Homilador ayolga ishlashda qanday imtiyoz va taqiqlar bor?
Yangi Mehnat kodeksida homilador ayollarga beriladigan qo'shimcha kafolat va imtiyozlar, ular mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o'ziga xos xususiyatlari tahlil qilingan. Bu borada yig'ilgan savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi katta o'qituvchisi Muhammadamin Karimjonov javob berdi.
– Ayolni homiladorligi sabab ishga qabul qilmaslik mumkinmi?
– MK 119-moddasiga ko'ra, homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra ishga qabul qilmaslik g'ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, MK 392-moddasiga ko'ra, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to'lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda, rad etish sabablarining ishga qabul qilish huquqiga ega bo'lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan yozma asosini homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga ko'ra 3 kun ichida taqdim etishi shart. Ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini taqdim etmaganlik ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan shikoyat qilishga monelik qilmaydi.
Ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g'ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo'shatish to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Jinoyat kodeksi 148-moddasiga ko'ra, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g'ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo'shatish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
– Homilador ayolga dastlabki sinov qo'llash mumkinmi?
– MK 129-moddasiga ko'ra, homilador ayol, 3 yoshga to'lmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga to'lmagan bolani yolg'iz o'zi tarbiyalayotgan ota (vasiy) ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
– Homilador ayolni o'z tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o'tkazish ish beruvchi uchun majburiymi?
– MK 142-moddasiga ko'ra, xodimning vaqtincha boshqa ishga o'tkazish to'g'risidagi iltimosi ish beruvchi tomonidan quyidagi uzrli sabab mavjud bo'lsa qanoatlantirilishi lozim:
qaysi tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayol vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta'sirini istisno etadigan ishga o'tkazishga muhtoj bo'lsa, o'sha tibbiy xulosaning mavjudligi.
MK 149-moddasiga ko'ra, xodim sog'lig'ining holatiga ko'ra xodimni vaqtincha boshqa ishga o'tkazish, homilador ayolni, shuningdek ikki yoshga to'lmagan bolasini parvarishlayotgan ota-onadan birini (vasiyni) ularning avvalgi ishni bajarish imkoniyati bo'lmagan taqdirda vaqtincha boshqa ishga o'tkazish haqida buyruq chiqarish uchun ularning arizasi va tibbiy xulosa asos bo'ladi.
– Homilador ayolni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta'siridan xoli bo'lgan ishga o'tkazilganda o'rtacha oylik ish haqi saqlanadimi?
– MK 394-moddasiga ko'ra, tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko'rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o'rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta'siridan xoli bo'lgan ishga o'tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga o'tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi.
Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta'siridan xoli bo'lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o'rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
– Homilador ayol bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko'ra bekor qilish mumkinmi?
– MK 163-moddasiga ko'ra, homilador ayollar (ushbu Kodeks 408-moddasi) va 3 yoshgacha bolasi bo'lgan xodimlar (ushbu Kodeks 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusi ya'ni MK 161-moddasiga ko'ra bekor qilish taqiqlanadi. Biroq ushbu taqiq tashkilot (uning alohida bo'linmasi) o'z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta'sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganda qo'llanilmaydi.
Shuningdek, MK 408-moddasi 1-qismiga ko'ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko'ra bekor qilishga yo'l qo'yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo'linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
– Homilador ayol bilan muddatli mehnat shartnomasini muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish mumkinmi?
– MK 408-moddasiga ko'ra, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug'ish ta'tili berilgan taqdirda esa bunday ta'tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining so'roviga binoan, lekin 3 oyda ko'pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo'lgan kundan e'tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.
Homilador ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ayolning ushbu Kodeks 404-moddasining birinchi qismida ko'rsatilgan davr uchun homiladorlik va tug'ish nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.
– Homilador ayolga har yilgi mehnat ta'tili berish borasida qanday imtiyozlar mavjud?
– MK 227-moddasiga ko'ra, birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta'tili ayollarga 6 oy o'tguniga qadar xodimning xohishiga ko'ra homiladorlik va tug'ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin beriladi.
MK 228-moddasiga ko'ra, ayollarga – homiladorlik va tug'ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin xodimning xohishiga ko'ra har yilgi mehnat ta'tili unga qulay bo'lgan vaqtda beriladi. Shuningdek, ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug'ish ta'tili davrida o'z xohishiga ko'ra yillik mehnat ta'tili:
birinchi ish yili uchun – ishlab berilgan vaqtdan qat'i nazar;
keyingi yillarda – ta'tillar berish jadvalidan qat'i nazar beriladi.
MK 229-moddasiga ko'ra, homiladorlik va tug'ish ta'tilining muddati boshlanganda xodim har yilgi mehnat ta'tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko'chirish huquqiga ega.
– Homiladorlik va tug'ish ta'tili qancha muddatga beriladi?
– MK 404-moddasiga ko'ra, ayolga tug'ruqqacha 70 kalendar' kun hamda tug'ruqdan keyin 56 kalendar' kun (tug'ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug'ilgan taqdirda 70 kalendar' kun) homiladorlik va tug'ish ta'tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o'rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo'lmagan miqdorda nafaqa to'lanadi.
Homiladorlik va tug'ish ta'tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug'ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat'iy nazar, to'liq beriladi.
Homiladorlik va tug'ish nafaqasini tayinlash hamda to'lash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
MK 405-moddasiga ko'ra, homiladorlik va tug'ish ta'tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko'ra, unga bolasi ikki yoshga to'lguniga qadar bolani parvarishlash ta'tili berilib, bu davr uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to'lanadi.
Ayolga uning xohishiga ko'ra, bolasi uch yoshga to'lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo'shimcha ta'til ham beriladi.
Homiladorlik va tug'ish ta'tili va bolani ikki va uch yoshga to'lguniga qadar parvarishlash ta'tillari haqida keyingi maqolalarimizda batafsil tushuntirish beramiz.
– Homilador ayol vaqtincha masofadan turib ishlash o'tishi mumkinmi?
– MK 458-moddasiga ko'ra, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yong'inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro'y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchida tegishli texnik va tashkiliy imkoniyatlar mavjud bo'lganda homilador ayollar vaqtincha masofadan turib ishlashga o'tish yoki o'tkazish uchun ustuvor huquq beriladigan xodimlarning toifasiga kiradi.
MK 460-moddasiga ko'ra, masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchiga ariza bilan murojaat qilishga, ish beruvchiga tushuntirishlar, o'zi amalga oshirayotgan mehnat faoliyati bilan bog'liq boshqa axborotni elektron shaklda taqdim etishga haqli.
Feruza Rahimova suhbatlashdi



Maqolaga baho bering
5/51
0
0
0
0