Miyangizni “fastfud”lar bilan zaharlamang!
Keyingi yillarda nafaqat keksalar, yoshlar ham xotira pastligidan shikoyat qiladi. “Yodimda yo'q”, “Esimdan chiqibdi” kabi bahonalarni ko'p eshitamiz. Buning sababi nimada? Rostdan ham xotira pasayishi barchaga baravar xavf solyaptimi? Altsgeymerdan himoyalanish imkoniyatlari kamayib boryaptimi?
Mutaxassislarga ko'ra, muammo miyamizni “fastfud”lar bilan zaharlayotganimizda. Ma'lumki “fast food” atamasi tezkor ovqatlanish ma'nosida tarjima qilinadi. Fastfud tayyorlash va tanovul qilish kam vaqt talab qiladi, hatto maxsus stol yoki priborlarga ham ehtiyoj yo'q. Ular mazali, lekin zararli. Nafaqat oshqozonimiz, miyamiz ham oziqqa ehtiyoj sezadi. Bu biz unga taqdim qilayotgan axborotlar, yuklamalardir. Bugungi kunda hammamiz uni yengil yelpi, kerakli keraksiz axborotlar bilan to'ydirib yuboryapmiz. Kitob o'qiymaymiz, chuqur mushohada yuritmaymiz. Vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda maza matrasiz vaynlarga sarflab, isrof qilamiz. “Oshqozon miyadan aqlliroqdir, chunki qayt qilib tashlashni biladi, miya esa har qanday axlatni ham yutaveradi” deganida Сhingiz Aytmatov dahosi naqadar haq. Oxir oqibat esa bosh og'rig'idan, xotira pastligidan, ishimiz yurishmayotganidan, zamon nosozligidan shikoyat qilamiz.
Inson sog'lom va uzoq yashashi uchun jismoniy harakat qanchalik muhim bo'lsa, miyamizning faolligi ham shunchalik ahamiyatli. Ishlatilmagan pichoq zanglaydi. Miya ham oziqlantirilmasa, fikrlamasa, xastalikka mahkum bo'ladi. Kitob, gazeta o'qish haqida gapirsangiz, “Hamma narsa internetda bor-ku” deb bahona qiladiganlar ko'paygandan ko'paymoqda. Vaholanki, kitob miyamiz uchun sog'lom ovqat, ijtimoiy tarmoq esa “fastfud” vazifasini o'tamoqda. Buning oqibatlari esa o'zini uzoq kuttirmayapti. Parishonxotirlik, ikki gapni to'g'ri ifodalay olmaslik, asabiylashish, jizzakilik, oilaviy mojarolar, bolalar ruhiyatining buzilishi ko'rinishida o'zini namoyon qilmoqda. Undanda yomoni sun'iy intellekt insonni mahv etmoqda. Kal'kulyatorsiz ikkiga ikkini ko'paytira olmaymiz. Kirimizni mashina chayadi. Idish-tovoqimizni mashina yuvadi. Kasalimizni UTT, EKG va boshqalar aniqlaydi. Mavzuni xorijiy tildan gugl tog'a o'zi tarjima qilib beradi. O'zi yurar mashinalar hayotimizga kirib kelish arafasida. Bu ketishda inson hayotdagi o'rnini va maqsadini yo'qotib qo'ymaydimi?
Mutaxassislar, miya hech narsani unutmaydi deydilar. Demak, xotiramiz pasayishiga sabab uni axborotlar bilan to'ldirib tashlaganimizda. Shkafga hamma narsani pala-partish tiqib tashlasangiz, zarur narsangizni topolmay, qancha ovora bo'lasiz. Kerak so'zni eslab aytolmasligimiz ham pala-partishligimiz oqibatidir. Ijtimoiy tarmoqdan biron axborotni qabul qilayotganda uning ahamiyati, faoliyatimizda qanchalik asqotishi haqida ham o'ylasak yomon bo'lmasdi. Yo'qsa, fantastik fil'mlardagi kabi robotlarga taslim bo'lishimiz hech gap emas.
Parishonxotirlik inson hayotini izdan chiqaradi. Bosh bo'lmasa, gavda losh deydilar. Ayanchli oqibatlarning oldini olish uchun esa hozirdan harakat qilishimiz kerak.
Mutaxassislar xotirani mustahkamlash uchun avvalo oldimizga maqsadlar qo'yishimiz, ularni amalga oshirish uchun harakat qilishimiz zarurligini uqtiradilar. Yangi bilimlar olishdan to'xtamasligimiz kerak. She'r yodlashimiz, xorijiy tillarni, musiqa chalishni o'rganishimiz, matematik amallar, krossvordlar yechishimiz... umuman miyamizni qiyin vazifalarni bajarishga majburlashimiz zarur. G'iybatdan uzoq bo'lib, fozil insonlar suhbatini olishga ko'proq vaqt ajratish lozim. Miyamizni axlat bilan to'ldirib tashlamaylik. U chiqindixona emas, firdavs bog'iga o'xshasin.
Xotirani mustahkamlashning yana bir usuli yozishdir. Har birimiz kundalik yozishga odatlansak, ham xotiramiz yaxshilanadi, ham fikrlaymiz, ham avlodlarga munosib meros qoldiramiz.
Demoqchimizki, nafaqat tanamizni, balki miyamizni ham asraylik, tarbiyalaylik. Shunda atrofdagilarga dardisar bo'lmaymiz. Shunda uzoq va baxtli turmush kechirishimiz mumkin.
Muhabbat To'raboeva
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0