Biz sharafsiz qavmmizmi?
Restoranda odam gavjum. Qo'shiqchi ruscha, turkcha, italyancha ashulalar bilan davraga fayz kirityapti. Mijozlar bir-ikki marta “Xorazmchadan bo'lsin!” deb talab qilishgandi, qo'shiqchi keskin rad qildi:
— Xorazmcha to'yda aytiladi. Bu yer restoran.
Ochig'i, xafsalam pir bo'ldi. O'zimni haqoratlanganday his qildim. Go'yoki restoran oqsuyaklar uchun, milliy qo'shiqlarimiz bunga arzimaydi deganday tassurot qoldirdi. Milliy qo'shiqlarni tinglash uyat bo'lgan joyga boshqa borishni istamadim.
Bu voqea undan sal oldin bo'lgan bir to'yni yodimga soldi. To'yga maqom ashulalarining mohir ijrochisi bo'lgan mohir san'atkor taklif qilingandi. Xonanda jo'shib kuylayapti-yu, yosh-yalang u yoqda tursin, kattalarning ham qovog'i osilgan. “Jonga tegdi suvorayu yallalari. Undan ko'ra, dijey chaqirishsa bo'lmasmidi, maza qilib “Ko'k jiguli”ga o'ynardik” deydi oltmish yoshlardagi bir ayol labini cho'chchaytirib.
Bu voqealarni tahlil qilar ekanman, negadir “Biz buyuk millatdan sharafsiz qavmga aylanib qolmayapmizmi?” degan savol tug'ildi. Milliy qo'shiqlarimizga befarqmiz, milliy libos kiygimiz kelmaydi. Uylarimizni milliy ruhda bezatmaymiz. Farzandlarimiz xorijiy tillarni bilishi bilan faxrlanamiz, o'zbekcha xato yozishidan uyalmaymiz.
O'tgan yili iste'dodli san'atkor O'lmas Ollaberganov bilan suhbatlashganimizda, “Shu ketishda sof o'zbek san'ati yo'qolib ketmasaydi, degan xavotirga berilaman” degandi. “Milliy ohanglarni tinglash shartmi? Zamonaviy musiqalar bilan ham yaxshi yashasa bo'lavermaydimi? “ degan savolimga san'atkor shunday javob qilgandi:
– To'g'ri, yashayveradi. Gap shundaki, o'z san'atidan maza qilmagan xalqning xalqligi qolmaydi. Millat o'z ohangini o'zi tushunmasa, bu fojia. San'at millatning millatligini ko'rsatuvchi omillardan biri. Inson o'zini anglamay turib, Haqni anglay olmaydi. Men o'zbek ohangini qalbga joylamasdan o'zligimizni anglashimiz va to'la namoyon etishimiz qiyin deb o'ylayman.
Maqom ashulalarining mohir ijrochisi, sohir ovoz sohibi Azamat Otajonov esa “San'atkorning asosiy maqsadi ko'proq to'y olish, daromad qilish bo'lib qoldi. Kechirasizu, bir-ikki piyola jiring-jiringdan keyin to'yga kelgan odam suvora eshitadimi? Yo'q, albatta, uning sakrab-tushib o'ynagisi keladi. San'atga to'y orqali baho berilishi oqibatida kimni ko'proq to'yga aytishsa, shu zo'r degan qarash paydo bo'ldi. Bu “zo'r”lar mumtoz san'atimizdan butunlay yiroq, turkcha, ozarbayjoncha o'ynoqi musiqalarga o'zbekcha so'zlarni qo'yib aytayotgani, ustiga ustak ular aytayotgan “qo'shiq”lar hech qanday ma'no-mazmun kasb etmayotgani hech kimni qiziqtirmay qo'ydi. Nafaqat to'ylarda, rasmiy tadbirlarda, televiedenie, radoioda ham ularga ko'proq imkoniyat berildi” deb kuyunib gapirgandi.
Xalqlar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? Tili va musiqasi bilan. O'z musiqasini unutish, rad etish evaziga o'zga xalqning musiqasini e'zozlash qanchalik to'g'ri? Xuddi shu fikrni ona tilimiz haqida ham aytish mumkin. Qaysi ko'chaga qaramang, ingliz, rus va boshqa tillardan olingan so'zlar bilan nomlangan xizmat ko'rsatish shoxobchalariga ko'zingiz tushadi. Tilga, musiqaga e'tiborsizlik – insonning o'ziga, o'zligiga e'tiborsizligi emasmi?
Mehmonxonada faoliyat ko'rsatadigan tanishim “Yaqinda bir guruh koreys delegatsiyasini qabul qildik. Ularning jo'r bo'lib milliy qo'shiqlarini kuylashlariga qoyil qoldim” deya zavq bilan so'zlab bergandi. Biz milliy qo'shiqlarni aytish tugul, eshitishni istamasak... keyingi paytlarda farzandlarimizga hatto o'zbekcha ism qo'ygimiz kelmayapti. Bobo, buvilarimizning nomlarini eshitsak labimizda istehzo paydo bo'ladi. Hatto milliy taomlarimizdan ko'chadagi “xoddog”ni ustun qo'yamiz.
To'g'ri, dunyo bilan integratsiyalashishimiz, yaxshi an'analarni o'zlashtirishimiz, jahon musiqasini tinglashimiz, kitoblarni o'qishimiz kerak. Ular bizning taraqqiy qilishimizga yordam beradi. Biroq, bularning hech biri o'zimizni rad qilish evaziga bo'lmasligi kerak. Aks holda dunyoda o'rnimizni topolmaymiz.
Muhabbat TO'RABOEVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0