O'zbekiston – Xitoy sun'iy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etilishi mumkin
2-sentyabr kuni Pekin shahrida Prezident Shavkat Mirziyoev va XXR Raisi Si Tszinpinning rasmiy delegatsiyalar a'zolari ishtirokidagi muzokaralari bo'lib o'tdi. O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Jumladan, Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O'zbekiston – Xitoy sun'iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
“Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” strategik temir yo'li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ilm-fan, tibbiyot, ta'lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-g'arbiy qishloq va o'rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to'g'risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.
Joriy yilda O'zbekistonda ikkinchi Ta'lim forumi o'tkaziladi. Xitoy tilini o'rganishni kengaytirish va o'zbekistonlik yoshlarni o'qitish uchun kvotalarni ko'paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo'llab-quvvatlandi.
Mamlakatimiz hududlarida energetika, mashinasozlik, sun'iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo'jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O'zbekiston – Xitoy “Lu Ban ustaxonalari”ni tashkil etish ko'zda tutilgan.
Sayyohlar almashinuvi o'sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o'rtasida vizasiz tartib joriy etildi.
Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko'rgazmada O'zbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda san'at ko'rgazmalarini o'tkazish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida o'zaro madaniyat markazlarini ochish to'g'risida tarixiy bitim qabul qilinadi.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ShHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati va boshqa ko'p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o'zaro qo'llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida O'zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do'stlik ruhida o'tdi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0