«Jadidlarning asl manbaalari oddiy qog'ozlarda saqlangan. Ularni yo'q bo'lib ketmasdan, asrab qolishimiz kerak» – manbaashunos olima xavotirlari
Yaqin kelajakda shunday davr keladiki, aqlli yoshlar avlodi «Bizga faqat jadidlar haqida gapirmasdan, ularning o'zlarining asarlarini bering. Biz ularning o'z so'zlarini, aytgan gaplarini asliyatidan o'qiylik» deydi. Shunday paytda biz ularning qo'liga mana, deya tutadigan kitoblarimiz bo'lishi zarur.
Ayni vaqtda jadidlar mavzusi ancha dolzarblashdi. Avvalo hukumatimiz, ziyolilar va xalqimiz oldida ham ularning maqsad va vaziflarini dasturilamal sifatida qo'llash, ijodiy merosini o'rganish masalasi ko'ndalang turibdi.
– Hurlik, yangilanish va yangilikka tashna, ochiq fikrli bo'lgan jadidlar haqida ko'pchilik televidenie va radio, OAVda jo'shib gapirayotganining guvohi bo'layapmiz. Bu juda yaxshi. Ammo qachongacha xalqimizga, yosh avlodga jadidlar haqidagi gaplarni taqdim etamiz? Qachon ularga jadidlarning o'zining asl gaplarini, so'zlarini, kitoblarini beramiz, ko'rsatamiz? – deydi Jadidchilik mavzusida ko'p yillardan buyon ilmiy izlanish olib borayotgan filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarova. – Men ilmiy ishimni o'rganish jarayonida ko'p yillardan buyon Sharqshunoslik institutining qo'lyozmalar fondida, Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyining arxivida va Milliy kutubxonamizning nodir qo'lyozmalar fondidagi asl manbaalar bilan ishladim. Hozirda ham shu ishimni davom ettirayapman. Bilasizmi, bu yerlarda jadidlarimizning 1914-1915 yillarda va undan keyingi yillarda ilk bor nashr etilgan ko'plab asarlari, to'plamlari bor. Mazkur to'plamlarning ayrimlari o'rganilgan.
Ammo manbaashunos sifatida xavotirlanadigan jihatim shuki, ularning ko'pi hali asliyatidan o'rganilmagan. Qolaversa, qog'ozlari juda ham eskirib ketganidan, qo'lingizga olsangiz, qog'ozning ortida turgan odamni bemalol ko'rasiz. Ya'ni, ular tobora eskirib, yozuvlari o'chib, qiymatini yo'qotib bormoqda. Menimcha yetti-sakkiz yildan so'ng ularni o'qishning iloji bo'lmay qoladi. Shu bois bizning shu kunlardagi eng muhim vazifamiz bu asarlarni saqlab qolish bo'lishi kerak. Shu bois minbarlardan turib gapiravermasdan, arxivlarga borib, jadidlarning asarlarini o'rganishimiz, imkon boricha ularni ko'chirib, elektron nusxasini olib, yangi kitoblar shaklida yoshlarga, xalqimizga taqdim etishimiz kerak.
Yaqin kelajakda shunday davr keladiki, aqlli yoshlar avlodi «Bizga faqat jadidlar haqida gapirmasdan, ularning o'zlarining asarlarini bering. Biz ularning o'z so'zlarini, aytgan gaplarini asliyatidan o'qiylik» deydi. Shunday paytda biz ularning qo'liga mana, deya tutadigan kitoblarimiz bo'lishi zarur.
* * *
Ma'lumot uchun shuni aytib o'tmoqchimizki, Shahnoza Nazarova jadidshunos olima bo'lib, akademik – Naim Karimov jadidchilik maktabining davomchilaridan biridir. U o'zining shogirdlari bilan 2023 yilda «Zabarjad Media» nashriyoti bilan hamkorlikda jadid ajdodlarimizning 100 yillar va undan oldin ilk nashr etilgan, ammo endilikda saqlanib qolishi ancha muammo ostida qolayotgan, uyg'onish, hurlik, millatning yuksalishi mavzusidagi bir qator kitoblarni nashrga tayyorladi. Bu kitoblar «Jadid kulliyoti» turkimida «Sabzazor», «O'zbek yosh shoirlari», «Uyg'onish», «Buloqlar», «Go'zal yozg'ichlar», «Adabiyot parchalari», «Ulug' Turkiston», «Ichkari» kabi 8 ta kitobdan iborat noyob asarlar bo'lib, ayrimlarining ilk manbalari yurtimizdagi nodir qo'lyozmalar orasida 1 yoki 2 dona bo'lsa, ayrimlarining asl nusxalari xorijdagi kutubxonalardan topildi. Eng muhimi, ushbu kitoblar o'quvchilarga jadid g'oyalari haqidagi mulohaza va fikrlardan ham qimmat narsani – ya'ni, ushbu yozg'ichlarning asl o'zi bilan tanishish imkonini beradi. Сhunki kitoblar eski o'zbek alifbosidagi yozuvdan hozirgi lotin alifbosiga o'girildi va unda har bir kitobning tili, shirasi o'zgartirilmagan, hozirgi tilimizga moslanmagan. Hech narsa qo'shilmagan yoki olib tashlanmagan. Ular ilk bor nashr etilgan 1917, 1922, 1923, 1925, 1926 yildan buyon qayta nashr yuzini ko'rmagan. Mazkur kitoblarni o'qigan o'quvchi tarixga – Сho'lpon, Fitrat, Abdulla Avloniy davriga qaytdi. O'sha davr odamlarining muammolari, qat-qat bo'lib yotgan azoblari bilan tanishadi. Ayollar, onalarni qiynagan dardlar bilan yuzlashadi, pichirlashadi. Ta'limni, ma'naviy uyg'onishni bayroq qilgan jadidlar g'oyasining qalbiga o'rnashishiga kengroq joy beradi, tarixni anglaydi va tushunadi.
Zebo NAMOZOVA, Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0