Mikki Maus yoki Oppog'oy: Uolt Disney qanday qilib millionlab bolalar ko'nglidan joy olgan?
Ko'pchiligimiz bolalikdan Mikki Maus, Donald Dak, Oppog'oy, Sinderella (Zolushka), Piter Pen, Bembi va boshqa multqahramonlar ishtirok etgan filmlarni ko'rib ulg'ayganmiz. Bu multfilmlar faqat shodlik keltirsada, ularning muallifi murakkab hayot yo'lini bosib o'tgan.
Uolt Disney kambag'al oilada tug'ilgan, Yevropaga ishlash uchun borishga majbur bo'lgan, tez yordam mashinasini haydagan, birinchi animatsion studiyasi esa omadsizlikka uchrab, bankrot bo'lgandi. Oxir-oqibatda bolalarning sevimli obrazlari muallifi saraton xastaligidan vafot etdi. Disney kino tarixidagi birinchi ovozli va musiqiy multfilmlarning yaratuvchisi edi. U rejissyor sifatida 111 ta film suratga oldi va yana 576 ta filmning prodyuseri bo'ldi. Disneyning kinematografiya sohasidagi ajoyib yutuqlari 26 ta Oskar haykalchalari (mutlaq rekord) va Irving Talberg mukofoti hamda ko'plab boshqa mukofotlarni tashkil etadi.
Uolt Disney 1901 yil 5 dekabrda Сhikagoda uncha boy bo'lmagan oilada tug'ilgan. Uning ajdodlari ingliz, irland va nemislar bo'lgan. 1906 yilda oila Missuri shtatidagi fermaga, 1910 yilda esa Kanzas-Sitiga ko'chib o'tdi. 14 yoshidadayoq Uolt gazeta yetkazib beruvchi bo'lib ishlagan. Birinchi jahon urushi paytida Disney bir yil davomida Frantsiyadagi Xalqaro Qizil Xoch uchun tez yordam mashinasida xizmat qilgan va Rey Krok (Makdonalds fast-fud tarmog'ining bo'lajak egasi) bilan bir kompaniyada xizmat qilgan.
1920 yilda Disney kino reklama studiyasida rassom bo'lib ishga kirdi va u yerda o'zining birinchi reklama filmlarini yaratishni boshladi - shu bilan birga u qo'lda chizilgan animatsiya olamida o'z tajribalarini davom ettirish istagini uyg'otdi. Oxir-oqibat Disney Kanzas-Siti shahrida o'zining birinchi «Laugh-O-Gram» deya nomlangan animatsion studiyasini ochdi, u yerda Ub Iverks uning sherigi va bosh animatoriga aylandi. Biroq, kompaniya tez orada bankrot bo'ldi.
1922-1927 yillarda u erkin ijodkor sifatida faoliyat yuritdi va urushdan keyin kinolar ustida ishlashni boshladi. 1923 yilda Disney Los-Anjelesga ko'chib o'tdi va u yerda u akasi Roy bilan Gollivudda kichik animatsiya studiyasi sifatida Disney multfilmlar studiyasini ochdi. 1924 yilning 1 martida Disney Lyuis Kerrollning «Alisa mo''jizalar mamlakatida» filmidagi qahramonlardan ilhomlangan holda «Alisaning dengizdagi kuni» nomli birinchi kaskadyorlik filmini taqdim etdi. Rejissyor, shuningdek, 1926-1927 yillarda ushbu kitob qahramoni sharafiga «Alisa animatsion mamlakatda» filmlari turkumini nomladi (Disney Alisaning sarguzashtlari haqida jami 56 ta film suratga olgan).
Shu paytdan boshlab Disney filmlarining uslubi shakllana boshladi. 1927 yilda «Quyoncha Osvald» filmi katta shuhrat qozondi va u Disney filmlarining mashhur qahramonlari sahifasini ochdi. Ub Iverks tomonidan chizilgan Mikki Maus birinchi marta Mortimer deb nomlangan, ammo tez orada u butun dunyoga mashhur bo'lgan o'z ismni oldi. Mikki Maus birinchi marta «Jinni samolyot» (1928) ovozsiz filmida paydo bo'ldi va o'sha yili u Disneyning birinchi ovozli filmi «Villi paraxodchasi» (sinxronlashtirilgan ovozli birinchi multfilm) qahramoniga aylandi. Birinchi filmlarda Disneyning o'zi sichqonchani ovozlashtirdi va tez orada bu film rejissyor uchun muvaffaqiyatga yo'l ochdi.
1929 yilda Disney «Quvnoq simfoniyalar» turkumi ustida ishlay boshladi va 1938 yilga kelib «Skelet raqsi» (1929), «Irkit o'rdak» (1932) va «Uch cho'chqacha» (1933) kabi 70 dan ortiq multfilmlarni suratga oldi. Ushbu filmlarda mashhur qahramonlar, it Pluton (1930), it Gofi (1932) va o'rdak Donald Dak (1934) paydo bo'ladi.
Disney 14 yoshida gazeta sotish bilan shug'ullanganida, Kanzas-Siti shahrida butun umr shuurida qolgan Oppog'oy haqidagi qisqa ovozsiz multfilmni ko'rdi. 1934 yilning kuzida Disney aka-uka Grimmlar ertagi asosida stsenariyning birinchi loyihasini yaratdi. Ushbu stsenariyning yakuniy talqinida bir nechta odamlar Disney bilan ishlagan, jumladan Otto Englander, Erl Xard va Ted Sears jumlasidan. 1937 yil 21 dekabrda Amerika ekranlarida ilk bor aka-uka Grimmlar ertagi asosida suratga olingan Disneyning «Oppog'oy va yetti mitti» to'liq metrajli animatsion filmi namoyish etildi. «Oppog'oy» Disneyga katta muvaffaqiyat keltirdi: u mashhurlik, 8 million dollar daromad va professional matbuotda hayajonli sharhlarga sabab bo'ldi.
Tez orada yangi to'liq metrajli filmlar paydo bo'ldi. O'n to'qqizinchi asrda yashagan italyan yozuvchisi Karlo Kollodi ertagi asosida yaratilgan «Pinokkino» (1940) tomoshabinlar tomonidan katta ishtiyoq bilan kutib olindi va tanqidchilar uni ijobiy baholandi.
1950 yilda Disney mashhur Sinderella (sobiq SSSR hududida Zolushka nomi bilan mashhur) multfilmni yaratdi. Sinderella rejissyorlari Uilfred Jekson, Hamilton Laski va Klayd Geronimi edi. Filmda diqqatga sazovor sahnalar ichida katta qovoq aravaga, sichqonlar esa ajoyib otlarga aylanadi. O'zining texnik mahorati uchun film Berlin kinofestivalida «Oltin ayiq» mukofotiga sazovor bo'ldi va Zolushkaning tasvirlari dunyoning ko'plab mamlakatlarida futbolkalar, choyshablar va ro'mollarda paydo bo'ldi.«Sinderella» filmini suratga olgan rejissyorlar 1953 yilda ser Jeyms Barrining kitobi asosida «Piter Pen» to'liq metrajli multfilmini ham yaratdilar. Undan keyin animatsion filmlarning klassikasiga aylangan «Xonim va darbadar» (1955), «Uyqudagi go'zal» (1959) va boshqa mashhur multfilmlar paydo bo'ldi.
Uolt Disney bolalarni yaxshi ko'rardi va farzandli bo'lishni istardi. Ammo bu baxtga u juda kech erishdi. Uolt uylanganidan sakkiz yil o'tib, qizi Diana Meri tug'ildi. Yana 4 yildan so'ng ijodkor va uning rafiqasi yana bir qizchani asrab olishdi va unga Sheron Mey deb nom berishdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Uolt Disney qat'iy antikommunist bo'lgan. The New York Times nashri mualliflaridan biri Mark Eliotning «Uolt Disney, Gollivudning qora shahzodasi» kitobida Disney FQB bilan uzoq yillar hamkorlik qilgani aytiladi. Jurnalist Shimon Brimanning ta'kidlashicha, Disney o'z tashabbusi bilan Gollivuddagi hamkasblariga qarshi byuroga qoralovlar yozgan (bu haqda isbotlar yetarli emas). Ikkinchi jahon urushidan keyin Uolt Disney antiamerika kayfiyatiga qarshi komissiyaga kino olamidagi «yashirin kommunistlar»ni aniqlashda faol yordam bergan. Yana bir qiziq fakt: Mikki Maus kabi qahramonlar orqali mashhurlikka erishgan bo'lsa ham, Disney sichqonlardan qo'rqardi.
1966 yil 15 dekabrda Uolt Disney Los-Anjelesda o'pka saratonidan vafot etdi. Shundan so'ng, uning nomi bilan atalgan kompaniya o'z filmlarida sigaretani ko'rsatishni to'xtatish to'g'risida strategik qaror qabul qildi. Uning vafotidan keyin kinostudiya barcha yoshdagi bolalar uchun animatsion va jonli filmlar ishlab chiqarishni davom ettirdi.
1968 yilda Uolt Disney o'limidan so'ng AQSh prezidenti Lindon Jonsonning shaxsan o'zi tomonidan AQShning eng oliy mukofoti - Kongress oltin medali, shuningdek, prezidentning «Ozodlik» medali bilan taqdirlangan.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0