+20C

+20C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Vaqt kushandasiga aylanayotgan vaynlar

Bugungi kunda insoniyat tamadduni bamisoli besh dyuymli shisha ekran ichiga qamab qo‘yilganday tuyuladi. Boz ustiga, biz kenglikka intilgan sari torayib, yuksaklikka talpingan sayin pastlashib borayotgandekmiz. Tong sahardan ko‘zlarimizga oftob nuri inishi o‘rniga smartfonning sovuq va jonsiz shuʼlalari sanchiladi.
Jamiyat
8564 13:33 | 23.05.2026 13:33

Chunki ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning barcha jabhasiga kirib bordi. Ayniqsa, vayn deb ataluvchi qisqa videolar millionlab kishilarning vaqtini ham, fikrlash tarzini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Bir qarashda beozor kulgidan iborat bo‘lib ko‘ringan bu kontentlar ortida aslida qanday ijtimoiy manzara yashirin? Nimaning evaziga diqqatimizni virtual dunyoga qurbon qilyapmiz?


Bilasiz, axborot hech qachon hozirgidek tezkor va arzon bo‘lmagan. Ilgari badiiy asar o‘qishga haftalab, sifatli kino tomosha qillish uchun soatlab vaqt sarflardik. Bugun esa atigi o‘ttiz soniya ichida bizga ham kulgi, ham xulosa, ham hissiyot «taqdim» etilmoqda. Bu – «klipli fikrlash» davrining mahsuli. Odamlar uzundan-uzoq suhbatlardan, zalvorli maqolalardan va ko‘p qismli seriallardan charchadi. Ularning o‘rnini tez hazm bo‘ladigan, chuqur mushohada talab qilmaydigan roliklar egalladi. Oqibatda mazmunsiz telenovellalardan bezor bo‘lgan tomoshabin ijtimoiy tarmoqlarga yuzlandi. Biroq ulardagi vaziyat ham haminqadar: bir tomonda
jamiyat illatlarini o‘tkir satira ostiga olgan ijodkorlar, ikkinchi tomonda faqat «layk» va ko‘rishlar soni uchun har qanday qadriyatni oyoqosti qilishga hoziru nozir «kontentchilar» to‘dasi
paydo bo‘ldi.




Albatta, vaynlarning ijobiy jihatlarini inkor etish adolatdan emas. Ular zamonaviy medianing eng egiluvchan shakli. Mohir vaynerlar korruptsiya, byurokratiya va oilaviy munosabatlardagi muammolarni shu qadar sodda va lo‘nda ifodalamoqdalarki, baʼzan uning o‘rnini o‘nlab maqolalar ham bosa olmaydi. Buni sanʼatning demokratiyalashuvi deyish mumkin.




Endilikda chekka qishloqdagi oddiy yigit yoki qiz ham smartfon orqali millionlab insonlar qalbiga yo‘l topishi mumkin. Ilgari xalqqa tanilib, sevimli sanʼatkorga aylanish uchun yillab mehnat qilinardi. Ijtimoiy tarmoqlar esa yangi-yangi isteʼdod egalarini kashf qilish uchun yaxshi ijodiy maydon vazifasini bajarmoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, bu sohada ham kishini jiddiy tashvishga soladigan jihatlar bor.


Bizning bolaligimiz ancha beg‘ubor o‘tdi. Har qalay, sevimli ertaklarimiz, multfilmlarimiz va qahramonlarimiz bor edi. Farzandlarimiz esa «Orqam yonyapti», «Er kerak, er», «Sizniki tormi, meniki dutor», «Hee sani onangni salyonniysi» kabi sharmsiz so‘z-jumlalarni eshitib-ko‘rib katta bo‘lishmoqda va bu o‘ta oddiy holga aylanib bormoqda.




Darvoqe, maʼnaviy mezonlarning emirilishi va vaqtning «virtual botqoq»qa singib ketishi eng katta fojiadir. Aksariyat vaynerlar esa ommaviylik ortidan quvib, milliy mentalitetimizga batamom yot bachkana qiliqlarni, kattalarni masxara qilish yoki ayol shaʼnini erga urishni, yuqoridagi kabi hayosiz so‘zlarni «kulgi» deb taqdim etishmoqda.



Bu roliklarni farzandlar ota-onalari bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib, tomosha qilishayotgani maʼnaviy immunitetimiz sezilarli darajada zaiflashganidan dalolat beradi. Chunki biz kitob va teatr o‘rgatadigan tahliliy fikrlashdan uzoqlashib, lahzalik zavq ortidan yuguruvchi «isteʼmolchi»ga aylanib qolyapmiz. Ayrim vaynlar devor yorig‘idan sizib chiqayotgan suv kabi jamiyat axloqiga putur etkazmoqda. Bu jarayonda vaqt omili eng xavfli qurolga aylanadi. Bir necha soniyalik roliklar aslida soatlarimizni o‘g‘irlayotgan «maʼnaviy qaroqchi»lardir. «Yana bir ko‘ray», degan aldamchi istak bilan telefonga mixlangan yoshlar aynan ilm oladigan, hunar egallaydigan va porloq kelajak poydevorini quradigan qimmatli daqiqalarini behuda boy beryaptilar. Holbuki, shu paytgacha bironta millat faqat video ko‘rish bilan taraqqiyotga erishmagan.


To‘g‘ri, biz zamonaviy texnologiyadan voz kecha olmaymiz. Biroq vosita va maqsad o‘rtasidagi chegarani yo‘qotish maʼnaviy inqirozning debochasi hisoblanadi. Bugungi kunda sermazmun videoroliklar bilan bir qatorda, tomoshabinni fikrlashdan uzoqlashtirayotgan kontentlar ham oz emas. Kino yoki teatr insonni mushohadaga, qahramon taqdiri bilan yashashga, hayotning murakkab jihatlarini his qilishga undaydi. Matbuot tafakkurni boyitadi, tahlil qilishga o‘rgatadi, so‘z boyligini oshiradi. Ayrim vaynlar esa ko‘pincha bir lahzalik hissiyot bilan cheklanib qolishayotir. Eng achinarlisi, baʼzi ijod namunalari axloqiy mezonlardan tobora uzoqlashayotir. Vaholanki, boy tarixga ega kino va teatr sanʼatimiz millatning haqiqiy maʼnaviy qiyofasini belgilaydi. Bu soha ravnaqiga umrini bag‘ishlagan fidoyilarning mehnati aslo zoe ketmasligi kerak.




Shu o‘rinda haqli savol tug‘ilishi tabiiy: nima uchun klassik sanʼat turlari bugun birmuncha oqsamoqda va ularning o‘rnini ijtimoiy tarmoq «ijodkorlari» egallashmoqda? Soha mutasaddilari bu savolning javobi haqida jiddiyroq bosh qotirishlari lozim.




Bizningcha, muammo vaynlarning o‘zida emas, balki ulardan qanday foydalanishda. Pichoq bilan non ham kesiladi, zarar ham etkaziladi. Demak, ijtimoiy tarmoqlar ham insonni rivojlantirishi yoki aksincha, uni tafakkur isrofiga olib borishi mumkin. Shunday ekan, bugungi jamiyat oldida zamonaviy texnologiyalardan voz kechish emas, ulardan ongli ravishda samarali foydalanishni o‘rganishdek muhim vazifa turibdi. Odamlar butun boshli ijtimoiy tarmoqni yaxlit holda nazorat qilish, har bir videoni filtrdan o‘tkazish imkoniyatiga ega emas. Eng samarali filtr tomoshabinning ichki madaniyati va didi sanaladi.


Vaynlar kuldirishi, kayfiyatni ko‘tarishi, ikki-uch soatlik kinoseriallarda ochib berilmagan mazmun-mohiyatni va g‘oyani ikki-uch daqiqada tomoshabinga etkazishi mumkin, ammo u tafakkurimizni egallab olmasligi kerak. Kino, teatr, kitob va matbuotning o‘rnini hech bir qisqa video to‘liq bosa olmaydi. Chunki haqiqiy sanʼat inson qalbida uzoq yashaydi, vaqtinchalik kulgi esa bir necha daqiqada unutiladi.




Xulosa qilib aytganda, vaynlar – zamon mahsuli. Ularni butunlay inkor etish ham, ortiqcha ulug‘lash ham xato. Eng muhimi, inson virtual kulgilarga ruju qo‘yib, haqiqiy hayotni, chin tuyg‘ularni va maʼnaviy qadriyatlarni yo‘qotib qo‘ymasligi lozim.


Maxsuda Mirzaeva, jurnalist


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6649 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat