishi tufayli yildan-yilga ommalashib bormoqda.
Har yili bahor fasli Yaponiyada sakura gullashi bilan boshlanadi. Bu hodisa nafaqat tabiatning go'zal bir mo''jizasi, balki Yaponiya madaniyatining ajralmas qismi hamdir. Sakura gullashini tomosha qilish va u bilan bog'liq an'analar yapon xalqining hayotida muhim o'rin tutadi. Ushbu maqolada biz sakura gullashining vaqtlari, jarayoni, kimlar bu go'zallikni ko'rish uchun tashrif buyurishi, mazali taomlar hamda an'analar haqida so'z yuritamiz.

Sakura gullash davri
Yaponiyada sakura mart oyining oxirlaridan aprel' oyining o'rtalariga qadar gullaydi. Gullash davri har yili ob-havo sharoitiga bog'liq bo'lib, janubiy Okinava orollarida mart oyining boshida boshlansa, shimoliy Hokkaydo orolida aprelm oyining oxiri yoki may oyining boshlarida kech kuzatiladi. Yaponiyaning meteorologiya agentligi gullashni kuzatib borib, maxsus sakura prognozlarini e'lon qiladi, bu esa sayohatchilar va mahalliy aholi uchun juda muhimdir.
Sakura daraxti gullash jarayoni bir necha bosqichga bo'linadi:
1. Tsubomi (g'uncha) – gullash oldidan kurtaklar paydo bo'lishi.
2. Kaika (birinchi gullar) – dastlabki gul ochilishi.
3. Mankai (to'liq gullash) – daraxtlarning butunlay gullar bilan qoplanishi.
4. Sakurafubuki (gul barglarining to'kilishi) – shamolda sakura barglari yerga yog'ilayotgan go'zal manzara.

Xanami tarixi
Yaponiyada sakurani tomosha qilish an'anasi bundan 1000 yil avval, Nara davrida (710-784 yillar) paydo bo'lgan. O'sha paytda imperatorlar nufuzli mehmonlarni gullayotgan daraxtlar ostida pik-nikka taklif etishardi. Edo davrida (1603-1868 yillar) xanami bayrami butun xalq bayramiga aylandi.
Bugungi kungacha aholining har bahorda bog' va xiyobonlarda to'planib, ochilgan gullarni tomosha qilish odati saqlanib qolgan. Bundan tashqari, XIX asrning ikkinchi yarmigacha Yaponiyada Yangi yil bahorda nishonlangani bois, mamlakatda sakuraning gullashi hamon hayotning yangi bosqichi boshlanishi bilan bog'lanadi.
Sakuraning eng qadimgi daraxti Yamataka Jindai Zakura 1800 yoshdan 2000 yoshgacha. Yamanasi prefekturasidagi Yaponiyaning Jissoji ibodatxonasi hududida o'sadi.
Sakuraning nozik barglari juda tez to'kiladi – daraxtlar o'zining butun rangida atigi bir hafta turadi. Agar yomg'ir yog'sa yoki kuchli shamol essa, gullash boshlanishi bilanoq tugashi mumkin.

Sayohatchilar oqimi keskin ortadi
Sakura gullashi paytida nafaqat yaponlar, balki dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar Yaponiyaga tashrif buyuradi. Tokiodagi Ueno bog'i, Kiotodagi Maruyama bog'i, Osakadagi Osaka qal'asi va Fuji tog'i yaqinidagi Сhureito pagodasi eng mashhur maskanlardan hisoblanadi. Ayniqsa, oilalar, do'stlar va hamkasblar yig'ilib, "Xanami" deb nomlanuvchi sakura tomosha qilish marosimini o'tkazishadi.
Har yili Yaponiya sakura mavsumida millionlab sayyohlarni qabul qiladi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, har yili mavsumning o'zida Yaponiya taxminan 5 milliondan ortiq xorijiy sayyohlarni qabul qiladi. Bu turizm sohasi uchun katta iqtisodiy daromad manbai hisoblanadi. Mehmonxonalar, restoranlar, suvenir do'konlari va transport tizimi ushbu davrda sezilarli daromad ko'radi. Turizm sanoati uchun bu mavsumda tushum milliardlab AQSh dollarini tashkil etadi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo'shadi.
Milliy taomlar festivali
Bu davrda maxsus sakura mavsumiy taomlari tayyorlanadi:
• Sakura mochi – shirin guruchli pirojnoe, sakura bargi bilan o'ralgan.
• Hanami dango – rangli shirin guruch sharchalari.
• Sakura cha (sakura choyi) – quritilgan sakura barglaridan tayyorlangan choy.
• Sakura tempura – sakura gullarining qovurilgan varianti.
• Sakura latte va shirinliklar – qahvaxonalarda mavsumiy menyuda uchraydigan ichimliklar.
Yaponiyada sakura gullashi faqat tabiiy hodisa emas, balki insonlar hayotiga quvonch, ilhom va qadriyat hissini olib keladigan muhim madaniy voqeadir. Ushbu go'zal davr odamlarga tabiat bilan uyg'unlikda yashashni, qisqa fursatda ham hayot go'zalligidan zavqlanishni eslatadi. Agar siz bahor faslida Yaponiyaga borish imkoniyatiga ega bo'lsangiz, albatta, sakura gullashini tomosha qilish va xanami tadbirlarida ishtirok etishni rejalashtiring!

2025 yilda sakura qachon gullaydi?
Yaponiyada sakura bahorning boshida gullay boshlaydi. Ko'pincha daraxtlarda pushti yoki oq to'pgullar ochiladi, lekin qizil, sariq va mayin yashil rangdagi gullar ham bo'ladi. Gullash davri ikki haftadan oshmaydi. Ob-havo yomon bo'lsa, gulbarglar bir haftaga bormay sochilib ketadi.
An'anaga ko'ra, gullashning boshlanishi Tokiodagi qadimgi Yasukuni buddistlar ibodatxonasida o'sadigan Somei Yosino sakurasida birinchi gullarning paydo bo'lishi hisoblanadi. G'unchalardan gullar ko'rinishi bilanoq, meteorologlar gullash boshlanganini e'lon qiladilar.
2025 yilda 24 mart kuni ibodatxona daraxtidagi birinchi gullar ochildi. Yaponiya meteorologiya agentligi (Japan Meteorological Agency, JMA) o'sha kuniyoq unda beshtadan ortiq gul paydo bo'lganini ma'lum qildi. Bu Yaponiya poytaxtida mavsum ochilishini rasman e'lon qilish uchun zarur bo'lgan minimal miqdor. Voqea bir yil oldingiga qaraganda besh kun oldin sodir bo'lgan. 2024 yilda sakura 29 martda gullagan edi.
Feruza Rahimova
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0