Ortiqcha shovqin uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Senat yalpi majlisida “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda sanoat korxonalari sonining ortishi, keng ko‘lamli qurilish ishlari, shaharlarning kengayishi hamda transport vositalari ko‘payishi natijasida aholiga shovqinning salbiy taʼsiri kuchayib bormoqda.
Ayni paytda fuqarolar salomatligi, osoyishtaligi va dam olish huquqini buzuvchi ortiqcha shovqinlarga qarshi kurashishni kompleks tarzda tartibga soluvchi yagona huquqiy mexanizm mavjud emas. Garchi shovqinning ruxsat etilgan meʼyorlarini belgilaydigan ettita sanitariya norma va qoida amalda bo‘lsa-da, ularga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydigan huquqiy talablar etarli darajada belgilanmagan.
Shuningdek, inson salomatligiga zarar etkazuvchi va belgilangan meʼyordan yuqori shovqin chiqarayotgan obʼektlarni javobgarlikka tortish tartibi ham qonunchilikda aniq ifoda etilmagan.
Yangi qonun bilan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilishning asosiy tamoyillari, davlat organlarining mazkur sohadagi vakolatlari hamda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab qo‘yilmoqda.
Hujjatda fuqarolarning osoyishtaligi va dam olishini buzadigan shovqin turlari, bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oraliqlari, shuningdek, shovqinning zararli taʼsiri uchun kompensatsiya to‘lovlariga oid normalar ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqin taʼsiridan muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab berilmoqda.
Senatorlar fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi aholining osoyishtaligini taʼminlash, sog‘lig‘ini muhofaza qilish va shovqin bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan samarali tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunida qonun maʼqullandi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0