Kulgu ulashuvchi jiddiy inson: “Mister Bin” 70 yoshda
Ko'pchilik muxlislar uning haqiqiy ismi-sharifini bilishmaydi va oddiygina mister Bin deb qo'yishadi. Ingliz aktyori Rouen Atkinson komik rollari bilan dunyo bo'ylab millionlab muxlislar qalbini zabt etgan.
Jonni Inglish, Edinburg gertsogi va nihoyat mister Bin rollari uning shuhratini olamga yoydi. Eng qizig'i, ijrolari bilan odamlarni kuldiruvchi aktyor hayotda ancha jiddiy fe'l-atvorga ega. U magistr darajasiga ega va texnika fanlari bilan jiddiy shug'ullangan. Quyida mashhur ijodkorning hayot yo'lini ko'rib chiqamiz.
Rouen 1955 yil 6 yanvarda Angliyaning tog'li Konsett shahridagi oddiy oilada tug'ilgan. Uning ota-onasining televidenie yoki sahnaga aloqasi yo'q edi. Ota Erik dehqon edi, onasi Ella Mey unga yordam berib, uch farzandni tarbiyalagan. Bolaligidayoq Atkinson deyarli hammani kuldirishi mumkin bo'lgan o'ziga xos yuz ifodasiga ega edi, u maktabda tez-tez kulguli chiqishlar qilardi. Maktabdayoq bo'lajak aktyor hazilkash va masxaraboz sifatida tanilgan, bu esa Rouenni o'quvchilar orasida mashhur shaxsga aylantirdi.
11 yoshida bola o'sha paytda Buyuk Britaniyaning bo'lajak Bosh vaziri Toni Bler o'qigan nufuzli maktabga o'tkazildi. Keyinchalik aktyor Angliyaning shimoli-g'arbiy qismida joylashgan Sent-Bis yopiq xususiy maktabiga ko'chib o'tdi. Bu yerda Atkinson o'zini juda noqulay his qilgan turli xil sport fanlariga katta e'tibor berilardi. Uning jismoniy holati sportdan yiroq edi va mashg'ulotlarda tezda charchab qolardi. Sinfdoshlari zaif bolaning ustidan kulishdi, keyin Rouen bundan foydalanishga qaror qildi. Kiyinish xonasida u o'qituvchilarni parodiya qildi, o'zining komediyaviy iste'dodi tufayli boshqalarni hayratlantirdi. Yigit shu tariqa o'zining sportdagi ojizligidan his qilgan uyatni yashirdi, tengdoshlari orasida hurmat qozonishga harakat qildi.
Kollejni tugatgandan so'ng, bo'lajak aktyor o'zining o'smirlikdagi masxarabozligi uchun xijolat bo'lib, juda jiddiy va kamtarin yigitga aylandi. N'yukasl universitetiga elektronikani o'rganish uchun o'qishga kirdi. Bo'lg'usi komediya ustasi bolaligidan fizikani yaxshi ko'rardi va qiyin formulalarni osongina yodlab va tushunib olardi. Ijodkor uchun texnik fanlar har doim oson bo'lgan, shuning uchun universitetni tugatgandan so'ng, Rouen Oksfordga taklif qilindi va u yerda doktorlik dissertatsiyasini yozishga kirishdi. Aynan o'qish paytida aktyorning hayotida ajoyib odamlar paydo bo'ldi: bular yozuvchi Richard Kertis va bastakor Xovard Gudal edi. Bu kishilar uning kelajakdagi faoliyatida eng yaxshi do'stlari va hamkasblariga aylandi.
Atkinson 2-kursligida aktyorlik va masxarabozlik bilan shug'ullangan, ajoyib jamoa a'zosiga aylangandi, ular hayotini sahnasiz tasavvur qila olmasdi. U eksperimental teatr klubi va Oksford universiteti drama jamiyatiga a'zo bo'ldi. Aktyor stsenariylarni do'sti Kertis bilan hamkorlikda yozgan, u kelajakda kino sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Magistrlik darajasini olgandan so'ng, Atkinson Etseteras teatr truppasi tarkibida Angliya bo'ylab gastrol safariga chiqdi.
Rouen tezda Buyuk Britaniyaning komediyasi sahnasida yulduz sifatida shuhrat qozondi. Dunyo tan olishi yo'lidagi birinchi qadam oddiy "Atkinson odamlari" nomli radio shou edi. Aktyorning hamkori uning do'sti va hamkasbi Richard Kertis bo'ldi. Rouen o'zi o'ylab topgan qahramonlardan olingan satirik intervyular xalq e'tirofiga sazovor bo'ldi.
Atkinson televideniega boshqa bir komediyachi Angus Deyv tufayli keldi. Ularning birgalikdagi chiqishlari yozib olingan va shoulardan birida namoyish etilgan. Keyinchalik aktyorga Jon Lloyd prodyuserlik qilgan dasturni suratga olish taklif qilindi. Govard Gudoll bastakor bo'ldi va shou uchun unutilmas musiqa yozdi, Richard Kertis esa fil'mning bir nechta epizodlarini yaratdi. Sketch-shou 1979 yil oktyabr' oyida efirga uzatildi va darhol Buyuk Britaniyada juda mashhur bo'ldi.
Televideniedagi muvaffaqiyatli debyutidan so'ng, Atkinson Xyu Lori va Stiven Fray ishtirokida o'rta asrlardagi voqealar tasvirlangan "Blekkeder (Qora ilon)" komediyasiga taklif qilindi, bu Atkinsonning Angliyadagi eng mashhur komediyachilardan biri sifatida shuhratini mustahkamladi.
Atkinson ilk bor 1989 yilda “Temza” televideniesida yangi yilga bag'ishlangan yarim soatlik maxsus ko'rsatuvda paydo bo'lgan janob Bin obrazidagi debyutidan so'ng jahon miqyosida shuhrat qozondi. Yangi yildan so'ng darhol xuddi shu nomdagi "Mister Bin" seriali chiqdi. Rouen Oksfordda o'qib yurgandayoq ushbu personajni o'ylab topgan va hatto bir necha bor festivallarda paydo bo'lgandi. O'z ishida aktyor qahramonning yuz ifodalari va mimikasiga katta e'tibor berdi, chunki Bin serialida deyarli hech qanday dialog mavjud emas va juda kam gapiradi. Bu roldan so'ng Atkinsonning mashhurligi tom ma'noda Buyuk Britaniya chegaralarini kesib o'tdi va dunyo sahnasiga chiqdi. Besh yil davomida butun dunyo janob Binning sarguzashtlarini tomosha qildi; har bir epizod 20 milliondan ortiq tomoshabinni jalb qildi. Serialning ajoyib muvaffaqiyati 1997 yilda chiqarilgan xuddi shu nomdagi to'liq metrajli fil'mni yaratishga imkon berdi. Mashhur qahramon obrazida aktyor bir necha bor ko'plab shou va televizion loyihalarda ishtirok etib, tomoshabinlarni rang-barang chiqishlari bilan quvontirdi.
Biroq vaqt o'tishi bilan Rouen Atkinson mister Bin obrazidan charchay boshladi va "Mister Bin ta'tilda" fil'mi bu turkumdagi so'nggisi bo'lishini e'lon qildi. Fil'm 2007 yilda chiqarilgan.
2012 yilda Atkinson Londondagi Yozgi Olimpiya o'yinlarining ochilish marosimida diniy qahramon sifatida paydo bo'ldi. Marosimdan so'ng Rouen intervyu berdi va “Mister Bin” faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi. Aktyorning so'zlariga ko'ra, rol jismoniy tomondan tobora qiyinlashgan edi, chunki personaj nihoyatda ko'p yuz ifodalariga ega sanaladi.
Televizion ekran tomoshabinlari qalbini zabt etgandan so'ng, Atkinson internetda ham faol ijod qila boshladi. 2018 yildan beri YouTube platformasi Handy Bean shousini chiqardi. Mister Bin kanalining mashhurligi tezda oshdi va Rouen uning ortidan YouTube brilliant tugmachasini oldi. Hozirda ushbu kanalni 34 milliondan oshiq foydalanuvchi kuzatadi.
Ijodkor badiiy filmlar borasida ham samarali mehnat qildi. "Kalamush poygasi" fil'mida Atkinsonga u bilan teng darajada mashhur komediyachilar Jon Kliz, Vupi Goldberg, Set Grin va Jon Lovits hamrohlik qildi. 2003 yilda "Agent Jonni English" komediyasi chiqdi, aktyor janob Bin rolidan uzoqlashdi va Britaniya razvedkasi agenti rolini o'ynadi. Fil'mning o'zi mashhur josus Jeyms Bond haqidagi fil'mlarning parodiyasi edi. Fil'm muvaffaqiyatli chiqdi va Rouen eng yaxshi aktyor uchun nufuzli Yevropa kino mukofotini oldi. 2011 yilda filmning “Agent Jonni English. Qaytish” nomli davomi suratga olindi.
Rouen o'z chiqishlarida ko'pincha intervyu berishni yoqtirmasligini hazil qiladi, chunki jurnalistlar unga shaxsiy hayoti haqida savollar berishadi. Afsuski, aktyor hayoti kinodagiday quvnoq emas. Atkinson dastlab aktrisa Lesli Esh bilan uchrashdi, lekin keyin u bilan ajrashib ketdi. 80-yillarning oxirlarida u BBC xodimi Sanetra Sestri bilan uchrashdi. Ularning munosabatlari juda tez rivojlandi va 1990 yilda ular turmush qurishdi: dastlab juda kamtarona, oila davrasida oddiy marosim, keyin esa Londonning markazida hashamatli to'y o'tkazildi. Bu oiladan ikki nafar farzand (bir o'g'il va bir qiz) dunyoga keldi: Lili Greys va o'g'li Benjamin Aleksandr Sebastyan. Qiz otasining izidan bordi va Rouen fil'mlarida bir nechta kichik rollarni o'ynadi, lekin oxir-oqibat qo'shiqchi bo'ldi. 2013 yilda Rouen ajrashish uchun ariza berdi. Hozirda Atkinson aktrisa Luiza Ford bilan yashab kelmoqda. 2017 yil dekabr oyida ularning Isla ismli qizlari dunyoga keldi.
Aktyor poyga va avtomobillarga qiziqadi. U hatto bir paytlar bu mavzularda ixtisoslashgan jurnallar uchun maqolalar yozgan. 2011 yilda Rouen 650 ming funt sterlinglik McLaren F1 mashinasida soatiga 240 mil tezlikda harakatlanib halokatga uchradi va o'limdan zo'rg'a qutulib qoldi. Kino yulduzining avtoparki BMW 328 va Aston Martin virage, Rolls-Royce, Morris Traveller, gibrid Honda Civic va Mercedes-Benz 500E kabilardan iborat. Agent Jonni English fil'midagi qahramon boshqargan Aston Martin DB7 vantage mashinasi ham Atkinsonga tegishli. Unga yoqmaydigan avtomobil markasi ham bor – Porsche. Atkinson hazil tariqasida bu turdagi mashinalarni tanlagan odamlar bilan til topisha olmasligiga ishonishini aytgan.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0