Tabiatning insoniyatga murojaati
Agar tabiat insoniyatga murojaat qilganida, ehtimol, shunday der edi: «Ey inson! Men seni ming yillar davomida bag‘rimda asradim. Senga yashash uchun havo, suv, tuproq, o‘simliklar va hayvonot dunyosini berdim. Sen boyliklarimdan foydalanib, hayotingni yaxshilading. Ammo bugungi faoliyating muvozanatimga kuchli taʼsir ko‘rsatmoqda. Meni asra, chunki mening sog‘lig‘im sening hayotingdir».
Bugungi kunda bu murojaatni turli ekologik muammolar orqali eshitish mumkin. Havo ifloslanishi, suv resurslari kamayishi, tuproq unumdorligi pasayishi, chiqindi miqdori ortishi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning qisqarishi shular jumlasidandir. Bu muammolar biror hudud yoki bitta davlatga tegishli emas, butun insoniyat oldida turgan umumiy xavfdir. Chunki tabiat chegaralarni tan olmaydi: bir hududdagi havo ifloslanishi, suv tanqisligi yoki iqlim o‘zgarishi boshqa hududlarga ham taʼsir ko‘rsatishi aniq.
Tabiat insoniyatga, eng avvalo, havo orqali murojaat qiladi. Toza havo barcha tirik mavjudotlar uchun zarur. Ammo sanoat korxonalari, transport vositalari, yonilg‘i-yoqilg‘i yonishi, qurilish ishlari va chang-to‘zonlar atmosfera havosi ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Havo tarkibidagi zararli moddalar inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Nafas olish yo‘llari kasalliklari, allergiya, yurak-qon tomir muammolari va umumiy immunitet pasayishi iflos havo bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Tabiatning yana bir muhim murojaati suv bilan bog‘liq. Suv hayotning asosi hisoblanadi. Inson tanasining katta qismi suvdan iborat, o‘simliklar suv orqali oziqlanadi, hayvonlar va barcha ekotizimlar suvga muhtoj. Tabiat go‘yo suv orqali insoniyatga: «Har bir tomchimni qadrlang, chunki suvsiz hayot yo‘q!» deb murojaat qilmoqda.
Tuproq ham bebaho boylikdir. Insoniyat oziq-ovqatining katta qismi uning unumdorligi hisobga etishtiriladi. Tuproq oddiy er qatlami emas, balki tirik organizmlar, mikroorganizmlar, mineral moddalar, namlik va organik qoldiqlar ishtirokida shakllangan murakkab tabiiy tizimdir. Tuproqning zaiflashishi esa hosildorlik kamayishi, oziq-ovqat xavfsizligi izdan chiqishi va iqtisodiy muammolarga olib keladi.
Tabiat insoniyatga o‘simliklar dunyosi orqali ham murojaat qiladi. Daraxtlar havoni tozalaydi, kislorod ajratadi, changni ushlab qoladi, yozda salqinlik beradi, qushlar va boshqa jonivorlar uchun yashash joyi yaratadi. Yashil hududlar inson ruhiyatiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Hayvonlar esa ekotizimda muayyan vazifani bajaradi. Baʼzilari o‘simlik urug‘larini tarqatadi, boshqalari zararkunandalar sonini kamaytiradi, ayrimlari esa oziq zanjirining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Agar bir tur yo‘qolsa, bu boshqasiga ham taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Tabiatning bu boradagi murojaati juda oddiy: «Har bir tirik mavjudotning o‘z o‘rni bor, ularni asrang!».
Bugungi ekologik muammolarning asosiy sabablaridan biri insonning tabiatga isteʼmolchi sifatida shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishidir. Daraxt kesadi, ammo yangisini ekmaydi. Suvdan foydalanadi, ammo tejashni o‘ylamaydi. Tuproqdan hosil oladi, ammo uning unumdorligini tiklashga etarlicha eʼtibor bermaydi. Chiqindi chiqaradi, ammo uni saralash va qayta ishlashga befarq qaraydi.
Tabiatning insoniyatga murojaati aslida masʼuliyatga chaqiriqdir. Bu har bir insondan katta qurbonlik emas, oddiy eʼtibor va madaniyat talab qiladi. Suvni behuda oqizmaslik, elektr energiyasini tejash, chiqindini belgilangan joyga tashlash, plastik idish-buyumlardan kamroq foydalanish, daraxt ekish, ko‘chatlarni parvarishlash, tabiat qo‘ynida dam olganda atrofni ifloslantirmaslik – bular har kim ham bajara oladigan oddiy amallar. Ular ko‘pchilik tomonidan bajarilsa, katta natija beradi.
Ekologik madaniyat oiladan, taʼlimdan va jamiyatdan boshlanadi. Bolani tabiatni asrashga faqat gap bilan emas, amaliy namuna orqali o‘rgatish kerak. Agar bola kattalarning daraxtga mehr bilan qarashini, suvni tejashini, chiqindini erga tashlamasligini ko‘rsa, bu odat uning hayot tarziga aylanadi. Barcha taʼlim muassasalarida ekologik bilimlar nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali ham mustahkamlanishi zarur. Chunki tabiatni sevish faqat bilim emas, balki tarbiya va odat masalasidir.
Tabiatga munosabatda davlat siyosati, qonunlar va jamoatchilik nazorati ham muhim o‘rin tutadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, suv va er resurslaridan oqilona foydalanish, yashil hududlarni kengaytirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ekologik barqarorlikka xizmat qiladi. Ammo hech bir qonun insonning ichki masʼuliyatisiz to‘liq samara bermaydi. Tabiatni asrash uchun davlat, jamiyat va har bir fuqaro birgalikda harakat qilishi lozim.
Tabiat insoniyatga jim turib ham ko‘p narsani anglatadi. Qurg‘oqchilik – suvni qadrlash kerakligini, changli havo – yashil hududlarni ko‘paytirish zarurligini, sho‘rlangan tuproq – erdan oqilona foydalanish lozimligini, kamayib borayotgan hayvonlar – biologik xilma-xillikni himoya qilish kerakligini eslatadi. Demak, tabiatning tili bor. Faqat bu til so‘zlardan emas, belgilar, o‘zgarishlar va ogohlantirishlardan iborat.
Tabiat insondan mehr, eʼtibor va masʼuliyat kutmoqda. Inson esa bu murojaatni vaqtida anglab, o‘z hayot tarzini u bilan uyg‘unlashtirishi kerak. Chunki tabiatni asrash sog‘lom hayotni, barqaror kelajakni va insoniyat davomiyligini asrashdir.
Tabiat insoniyatga har kuni murojaat qilmoqda.
Biz uning chaqirig‘ini eshitsak, bas!
Adamboy MAShARIPOV,
Urganch davlat universitetining Ekologiya va hayot
faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0