Ta'limga e'tibor berayotgan viloyat tajribasi ommalashishga arziydi
Navoiy viloyati hokimining tashabbusi bilan viloyatdagi umumiy o'rta ta'lim muassasalariga o'quvchilarning sifatli ta'lim olishi uchun yetarli sharoit yaratish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun zarur bo'lgan komp'yuter jamlanmalari, chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik fani jihozlari tantanali topshirildi.
Birinchi bosqichda mahalliy byudjetdan mablag' ajratib, 72 ta umumiy o'rta-ta'lim hamda 4 ta kasb-hunar maktablariga jami 1 mlrd. 650 mln. so'mlik chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik fani jihozlari to'plamlari yetkazib berilishi nazarda tutilgan bo'lsa, yoshlarni informatika va axborot texnologiyalari, informatika asoslarini egallash va ularning tafakkuri, iqtidorini rivojlantirish maqsadida Navoiy viloyatidagi ta'lim muassasalariga birinchi bosqichda 1 mlrd. 200 mln. so'mlik 110 ta komp'yuter jamlanmasi yetkazib berildi.
Bu, albatta, o'quvchilarning zamonaviy bilimlarni egallashida katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur Navoiy tajribasi butun respublikaga tadbiq etilsa, maqsadga muvofiq bo'larmidi?! Negaki bu o'zini to'liq oqlaydigan tajriba hisoblanadi. Buning samarasini viloyatning respublika hududlari orasida bilimli yoshlarni yetkazib berishi, maktablari va yoshlari turli tanlovlarda yuqori natijalarga erishishi, yoshlarning tanlov g'oliblari bo'lishi va oliy ta'lim muassasalariga muddatidan oldin qabul qilinishi bo'yicha reytinglarning yuksak o'rinlaridan joy egallashi, qolaversa viloyatda sohalarning keskin va jadal rivojlanishi, kadrlar salohiyatining yuksakligida ko'rishimiz mumkin. Bu balandparvoz gaplar emas, shunchaki oddiy xaqiqatlar.
Ta'limga kiritilgan sarmoya eng to'g'ri yo'naltirilgan investitsiya ekanligi shu kungacha isbotini topib bo'lgan. Ta'limga urg'uni qaratgan mamlakatlarni kuzatganda ham ularni bugunning eng ilg'or davlatlari safida ko'rish mumkin.
Normat Tursunovning tashabbusidagi bu tajribani o'zlashtirib, faqat vazirliklar ta'minlashini kutib o'tirmasdan, mahalliy byudjetni chinakam daromad keltiruvchi sohaga yo'naltirish boshqa hokimlarga ham o'rnak bo'lsa, ne ajab!
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0