+22C

+22C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

“Abadiy porlovchi quyosh”: Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen qanday hokimiyatga kelgandi?

Koreya xalq-demokratik respublikasi dunyoda muqobili topilmaydigan noyob siyosiy tuzumlardan biri sanaladi. Dunyodagi eng yopiq davlat, internet deyarli ishlamaydi, millionlab askarlar va yirik raketa sinovlari bilan tilga tushgan. Mamlakat ichidagi hayot haqida maʼlumotlar kam, KXDRga tashrif buyuruvchilar ham cheklangan miqdorda maʼlumotlarga ega bo‘ladi. Ushbu davlatning asoschisi, hozirgi rahbar Kim Chen Inning bobosi Kim Ir Senning dunyoga kelganiga 114 yil to‘ldi. Shimoliy Koreyada hukmron mafkuraga ko‘ra, u abadiy prezident maqomiga ega va shaxsga sig‘inishning tipik namunasidir. Quyida KXDR birinchi rahbarining hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritamiz.
O'zgacha rakurs
1292 21:39 | 26.04.2026 21:39

1912 yil 15 aprelda, Yaponiya istilosi davrida Pxenyandan 12 kilometr uzoqlikdagi kichik Mangyonde qishlog‘ida Kim Ir Sen ismli bolakay dunyoga keldi. U qishloq o‘qituvchisi (o‘simlikshunos) va protestant ruhoniysining qizi oilasida tug‘ilgan. Uning ismi Kim Song-Ju bo‘lgan. O‘sha paytda Yaponiya bosib olgan Koreyada xristianlik norozilik mafkurasining bir shakli sifatida qabul qilingan. Ammo bundan tashqari, Kim Ir Senning rasmiy tarjimai hollarida otasi Kim Xyong-Jik va onasi Kang Bang-Sok yapon bosqinchilari va inqilobchilariga qarshi etakchi kurashchilar qatorida bo‘lganligi taʼkidlangan.


1920 yilda yosh Kimning oilasi Xitoyning shimoli-sharqidagi Manjuriyaga ko‘chib o‘tdi, u esa o‘qishni xitoy maktabida davom ettirdi. Ko‘p o‘tmay, 32 yoshida otasi vafot etdi, 14 yoshli Kim esa ikkita to‘pponcha va quyidagi nasihatni meros qilib oldi: “Inqilobchi har doim uch xil o‘limga tayyor bo‘lishi kerak: ochlik, kaltak va sovuqdan o‘lishga”. Shimoliy Koreyada bu nasihatlar “chivon” g‘oyasi deb ataladi, bu so‘zma-so‘z “buyuk rejaga ega bo‘lish” degan maʼnoni anglatadi. O‘rta maktabda yosh koreys xitoylik komsomol aʼzolari tomonidan tashkil etilgan marksistik yoshlar guruhiga qo‘shildi. Rasmiylar bu yashirin tashkilot haqida tezda xabar topdilar va 17 yoshida Kim Song-Ju qamoqqa tashlandi. Olti oy o‘tgach, yosh inqilobchi ozod qilindi va tez orada partizan bo‘linmasi va Xitoy Kommunistik partiyasiga qo‘shildi (bu vaqtga kelib, Koreya Kommunistik partiyasi Komintern tomonidan tarqatib yuborilgan edi).



Kimning o‘rtoqlari unga yangi nomlar berishdi. Avvaliga Han Ber (“Yagona yulduz”), keyin boshqa nomlar — Tong Myon (“Sharqdan nur”) va Il Sung (“Chiqayotgan quyosh”). Rasmiy tarjimai holiga ko‘ra, Kim Ir Sen darhol yoshlarga “Kapital” asari yordamida marksizmni o‘rgata boshladi va tezda martaba zinapoyalaridan ko‘tarildi. 1934 yilda u faqat vzvod komandiri bo‘lgan bo‘lsa, ikki yildan so‘ng u diviziyaga qo‘mondonlik qildi. To‘g‘ri, o‘sha paytda diviziya ko‘pincha bir necha yuz kishidan iborat partizan bo‘linmasini anglatardi. Shunga qaramay, Kimning shuhrati oshdi. Yaponlar uning boshi uchun hatto yaxshigina narx qo‘yishdi. Biroq, Kimning haqiqiy shuhrati 1937 yil yozida Koreyaga qilingan reyddan keyin oshib ketdi, o‘shanda uning qo‘mondonligidagi kichik partizan otryadi chegarani kesib o‘tib, Koreyaning Pochonbo shahriga hujum qilgan edi. Partizanlar yapon politsiyasini o‘ldirishdi, politsiya bo‘limi va maʼmuriyat binosini yoqib yuborishdi va aholi orasida mamlakatning qayta tug‘ilishiga chaqiruvchi varaqalar tarqatishdi. Partizanlarning faoliyatidan xavotirda bo‘lgan yapon qo‘mondonligi Manjuriyada partizanlarni tozalashni boshladi.


1940 yil oxirida Kim Ir Sen kichik bir otryad bilan Manjuriyadan sovet Uzoq Sharqiga ko‘chib o‘tdi. 1942 yil o‘rtalariga kelib, Qizil Armiyada kapitan unvonini olganidan so‘ng, u 88-o‘qchi brigadasining birinchi bataloniga qo‘mondon etib tayinlandi. 1945 yil avgust oyida mamlakat sovet qo‘shinlari tomonidan ozod qilingandan so‘ng, Kim Pxenyanga qaytib keldi. O‘sha paytda u 88-brigadadagi eng yuqori martabali koreys ofitseri edi. 1945 yil oktyabr oyida Pxenyan stadionida Qizil Armiya sharafiga miting bo‘lib o‘tdi, unda 25-armiya qo‘mondoni general-polkovnik Chistyakov nutq so‘zladi. U Kim Ir Senni tinglovchilarga milliy qahramon va taniqli partizan qo‘mondoni sifatida tanishtirdi. Aytish mumkinki, bu uning hokimiyat tepasiga ko‘tarilishiga sabab muhim omil bo‘lgan.


Kim Ir Sen 1946-yil.


Biroq, hammasi boshlanishidan oldin tugashi ham mumkin edi. 1946 yil 1 martdagi miting paytida olomon orasidan Kim Ir Senga granata otildi. Uni sovet xavfsizlik xodimi Yakov Novichenko qutqarib qoldi, u granataga o‘zini otib, yarador bo‘ldi. Natijada Novichenko qo‘lini yo‘qotdi. Ko‘p yillar o‘tgach, Shimoliy Koreya rahbari uni topdi va 1984 yil iyul oyida rahbarning qutqaruvchisi KXDR Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.


Kim umrining oxirigacha Shimoliy Koreyada eng yuqori rahbarlik lavozimlarini egalladi. Mamlakatning o‘zi ikkita okkupatsiya zonasiga - Sovet va Amerika zonasiga bo‘lingan edi. Ikkala tomon ham o‘z rejimini yarim oroldagi yagona qonuniy hokimiyat deb eʼlon qilishdi. Koreyaning shimoliy va janubiy qismlari o‘rtasidagi urush 1950 yil yozida boshlandi va uch yildan so‘ng sulh tuzish bilan yakunlanmaguncha turli stsenariylar bilan davom etdi.


Kim Chen In tashqi o‘yinchilari bilan munosabatlarda mohir va moslashuvchan siyosatchi edi. U SSSR va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlardagi qarama-qarshiliklardan mohirona foydalanib, ikkala tomon bilan ham aloqalarni saqlab turdi va ular bilan hamkorlikdan foyda ko‘rdi. U hatto siyosiy raqiblarini ham qanday qilib o‘ziga jalb qilishni bilardi. Hatto Shimoliy Koreyaning ashaddiy dushmani bo‘lgan AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter uni quyidagicha taʼriflagan:


“Prezident Kim Ir Sen AQShning eng mashhur ilk prezidentlari: Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Avraam Linkolnni o‘zida mujassam etgan ajoyib shaxs”.


Aslida, Kim na Jorj, na Tomas, na Avraam edi. Marksizmdan farqli o‘laroq, yoshligidan marksist bo‘lgan Kim Ir Sen butunlay yangicha davlat mafkurasini - chuchxeni ishlab chiqdi. KXDR Konstitutsiyasi bu g‘oyani shaxs, inqilobiy g‘oyalar va xalq mustaqilligiga asoslangan dunyoqarash sifatida belgilaydi. Ammo chuchxe davrida Shimoliy Koreya dunyosining haqiqiy markazi Kim Ir Senning o‘zi edi. 1972 yilda u Bosh vazir lavozimidan voz kechdi va KXDR prezidenti bo‘ldi. U bu lavozimni nafaqat hayoti davomida, balki vafotidan keyin ham egalladi. Respublika Oliy Xalq Assambleyasi marhum rahbarni abadiy prezident deb eʼlon qildi va Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni “Quyosh kuni” nomi bilan ataladigan, Shimoliy Koreyada asosiy milliy bayramga aylandi. Hatto Koreya taqvimi ham uning tug‘ilgan yilidan (1912 yil — chuchxening 1-yili) boshlanadi. Demak, KXDRda hozir bor-yo‘g‘i 114-yil davom etmoqda.


Kim Ir Senning KXDRdagi rahbarligini uch yirik davrga bo‘lish mumkin. Bular urushdan keyingi taraqqiyot, turg‘unlik va iqtisodiy cho‘kish. 1960-yillargacha Shimoliy Koreya Janubga qaraganda rivojlangan va to‘qroq davlat edi, Janubiy Koreya harbiy diktatura hukm surardi. SSSR, Xitoy va boshqa sotsialistik lager davlatlarining yordami ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


Ammo bu jarayon uzoq davom etmadi. 70-yillardan boshlab Janubiy Koreya bilan raqobat tufayli yalpi ichki mahsulotning (YaIM) qariyb 30% qismi armiyaga sarflana boshladi. Bu oddiy xalqning turmush darajasini pasaytirib yubordi. Izolyatsiya tufayli mamlakat dunyodagi ilmiy-texnik inqilobdan orqada qoldi. Zavodlardagi uskunalar eskirdi, yangilarini sotib olishga esa mablag‘ etishmadi. 90-yillarga kelib esa mamlakat halokatli ahvolga kelib qoldi. SSSRning parchalanishi, sotsialistik blokning kunpayakun bo‘lishi KXDRga iqtisodiy jihatdan yomon taʼsir etdi. Hatto birinchi rahbar vafotidan sal o‘tib, mamlakatda dahshatli ocharchilik boshlandi. Mazkur ocharchilik 1995 yildan 1999 yilgacha davom etdi. O‘lganlar soni 220 000 dan 3,5 milliongacha deb taxmin qilinadi (jami aholining 15 foizigacha bo‘lgan miqdor).


Kim Ir Sen, Kim Chen In


Kim Ir Sen 1994 yilda yurak xurujidan vafot etgan. Shimoliy Koreyada bugungi kunda prezident lavozimi mavjud emas — hozirgi rahbar Kim Chen In (uning nabirasi) Davlat ishlari raisi lavozimida faoliyat yuritadi.


Abror Zohidov



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs