GENERAL PAVLOVNING QISMATI
U aslida mustabid tuzum fojiasi edi
1941-1945 yillarda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi bo'lgan qonli urushda sobiq Ittifoqning million-millionlab fuqarolari shahid ketdilar. Qay birlari qirg'inbarot janglarda jon fido qildilar, qay birlari asirlik va ochlik azob-uqubatlariga dosh berolmadilar. Dushman qo'liga qurol tutmagan keksalaru ayollarga, harb ko'rmagan yigitlaru qizlarga, urush nimaligini tushunmagan murg'ak go'daklarga ham shafqat qilmadi. Yo'rig'iga yurmagan, hukmiga bo'ysunmagan odam borki, bari-barini ayovsiz qirdi. Bu ham yetmaganday, qurbonlar orasida sho'ro hukumati tomonidan badnom etilganlari, xizmati evaziga rahmat eshitish o'rniga tuhmatga uchrab, qatag'on qilingalari ham ko'p edi. Ulardan biri Sovet Ittifoqi Qahramoni – armiya generali Dmitriy Grigor'evich Pavlov edi.
Bu sarkarda Birinchi jahon urushida qatnashgan, Ispaniyada va sovet-fin frontida ham jang qilgandi. Keyinchalik Belorussiyadagi alohida harbiy okrug qo'shinlariga qo'mondon etib tayinlangandi. Ikkinchi jahon urushi arafasida esa G'arbiy frontga boshchilik qilayotgandi. Qarangki, nemislar sobiq SSSRga aynan o'sha hududdan bostirib kirdilar. Oqibatda D.Pavlov 1941 yil 3 iyul' kuni Kommunistik partiya Markaziy qo'mitasi famoyishiga ko'ra, vatan xoini sifatida hibsga olindi. Hayal o'tmay – 22 iyulda mamlakat Oliy sudi harbiy kollegiyasi unga eng oliy jazo tayinlash yuzasidan hukm chiqardi. General uch safdoshi va unvondoshi – front shtabi boshlig'i Viktor Klimevskix, front shtabi aloqa xizmati boshlig'i Andrey Grigor'ev, 4-armiya qo'mondoni Aleksandr Korobkov bilan birgalikda qatl qilindi. Bu paytda u endigina 44 yoshga to'lgandi...
Shu o'rinda savol tug'iladi: D.Pavlovning gunohi nima edi? Unga qo'yilgan ayblar tergov va sud jarayonida o'z isbotini topganmidi?
“Trud” gazetasining 1993 yilgi 6 sentyabr' sonida bu muammolarga aniqlik kirituvchi tarixiy bir hujjat e'lon qilindi. U D.Pavlovni so'roq qilish bayonnomasi bo'lib, 1941 yil 7 iyulda to'ldirilgan. Savol-javoblar soat 1.30 da boshlanib, 16 dan 10 daqiqa o'tganda yakunlangan. Bayonnomani diqqat bilan o'qigan kishi generalga nisbatan adolatsizlik qilinganini, tergov o'sha davrda an'anaga aylangan “eng ilg'or” usullar vositasida olib borilganini osongina ilg'ab oladi.
Bayonnoma mazmuni shundayki, go'yo D.Pavlov kechirib bo'lmas jinoyatga qo'l urgan. Dushman bilan oldindan til biriktirib, qulay fursat kelganida, unga mamlakat ichkarisiga bemalol bostirib kirishi uchun imkoniyat yaratib bergan. Harbiy qonunshunoslar, qanday bo'lmasin, Pavlovdan “ayblari”ini tan olishini talab qilishgan. Aniqrog'i, uni o'zini o'zi ayblashga, o'zi ustidan o'zi hukm chiqarishga majburlashgan. Savollar ham boshdan-oyoq shu maqsadga qaratilib, oldindan hozirlab qo'yilgan hukmni ma'qullashga yo'naltirilgan. Ular asosan “Sotqinligingiz haqida so'zlab bering”, ”Biz siz uzoq yillar, ayniqsa, G'arbiy frontga qo'mondonlik qilgan paytingizda xoinona faoliyat yuritganingiz to'g'risidagi aniq ma'lumotlarga egamiz”, “Tergovda siz 1935 yildayoq mamlakatimizga qarshi fitna uyushtirishda ishtirok etganingiz, o'sha vaqtdan e'tiboran bo'lg'usi urushda vatanni sotishni o'ylab qo'yganingiz isbotlangan”, “Dushman SSSRga aynan siz qo'mondonlik qilayotgan front orqali yorib kirib, qisqa fursatda mamlakat ichkarisiga ilgarilab ketgani bejiz emas” qabilidagi tayyor “aybnoma”lardan iborat.
D.Pavlov deyarli har bir javobida bu bo'htonlarni qat'iyan rad etgan, sotqin emasligini bot-bot uqtirgan. Ayni chog'da, o'zi qo'mondonlik qilayotgan frontda yuzaga kelgan vaziyatning tub sabablarini batafsil izohlab bergan. Alohida ta'kidlashicha, u dushman hujumining oldini olish va to'xtatib qolish uchun bor kuch-imkoniyatlarini to'liq ishga solgan. Bu borada mudofaa xalq komissari va o'z qo'l ostidagi qo'shinlar qo'mondonlari bilan bamaslahat ish tutgan, vaziyatga qarab, jiddiy choralar ko'rgan, vaqtida barcha qurol va texnikalarni jangovar holatga keltirish, mudofaaga o'tish va jangga kirishish yuzasidan buyruq-farmoyishlar bergan. Biroq, shunga qaramay, sovet qo'shinlari katta talafotlar ko'rib, ortga chekinishga majbur bo'lgan.
Mag'lubiyatning sababi esa o'z-o'zidan ma'lum edi. Avvalo, nemis armiyasi oldingi janglarda katta tajriba orttirgandi. Qolaversa, G'arbiy frontga juda katta kuch bilan qo'qqisdan bostirib kirgandi. Aviatsiya va tanklar bilan ta'minlanishi jihatidan sovet qo'shinlariga nisbatan katta ustunlikka ega edi. Ikkinchidan, urushning dastlabki soniyalarida G'arbiy frontning chap qanotida Boltiqbo'yi harbiy okrugiga qarashli litva qismlari jangovar holatda turardi. Ammo ular jangga kirishni xohlamadi. Askarlar dushmanning ilk xurujidan keyinoq o'z komandirlarini otib tashlab, qochib ketishdi. Bu imkoniyatdan foydalangan nemis tankchi qismlari Vil'nyusdan turib D.Pavlov qo'shinlariga qaqshatgich zarba berishdi.
Afsuski, harbiy tergovchilar masalaning bu jihatlarini hisobga olmaydilar. Pavlovning ko'rsatmalarini teskari talqin qilib, “Agar o'zingiz aytganingizdek, okrug qismlari jangovar yurishlarga tayyorlangan, siz dushmanga qarshi chiqish yuzasidan issig'ida farmoyishlar bergan bo'lsangiz, demak, dushmanning sovet hududiga chuqur yorib kirishi sizning jinoiy harakatlaringiz tufayli sodir bo'lgan”, degan mazmunda biryoqlama xulosa chiqaradilar. Shunga ko'ra, D.Pavlov va uning safdoshlarini eng oliy jazoga mahkum etadilar.
Bu aslida generallarning emas, inson taqdirini sariq chaqachalik nazarga ilmagan, o'zining tashqi siyosati va urushga tayyorgarlik bobidagi xatolarini, gitlerchilar bosqinining dastlabki davridagi mag'lubiyatlarini begunoh kishilar hayoti evaziga to'g'rilashga intilgan zolim diktatorning fojiasi edi. D.Pavlov singari ming-minglab kishilar mustabid tuzum qurbonlariga aylangandilar.
Binobarin, oradan 16 yil o'tgach, Ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasi mamlakat Bosh prokurorining ushbu masalaga oid xulosalarini atroflicha o'rganib chiqib, 1941 yil 22 iyulda chiqarilgan mudhish hukmni yangi ochilgan holatlarga ko'ra bekor qildi. Pirovardida generallar xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari yo'qligini ta'kidlab, jinoyat ishini harakatdan yotqizdi.
Nemis-fashistlar sobiq SSSRga bostirib kirganiga 83 yildan oshdi. Shu davr mobaynida ikki-uch avlod yangilandi. Lekin urush dahshatlari hali-hanuz bitgani yo'q. Uning zahmi kimlarningdir jismi-jonida, kimlarningdir fikru xayolida davom etmoqda. Og'ir damlarda sobiq sho'ro korchalonlari tomonidan ham jismonan, ham ma'nan mahv etilganlarning ruhlari esa hamon adolat istab, chirqillab yuribdi. Lekin, ming afsuski, endi tarix g'ildiragini ortga burib ham, qirg'inbarot yillarida allakimlar tomonidan yo'l qo'yilgan mudhish xatolarni to'g'rilab ham, jabrdiydalarni hayotga qaytarib ham bo'lmaydi.
Xulosa esa bitta: yangi avlodlar o'tmish fojialaridan tegishli saboq chiqarib olishlari, inson hayoti va taqdiriga bog'liq xatolarni hargiz takrorlamaslik choralarini ko'rishlari kerak!..
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0