Introvertmisiz yoki ekstrovert?
Siz odatda dastlab o'ylaysiz, keyin bajarasiz. Shundaymi? Do'stlar doirasini kengaytirishga harakat qilmaysiz. Dunyoviy suhbatlarni yoqtirmaysiz. Savollarga ko'pincha bir yoqlama javob qaytarasiz. Gavjum tadbirlar va omma oldidagi chiqishlardan qochasiz. Qo'ng'iroq qilish imkoni turganda yozma xabar jo'natishni ma'qul ko'rasiz. Agar siz mana shunday xususiyatlar sohibi bo'lsangiz, demak, introvert shaxslar safidasiz.
Yo bo'lmasa aksincha...
Siz ko'pincha avval ishni bajarib bo'lib, keyin o'ylaysiz. Doimo kim bilandir tanishishga oshiqasiz, muloqotni yaxshi ko'rasiz. Haftada bir yoki undan ko'p marta ziyofatlar, kontsertlar va boshqa tomoshalarga borasiz. Xabar yozishdan ko'ra qo'ng'iroq qilish sizga qulayroq.
Bu holatda sizni ekstrovertlarga mansubsiz, deb ayta olamiz.
Introvert va ekstrovertlar aslida kimlar, degan savol ko'pchiligimizga qiziq.
1921 yil Karl Gustav Yung psixologik turlar introversiya va ekstroversiya tushunchasini joriy qildi. Introvert va ekstrovertlarda ustunlik qiluvchi psixologik funktsiyalarni ko'rib chiqdi.
Xo'sh?
Introvertlar kimlar? Ular energiyasi ichki olamiga yo'naltirilgan shaxslar. Introvertlar o'zi bilan o'zi hecham zerikmaydi. U xotirjam va sermulohaza. Detallarning ikir chikirigacha e'tiborli va qaror chiqarishda ehtiyotkordir. Introvertlar ba'zan ma'yus, kamgap va dimog'dordek tasavvur uyg'otsalar-da, aslida ular juda yaxshi va noyob qobiliyatga ega kishilar bo'lishadi. Shunchaki ijtimoiy aloqalar ularning energiyasini tortib olgani boisidan ham ular ko'pchilik bilan munosabat o'rnatishni xushlamaydilar.
Introvertlarning yaqin doirasida – ikki-uch kishigina mavjud xolos. Begonalar bilan kam suhbatlashadilar. Ular o'ziga yaqin bo'lgan insonlar bilan qiziq mavzularni soatlab muhokama qilishga tayyor.
Introvert uchun kitob mutolaasi yoki mazmunli sayr o'z kuchlarini qayta tiklashning eng yaxshi yo'li sanaladi.
Ekstrovertlar kimlar? Ularni introvertlarning mutlaqo aksi deyish mumkin.
Introvert ko'pchilik orasida quvvat yo'qotsa, ekstrovertlarning energiyasi tashqi dunyoga yo'naltirilgan bo'ladi hamda boshqalar bilan muloqot qilib energiya yig'adi. Ular kirishimli, faol va hamma uchun ochiq. Tashabbus ko'rsatish va yetakchilikni xush ko'radilar.
Ammo tez qizishib ketishi sababli ba'zan bema'ni insondek taassurot uyg'otishadi. Ularning do'stlari va oshna og'aynilari juda ko'p. Ekstrovertlar bilan sira zerikmaysiz. Bir xillikdan charchab qolmaslik va ichki olovni so'ndirmaslik uchun ular gavjum joylarga yo'l olishadi yoki uyga mehmon chaqirishadi.
Ana shunday qilib Karl Gustav Yung joriy etgan tushunchalar ko'p yillardan beri odamlarni o'z-o'ziga “Men introvertmanmi yoki ekstrovertmi?” degan savolni berishga majbur qilmoqda. Psixolog, sotsiolog va neyrobiolog olimlar esa qaysi turga kiruvchi insonlar aqlliroq ekanini isbotlash ustida ish olib bormoqdalar. Ular introvertlar aqlliroq, degan fikrda. Ammo bu taxmin hali isbotini topmadi...
Dildora IBROHIMOVA tayyorladi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0