Tramp Amerika qudratini qanday tiklamoqchi?
Donal'd Tramp 2025 yil 20 yanvardan rasman AQShning 47-prezidenti sifatida ish boshlamoqda.
Yakshanba kuni Vashingtonda o'z tarafdorlari oldida chiqish qilgan Tramp yangi siyosatining asosiy yo'nalishlarini belgilab berdi. Uning fikricha, bu bilan Amerika yangi davrga qadam qo'yadi va o'tgan to'rt yillik «tanazzul»ga barham berilib, «kuch, taraqqiyot va qadr-qimmat» zamoni boshlanadi. Bir guruh siyosatshunoslar Trampning iqtidorga qaytishini AQSh milliy qudratining qayta tiklanishi sifatida baholayotgan bo'lsa, boshqalari ichki va xalqaro maydonda bo'linish hamda xavf-xatarlar kuchayishidan xavotirda.
Inauguratsiya: An'ana va yangiliklar
Trampning inauguratsiyasi butun dunyoning diqqat markazida turibdi. Marosim sovuq ob-havo sabab va xavfsizlik nuqtai nazaridan Kapitoliyning ichki qismiga ko'chirildi. Oxirgi bor bunday qaror 1985 yili Ronal'd Reyganning ikkinchi inauguratsiyasi chog'ida qabul qilingan edi.
Donal'd Tramp qasamyod paytida qo'lini biryo'la ikki – biri shaxsiy kollektsiyasiga, ikkinchisi esa Avraam Linkol'nga tegishli Injilga qo'yadi. Bunda Tramp o'zini tarixiy yetakchilar, mamlakatni og'ir davrlarda o'zgartira olgan shaxslar merosxo'ri sifatida ko'ryapti, degan ramziy ma'no bor. Uning inauguratsiya nutqi oxirgi o'n yilliklardagi eng uzoq nutqlardan biri bo'lishi kutilmoqda. Unda iqtisodiyotni tiklash, milliy xavfsizlikni mustahkamlash va tashqi siyosatdagi asosiy vazifalar bilan bog'liq tashabbuslarga e'tibor qaratiladi.
Marosimda Amerikaning yetakchi siyosatchilari va ko'plab xorijiy mehmonlar, jumladan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Argentina prezidenti Xav'er Miley va britaniyalik siyosatchi Nayjel Faraj qatnashadi. Konservativ va o'ta o'ng qanot harakatlar vakillarining ishtiroki Tramp ma'muriyatining umummafkuraviy qadriyatlarga asoslangan yangi xalqaro koalitsiya yaratish niyatida ekanini anglatadi.
Ichki siyosatda ulkan rejalar
Tramp lavozimga kirishgan ilk kunidayoq 200 ga yaqin farmon va buyruq imzolab, qat'iy qadamlar qo'yishga tayyorligini namoyon qilmoqchi. Uning ta'biri bilan aytganda, bu harakatlar Jo Bayden ma'muriyatining «radikal va ahmoqona farmonlari»ni bekor qilishga qaratilgan.
Tramp ma'muriyatining asosiy yo'nalishlaridan biri noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo'ladi. U birinchi kunning o'zidayoq «janubiy chegara orqali bosqinga chek qo'yish»ni va migratsiya qonunlarini kuchaytirib, Meksika bilan chegarada devor qurilishini qayta boshlashga va'da berdi. Bunday choralar qishloq xo'jaligi kabi migrantlar ishchi kuchi katta bo'lgan sohalarda tanglikka sabab bo'lishi, ommaviy deportatsiyalar davlat byudjetiga o'n milliardlab dollarga tushishi mumkin. Shunga qaramay, prezident bu harakatlar tartibni tiklash va milliy manfaatlarni himoya qilishga xizmat qiladi, degan fikrda.
Shuningdek, Tramp AQShdagi gender siyosatiga ham o'zgarishlar kiritishga qat'iy bel bog'lagan. U transgenderlarni armiyadan chiqarib tashlash, transsportchilarning ayollar o'rtasidagi musobaqalarda qatnashishini taqiqlash va LGBT mafkurasining ta'lim hamda korporativ sohalardagi ta'sirini qisqartirishni rejalashtiryapti. Bu qadamlar konservativ doiralar va «inklyuzivlik» siyosatini jini suymaydigan ayrim biznes vakillari tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.
Tabiiyki, iqtisodiyot Tramp ma'muriyati uchun ustuvor yo'nalishlardan biri bo'ladi. U Apple bosh direktori Tim Kukning AQShda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalarini amalga oshirishini qo'llab-quvvatlashga va'da berdi. Shuningdek, u neft' va gaz qazib chiqarishni faollashtirib, sanoat va uy xo'jaliklari uchun energiya xarajatlarini kamaytirishni maqsad qilgan. TikTokning AQShdagi faoliyatini qayta tiklash uning protektsionizm strategiyasining namunasi bo'lib, platforma qat'iy nazorat asosida ishlashni davom ettiradi.
Shuningdek, Tramp AQSh iqtisodiyotini himoyalash maqsadida import tariflarini oshirish kursini davom ettirishini ma'lum qildi. Tramp barcha import mahsulotlarga 10 foizlik, Xitoydan keladigan tovarlarga esa 60 foizlik bojxona yig'imi joriy etishni rejalashtirmoqda. Uning fikricha, bu choralar savdo hamkorlarini sheriklik shartlarini qayta ko'rib chiqishga majbur qilib, AQSh savdo balansini yaxshilaydi. Ammo amerikalik ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bu chora-tadbirlar iste'molchilar uchun narxlarni keskin oshirib yuborishi mumkin. Bunga javoban ma'muriyat ehtimoliy zararlarni qoplash maqsadida biznes uchun soliq imtiyozlari paketini tayyorlamoqda.
Birlashuv va arktika da'volari
Donal'd Trampning eng bahsli g'oyalaridan biri Kanadaga AQShning 51-shtati sifatida qo'shilish taklifidir. Uning fikricha, bu Shimoliy Amerikaning iqtisodiy va strategik barqarorligini ta'minlaydi. Tramp ushbu taklifni madaniy va iqtisodiy aloqalarning yaqinligi, shuningdek, ikki mamlakat energetik resurslarini birlashtirish imkoniyati bilan asoslayapti.
Bu da'volar fonida Tramp Grenlandiyani sotib olish haqidagi bahs-munozaralarga ham zamin yaratdi. Tramp ushbu hududni nazorat qilish AQShga, ayniqsa, resurslar va harbiy kuchlarni joylashtirish nuqtai nazaridan Arktikada strategik ustunlik berishini taxmin qilyapti.
Hozirda ko'proq siyosiy sahnadagi spektakl' deb baholanayotgan bu ulkan rejalarni amalga oshirishga jiddiy kirishilsa, AQShning ittifoqchilar bilan munosabatlari keskinlashishi, Arktikadagi geosiyosiy tanglik kuchayishi va yangi hududlarni integratsiya qilish uchun katta sarmoya talab qilinishi mumkin.
Kanada integratsiyasi va Grenlandiyani sotib olish Trampning AQSh ta'sirini kuchaytirishga qaratilgan tashqi siyosat strategiyasining ramzlari sifatida namoyon bo'lmoqda. Ushbu da'volar, amalga oshishi yo oshmasligidan qat'i nazar, Trampning tarixda uzoqni ko'zlab ish tutgan va qat'iy harakat qilgan lider sifatida nom qoldirishga intilayotganini anglatadi.
Tashqi siyosat: oshkora ziddiyat o'rniga pragmatizm
Tramp AQShning global yetakchiligini mustahkamlashga qaratilgan kursni e'lon qildi, biroq u uzoq muddatli mojarolarda ishtirok etish niyatidan yiroq.
Ukraina va Rossiya. Tramp Rossiya – Ukraina mojarosini bir necha oyda tugatishga va'da bergan. Ammo xalqaro tahlilchilar uning takliflari har ikki tomonni qoniqtirishiga shubha bilan qaramoqda. Ehtimol, Tramp Moskvaga mojaroni muzlatish va sanktsiyalarni saqlab qolish shartini qo'yishi mumkin. Ammo bu tashabbus qanchalik samara berishi noma'lum.
Xitoyga cheklovlar. AQSh iqtisodiy va harbiy sohalarda Xitoyga bosim o'tkazishni davom ettiradi, shu bilan birga, Hind – Tinch okeani mintaqasidagi boshqa davlatlar bilan sheriklikni mustahkamlaydi. Ustuvor yo'nalishlardan biri – Filippin kabi muhim nuqtalarda harbiy bazalarni kengaytirish.
Yaqin Sharq. Tramp hamisha yahudiylarni qo'llab-quvvatlashini ta'kidlagan bo'lsa-da, Isroil va Falastin o'rtasida yangi muzokaralarni boshlash tashabbusini ilgari surmoqda. Shuningdek, Tehronning yadroviy dasturi asosiy tahdidlardan biri bo'lgani bois Eronga qarshi sanktsiyalar yanada kuchaytirilishi mumkin.
Ichki siyosat: Islohot va xatarlar
Sud tizimi. Trampning dastlabki qadamlaridan biri Adliya vazirligini isloh qilish bo'ladi. Prezident bir qator rezonansli ishlarni qayta ko'rib chiqishni rejalashtirib, buni «adolatning mustaqilligini tiklash» zarurati bilan asoslamoqda.
Energetika va ekologiya. AQSh yana Parij kelishuvidan chiqadi. Iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish maqsadida neft' va gaz qazib chiqarishni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Biroq bu qaror ekologik faollar tomonidan jiddiy qarshilikka uchrashi turgan gap.
Tug'ilganlik bo'yicha fuqarolikni bekor qilish. Ma'muriyat tug'ilganlik asosida avtomatik ravishda fuqarolik berilishini bekor qiladigan qonun loyihasini taklif qiladi. Bu qadam noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga qaratilgan keng qamrovli choralar doirasiga kiradi, ammo katta bahs-munozaralarga sabab bo'lishi mumkin.
Xullas, Donal'd Trampning qaytishi jasoratli qarorlar va keskin mojarolar davrining boshlanishini anglatadi.
Iqtisodiyot: protektsionistik choralar tufayli qisqa muddatli iqtisodiy o'sishga erishilishi mumkin, ammo uzoq muddatli davrda narxlarning oshishi va tashqi savdodagi qiyinchiliklar katta xatarlarga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Xalqaro munosabatlar: Xitoy va Rossiyaga nisbatan qat'iy yondashuv global tanglikni kuchaytirsa-da, AQShning strategik ahamiyatga ega mintaqalardagi mavqeini mustahkamlashi mumkin.
Jamiyat: bahsli ichki islohotlar sababli jamiyatdagi bo'linish kuchayadi, norozilik namoyishlari esa Tramp prezidentligi davrida oddiy holga aylanishi mumkin.
Anglaganingizdek, Donal'd Tramp Amerika qudratini tiklash maqsadida o'z lavozimiga kirishyapti. Uning qat'iy siyosati hech qanday murosaga o'rin qoldirmaydi. Bu esa ushbu qudrat uchun AQSh qancha badal to'lashi kerak, degan savolni paydo qiladi. Uning strategiyasi millionlab saylovchilarning umidlarini oqlaydimi yoki mamlakatni yangi bo'hronlar sari yetaklaydimi? Bu savolga javobni yaqin bir-ikki yilda olamiz. Hozir esa bir narsa ayon: Tramp davri – butun dunyoga ta'sir ko'rsatuvchi o'zgarishlar davri bo'ladi.
Jahongir NAHANOV,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0