Сhempion xokkeychilar taqdirlandi
O'zbekiston yoshlari ko'pgina sport turlarida dunyoga o'zlarini tan oldirmoqdalar. Boks, taekvondo, shaxmat, yengil atletika kabilar shular jumlasidandir. Endilikda ushbu sport turlari qatoriga xokkeyni ham qo'shishimiz mumkin. Garchi, xokkey bizning millatimizga biroz uzoqroq sport turi bo'lsa-da, yoshlarimiz unda ham iqtidori va iste'dodini namoyish etmoqdalar.
Shu yilning 28 fevral' – 6 mart kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo'lib o'tgan U-18 yosh toifasidagi xokkeychilar o'rtasidagi jahon chempionatida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining xokkey maktabi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan terma jamoamiz munosib qatnashib, Vatanimizga yorug' yuz bilan qaytdi.
Ushbu musobaqada terma jamoamiz Janubiy Afrika respublikasi termasini 12:0, Lyuksemburgni 12:1, Turkmanistonni 8:2, Bosniya va Gertsegovinani 11:3 va Tailand terma jamoasini 3:2 hisobida yengdi.
Shunga ko'ra, o'z guruhida yuz foizlik natijani qayd etgan xokkeychilarimiz kelasi mavsumda U-18 jahon chempionatida III divizionning «A» guruhida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdilar.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida xokkey jamoasi murabbiy va sportchilarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirni O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov olib bordi.
– Hurmatli murabbiylar va yosh sportchilarimiz, – deb boshladi o'z so'zini Qudratilla Rafiqov. – Avvalo, sizlarni ushbu g'alaba bilan chin qalbimdan tabriklayman. Siz xokkey bo'yicha yurtimiz sporti tarixida yangi sahifa ochdingiz. Butun dunyo ahli, qolaversa, katta ishtiyoq bilan sizni kuzatib turgan yurtdoshlarimiz mahorat namoyon etganingizga guvoh bo'ldi. Har bir uchrashuvda yuqori ustunlikka erishganingizga hayrat va havas bilan boqdilar.
Buning zamirida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida Yangi O'zbekistonimizda professional sportchilarni tayyorlash bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar yotibdi, desak, adashmaymiz. «Humo Arena» muz saroyi qurilgani ko'p o'tmay o'z samarasini beryapti. Bunga sizlarning natijangizni bemalol misol qilib aytishimiz mumkin.
Q.Rafiqov O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bundan keyin ham xokkeychilarni qo'llab-quvvatlashda davom etishini, ularning yutug'i butun yurtimiz ahli qalbini faxr va iftixorga to'ldirganini ta'kidladi. Qolaversa, yosh xokkeychilarning jahon chempionatida erishgan ulkan g'alabasi O'zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik shodiyonasiga munosib sovg'a bo'lganini ham e'tirof etib o'tdi.
Shundan so'ng yosh sportchilar va ularning murabbiylariga pul mukofotlari hamda maxsus tabriknomalar topshirildi.
– Xokkeychida ko'plab xislatlar bo'lishi kerak, – deydi sportchilar murabbiyi Abdumajid Nosirov. – U tezkor, aqlli, uslubiy jihatdan tez qaror chiqarish qobiliyatlarini o'zida birlashtirgan bo'lishi lozim. Hozir «Humo Arena» muz saroyida 100 nafardan oshiq yoshlarimiz shug'ullanayotgan bo'lsa, ular orasida umidli, iqtidorlilari anchagina. Aprel' oyida Armanistonda kattalar o'rtasida jahon chempionati bo'lib o'tadi. Ayni damlarda ushbu musobaqaga ham qizg'in tayyorgarlik ko'ryapmiz. Tailanddagi U-18 jahon chempionatida III divizionning «A» guruhida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdik. Kelgusi maqsadlarimiz ushbu natijalarni bosqichma-bosqich yuksaltirish bo'ladi. Ko'rsatilayotgan e'tibor va yaratilgan sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga barcha xokkeychilarimiz nomidan minnatdorlik bildiraman. Nasib qilsa, yigitlarimiz yangi marralarni zabt etish yo'lida yanada ko'proq mehnat qilishadi.
Tadbirda kasaba uyushmalari faollari ham so'zga chiqib, O'zbekiston terma jamoasi sardori Jasurbek rustamxonovning 5 o'yinda 22 ochko (14 gol + 8 assist) jamg'arib, turnirning «Eng yaxshi o'yinchisi», «Eng yaxshi hujumchisi» va Rustam Ergashevning «Eng yaxshi darvozabon» deb tan olinganiga ham alohida e'tibor qaratishdi hamda yosh sportchilarga omad tilashdi.
Zebo Namozova
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0