Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 900.00-20.16

  • EUR

    14 595.06-86.12

  • RUB

    157.32-1.29

+30C

+30C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+30c

  • Hozir

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +22 C

  • 23:00

    +20 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Juma, 02-May

+30C

  • Hozir

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +22 C

  • 23:00

    +20 C

  • Juma, 02

    +30 +20

  • Shanba, 03

    +33 +20

  • Yakshanba, 04

    +34 +20

  • Dushanba, 05

    +35 +20

  • Seshanba, 06

    +36 +20

  • Chorshanba, 07

    +37 +20

  • Payshanba, 08

    +38 +20

  • Juma, 09

    +27 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

Sherali Jo'raev: «Birinchi muhabbatim – san'at!»

Qo'shiq insonni o'zgartirishi mumkinmi? Ha, agar u Sherali Jo'raev ijrosida bo'lsa. Har safar Sher akaning qo'shiqlarini tinglaguncha bir odam, tinglab bo'lgach boshqa odamman: tozaroq, hamdardroq, donoroq, ezguroq. Haqiqiy san'at inson ko'nglini tarbiyalar ekan. Shu sababli Sherali Jo'raev bilan suhbat uyushtirish taklifini jon deb qabul qildim, garchi interv'yu men uchun noodatiy, noqulay va murakkab janr bo'lsa ham.
Madaniyat va ma'rifat
231 17:22 | 15.04.2025 17:22

Obdan tayyorlanib, hayajonlanib el hofizining xonadoniga kirib bordim. Lekin meni ochiqko'ngillik bilan qabul qilgan mezbon hayajonlarimni tarqatib yubordi. O'zbekiston xalq artisti Sherali Jo'raev bilan suhbat dilkash va samimiy tarzda kechdi.


– Keling, suhbatimizni hammani qiziqtiradigan savoldan boshlaymiz. Qachon «Istiqlol» san'at saroyida yakkaxon kontsert berasiz?


– Tez orada yakkaxon kontsert berish niyatim bor. Ayrim tashkiliy ishlarni hal qilishimiz kerak. Yaqinda debocha bir dastur qilib, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasida xalq e'tiboriga havola etdik.


– Bugun hamma tirik, jonli ovoz jinnisi. Bu fonogrammaning ta'siri, albatta. Ammo zo'r ovoz bilan ham ko'ngillarga kirib bora olmayotganlar qancha. Ovozi bor-u, qo'shig'i yo'q xonandalar talay. Umrboqiy qo'shiq uchun faqat ovozning o'zi kifoyami?


– Umrboqiy qo'shiq uchun, albatta, ovoz kerak. Ovozsiz, shunchaki chiroyli musiqa ustidan gapirib qo'yaqolish ham mumkin, odamlar kuy sehriga mast bo'lib eshitaveradi. Ammo qay birining umri uzun bo'lishini ovoz belgilaydi. Keyin ohang va maqom ham muhim. Musiqa odamning genida bor narsa. Eshitgandirsiz, odamning tuproqdan yaralgan jismiga ruh kuy orqali kirgan. Go'dak bolalarga musiqa qo'yib bersangiz, o'ynab ketadi. Buni ularga hech kim o'rgatmagan. O'sha damda ularning ruhi raqsga tushayotgan bo'ladi. Yaxshi qo'shiqdan ruh shifolanadi, yomon qo'shiqdan esa xastalanadi. Ya'ni musiqa odamning ruhi uchun yaratiladigan narsadir.


Yaxshi qo'shiq insonning ruhida qoladi, ana shundan u umrboqiy bo'ladi. Ovozi yaxshilar ko'p. Faqat yaxshi qo'shiq kuylash uchun kuylovchida ovozdan tashqari ilm ham bo'lishi kerak, ya'ni musiqa ilmi. Maktab ko'rish lozim. Professional bo'lishi kerak. O'z qo'shig'ini topish masalasi muhim. Bu iste'dodning san'atdagi o'z yo'li, uslubi deganidir.


Bir paytlar, yoshligimda men ham Ma'murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozovlarning qo'shiqlarini sevib tinglab, ularga o'xshatib aytgim kelardi. Aytardim ham. Rasul qorini rosa tinglardim. Tavakkal Qodirovning baland, sopranoga o'xshash ingichka ovozi bor edi, u kishining qo'shiqlari mening ovozimga to'g'ri kelmasa ham, biror nima o'rganish uchun tinglardim. 13-14 yoshlarda insonning ovozi o'zgarishni boshlaydi. Ilgari baland pardalarni olgan ovoz o'shaning yarmigacha ham ko'tarila olmasligi mumkin. Shaxsan o'zimda shunday holat bo'lgan. 14 yoshgacha Komiljon Otaniyozov, Ma'murjon Uzaqovlarning baland pardalarini men ham olardim. Bir kuni tumanimizdagi madaniyat uyiga Mahmud aka degan bir ustozga shogird tushishga bordim. U kishi Ma'murjon akalarning qo'shiqlarini juda yaxshi aytardi. Meni eshitib ko'rmoqchi bo'lishdi. Bir qo'shiqni boshladim. Ammo avjiga kelganda ovozim hech chiqmaydi deng. «Jo'na, sendan qo'shiqchi chiqmaydi!» deb yuborishdi. Uyga qaytayotganda tutqatordan kelayapman-u ich-ichimdan yig'layman. Shunda bir ichki ovoz aytdi: «Ming yaxshi qilib, o'ziga o'xshatib aytganingda ham, baribir u qo'shiq Ma'murjon Uzaqovniki bo'lib qolaveradi. Sen o'z yo'lingni, o'z qo'shig'ingni topishing kerak!» Shundan keyin men o'z yo'limni topish uchun izlana boshladim.


– Ijodkor shaxsi haqida. Abdulla Oripov umrining so'nggi kunlari bu masala o'tkirlashdi. Haqiqiy ijodkor – Olloh nazari tushgan, iste'dod yuqqan inson. Boshqa tarafdan, u ham odam, xato qilishi mumkin. O'zingiz kuylaganingizdek «Bir gunohing kechirmadi do'stu yoru go'zal dildor... Kechirguvchi vafoli yor topolmadim sandan bo'lak (ya'ni Ollohdan bo'lak)» Darhaqiqat, muxlislar, omma shafqatsiz, kechirishi qiyin. Sizningcha, ijodkorning xato qilishga, qusurlarga ega bo'lishga haqqi bormi? San'atkor shaxsi uning ijodiga soya solishi to'g'rimi?


– San'at ilohiy. U pokizalikni yaxshi ko'radi. Shoirlarga esa Yaratganning nazari tushgan bo'ladi. Axir ular go'zal she'rlarni xuddi birov aytib turgandek, allaqanday ichki, ilohiy bir ovoz ta'sirida yaratishadi-ku. Ammo inson bo'lgandan keyin xato qiladi. Abdulla aka juda ulug' inson edi. Men uning shaxsini yaxshi bilar edim. Abdulla Oripov sovetlar tuzumi payti ham «O'zbekiston qachon mustaqil bo'ladi?!» degan gapni baralla qo'rqmay aytib yurgan inson edi. She'rlari xuddi tuproqqa o'xshaydi, shunday kaftingizga olsangiz, giyoh-chechak o'sib chiqadigandek tuyuladi. Shoirning ham o'ziga yarasha kamchiligi, xatosi bo'ladi. Siz, begonalar, unga do'st, yaqin bo'lsangiz, borib xizmatini qiling, ustozingiz, oshnangiz bo'lsa, xabar oling. Begona bo'lsangiz, uzoqroq keting – tamom. Uni tushuna olish kerak. Abdulla aka sovetlar tazyiqi ostida yashagan, qalbi nozik, yuragi bezillab qolgan inson edi. Har bir so'zi uchun necha joyda hisob berishi kerak bo'lgan. Hatto ulug'lanib, aziz bo'lgan paytlari ham ehtiyotkor bo'lib qolgandi. Buni to'g'ri tushunish darkor. San'atkorning ma'naviy qiyofasiga qaytadigan bo'lsak, u imkon qadar pok bo'lishga intilishi shart. Lekin xalq, omma ham uning xatolarini tushunishi, inson ekanini e'tibordan qochirmasligi, san'ati, ijodi boshqa-yu, yashash tarzi boshqa ekanini qabul qilishi lozim. Gunohlari uchun o'zi Yaratganning oldida javob beradi, biz insonlar esa iste'dodlarni qadrlashimiz kerak. Ular har kuni tug'ilavermaydi.


– Siz nafaqat qo'shiq aytasiz, shoirligingiz ham bor, qator qo'shiqlaringizning so'zini yozgansiz. Eshitishimcha, yoshligingizdan adabiyotga alohida e'tiboringiz va iqtidoringiz bo'lgan ekan. Adabiyot hayotingizda qanday o'rin tutadi?


– Adabiyotga qiziqishimga otam rahmatlik sabab bo'lganlar. U kishi fermada cho'pon bo'lib ishlardilar. Ammo ilmga juda xayrixoh inson edilar. Menga yoshligimdan kitob o'qishimni uqdirardilar. Ko'p kitoblar olib kelib berganlar. Ular orasida hazrat Mir Alisher Navoiyning «Xamsa» asari ham bor edi. O'qiyman-u, lekin tushunmayman. Shunga qaramay o'qiyveraman. Ammo aruzda ohangini juda joyiga qo'yib o'qirdim. Otam dod deb yuborardilar, bu bola olim bo'ladi, derdilar. Oilamizda olimlar, ulamolar ko'p yig'ilishardi. O'zimcha hayron qolaman: otam oddiy cho'pon bo'lsa ham, nega ilm ahli uyimizda ko'p yig'ilardi? Keyinchalik eshitishimcha, otamning otalari, bobolari katta boy va ziyoli insonlar o'tishgan, ya'ni qonimizda ilmga, ziyoga intilish kuchli bo'lgan. Ana shu narsa uyimizga ilm ahlini chorlagan bo'lsa, ajab emas.


Men Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Maxtumqulini ko'p o'qiganman va hamon o'qiyman. Ularning ijodi tubsiz bir ummon. Hazrat Navoiyda ilohiyot ajib bir tarzda namoyon. Uni o'qib domla Anvarxon qori yig'lab yuboradilar. Сhunki Navoiyda ishoralar, bundan 5 ming yil avvalgi voqea-hodisalarga ham ishoralar bor. Ulkan ishoralar. Xullas, men yoshligimdan shunday asl adabiyot ichida o'sdim. Undan menga, ruhiyatimga nimadir yuqmagan bo'lishi mumkin emas.


– Zamonaviy she'riyatimizga qanday baho berasiz? Kuzatasizmi zamonaviy shoirlar ijodini?


– Bir marta Olimjon degan olim do'stimizdan bugungi shoirlarimiz haqida so'radim. O'ntacha kitob keltirib berdi zamonaviy shoirlardan. Bir-bir o'qib bir chekka olib qo'yaverdim. Ozgina o'qiyman-u, ammo negadir avval bu narsalarni o'qigandek bo'laveraman, ya'ni yangilik ko'rmadim. Albatta, yaxshi yozishayapti, to'g'ri yozishayapti. Ammo ularni o'qisam, bu yoqda hazrat Navoiy qolib ketayapti. Men Navoiyga qaytgim kelaveradi. Zamonaviy shoirlaram Navoiyni ko'p o'qisalar yaxshi bo'lardi. Yanada ko'proq o'qisalar...


Navoiyni anglatish, tushuntirish bo'yicha maktablarda o'qituvchilar, uyda ota-onalar ham mehnat qilishi kerak. O'zbek xalqidek bag'rikeng, mehmondo'st, beg'ubor millat dunyoda yo'q. O'zbek eng iste'dodli va tezpishar xalq, ya'ni bizda iste'dodlar ko'p chiqadi. Bu millatning bolalarini yaxshi o'qitish kerak. Zahiriddin Muhammad Bobur «Borburnoma»da turk sultonlariga g'azal o'qiladi, mo'g'ul xonlariga esa tuyuq deydi. Ya'ni mo'g'ullarda g'azal yo'q. G'azal yuksak badiiy janr, uni mo'g'ul tushunmaydi, turk tushunadi deyapti Bobur. Nafis va yuksak she'riyat, adabiyot bizning millatimiz qonida bor.


– «O'ltirur»ning tarixini aytib bersangiz. Men, negadir, uni Navoiy g'azali bilan aytilgan deb yurardim. «Sherali Jo'raev so'zi va musiqasi» degan gap meni ilk eshitganimda hayron qoldirgandi.


– «O'ltirur» – yo'lda yozilgan qo'shiq. Xo'janddan qaytayotganimizda nimagadir shunday bir narsa yozgim kelib qoldi. Yo'lda go'zal manzaralarga duch keldik. Shundan ilhomlandimmi yoki o'shanda yo'l bo'yida o'tirgan notanish ayoldanmi. Xullas, manzara chiroyli edi. Qizning g'amgin chehrasini tasavvur qildim. Yo'lda davom etaverdig-u, ammo o'sha qiz xayolda qoldi. «Nega unday o'tiribdi, biror dardi bormi?» degan fikrlar miyada aylanaverdi va kuy, ortidan so'zi o'z-o'zidan xayolimga kelaverdi. «O'ltirur» bizning go'zal o'zbek ayollariga atalgan qo'shiq, unda ayollarimizning barcha fazilatlarini o'zida jamlagan bir ma'suma obrazi bor. Umuman, men yo'lda ko'p ijod qilaman. «Oppoq oyim» ham shunday, yo'lda yaratilgan qo'shiqlardan. Endi Navoiynikiga o'xshatdim deganingizga kelsak, misol asosida tushuntiraman bu holatni. Bir yozgan narsam bor edi:


Bir gumon bordir manim qalbimda doim begumon,
Bu gumondin lahza ham ko'nglim topolmas hech omon,


Voh, ne tong, boqqach ul mohro'y ruxsorim etmishdir somon,
Bu nigohdin qochmoq istab o'zni tashlab har tomon,


Сhun hazondek poyin o'pdim zora topsam deb omon.
Voh, qutulmoqlik gumondir bargi hazondek ham yotib,


Nozaninlar sayr etarda nozik ayog'iga botib,
Iltifot qilg'ay yana shirin-shakar so'zlar qotib,


Bu ne sorig' barg ekan deb, olgay ro'molig'a taqib,
Ko'zu so'zidan yiroqroq ko'rmadim o'zni hamon...


Ya'ni Ollohning nazaridan pana joy yo'q, biroq bir yaproq uning nazaridan qochmoqchi bo'lib yerga uzilib tushadi, shunda nozaninlar sayr qilib yurib, u yaproqni ko'rib qolishadi va chiroyli ekan deb yuzlariga taqib olishadi. Yaproq yana o'sha ruxsor qarshisiga borib qoladi (ya'ni nozaninda Olloh husnining tajallisi bor, yaproq shu husnning oldiga borib qoldi). Bir davrada shu qo'shiqni aytsam, katta bir yozuvchi «Vah, hazrat Navoiy juda zo'r yozgan-da», deydi. Bu menga berilgan eng yuksak baho edi. Ha, fikr u kishiniki, Navoiydan ilhomlanib, ruhlanib yozilgan muhammas bu. Xuddi shunday «O'ltirur»da ham hazratning isi bor.


– O'g'illaringizni hamma taniydi, qizlaringizni esa yo'q. Bu tabiiy, albatta, qizlarni begona ko'zlardan avaylab-asrash kerak. Lekin gazetamiz ayollar uchun. Shu sababli mushtariylarimiz hayotingizda katta rol' o'ynaydigan, sizga yaqin ayollar haqida gapirib bera olasizmi? Ayniqsa, onangiz haqida...


– Menda qat'iyat, shijoat, qattiqqo'llik bo'lsa – otamdan, yumshoqko'ngillik – onamdan. Onam Bahriniso aya o'rta bo'ylik, yumshoqko'ngil inson edilar. Butun umri mehnatda o'tgan, oiladagi 6 farzandning parvarishi, ro'zg'or xizmatlaridan qaddi bukilsa-da, hech nolimagan inson. Butun umr duo qilib o'tdi, duo qilganda ham o'ziga so'ramasdi, balki butun xalqni duo qilardi. 95 yoshlaridan yotgan joylaridan ham namoz o'qib o'tdilar. Ayolim onamning duolarini ko'p olgan, endi o'zi ham u kishiga o'xshab borayapti. Uch qizim bor: Shukrona, Bahrona, Mushtariy. Shukrona psixologiyani bitirdi. Bahrona va Mushtariy bu yil talaba bo'lishdi. Qizlarimiz maktabdan tashqari ilmni uyda olishdi, hozir o'qishga ham qizlarni mashina olib borib olib keladi, tamom. Ko'chada ko'p yurishmaydi, har holda falonchining qizi degan nomlari bor. Qizlarni avaylab-asrash kerak. Qiz bola ko'proq otasidan xususiyat, fazilat olarkan. Qizlarimga mendan ko'p narsa o'tgan, bu quvontiradi.


– «Birinchi muhabbatim»ni muhabbatning madhiyasi deyishadi. Bu qo'shiqqa yuragingizdan bir chimdimgina bo'lsin qo'shmaganingizda, bunchalik natija bermasdi. O'zingizning birinchi muhabbatingizni eslaysizmi? U sizga nimalar bergan, nimalarga turtki bo'lgan?


– Aynan «Birinchi muhabbatim»da mening emas, shoirning dardini kuylanadi. Bu qo'shiqda men Abdulla akaning armonli muhabbatini, qolaversa, bir-biriga yetisha olmagan oshiqlar dardini kuylaganman. Ya'ni shaxsiy dardim yo'q u yerda. Shaxsan o'zimning birinchi muhabbatimga kelsak, men yoshligimda kitoblar ichida o'sgan bola edim. Qizlardan qochardim, ularga muhabbat izhor qilish tugul, ko'ziga tik qarashga jur'at topilmasdi. Kitob insonni shunday tarbiyalar ekan, ya'ni muhabbatga, umuman tuyg'ularga jiddiy, mas'uliyat bilan qarashga o'rgatarkan. Mening birinchi muhabbatim – san'atdir. Men ijodga qattiq berildim. Nomimiz tanilib, muxlislar ko'p bo'ldi, ular orasida muxlisalar ham bor edi. Ammo men o'zim uylanajak qizni xayolan Layliyu Shiringa qiyoslar, shunday qizga uylanaman derdim. Bir kun bir joydan chiqib mashinamga o'tirayotsam, o'rtayashar bola «Sher aka! Manavi qiz sizni yaxshi ko'radi!» deb qoldi. Qarasam, 12 yoshlar chamasidagi bir qizaloq chekkaroqda turibdi. Yosh bolalarning hazili deya indamay yo'limda ketaverdim. Ammo taqdirni qarangki, oradan yillar o'tib o'sha qizga uylandim, hozir u farzandlarimning onasi. U yoshligidanoq «Turmushga chiqsam, faqat shu odamga tegaman», der ekan. Xullas, taqdirimiz qo'shilgan ekan-da. Qo'shiqlarim esa har doim ham o'zimning ichki dardlarim, shaxsiy hayotimga aloqador bo'lavermaydi. Umuman, shaxsiy dardni kuylash bilan san'at san'at bo'lmaydi. San'at elning, qalblarning dardini kuylashi kerak.


Interv'yu 2017 yil 26 yanvarda Sug'diyona gazetasida chop etilgan.
Suhbatdosh Shahnoza Soatova


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat