Samarqandda atom energiyasidan foydalanish istiqbollariga bag'ishlangan xalqaro konferentsiya boshlandi
Samarqandda "Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferentsiya o'z ishini boshladi. Unda, jumladan, Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael' Grossi ishtirok etmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov tadbirning ochilish marosimida mamlakatimiz rahbarining anjuman ishtirokchilariga murojaatini o'qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining murojaatida iqlim o'zgarishlarining salbiy ta'siri va an'anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanishi ta'kidlangan. Atom energiyasi bo'yicha ilg'or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki berishi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga o'tish uchun imkon yaratishiga ishonch bildirilgan.
Shuning uchun mamlakatimizda sohaning huquqiy-institutsional asosi mustahkamlandi, maxsus agentlik tashkil etildi, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi joriy etildi. Yurtimiz jahonda birinchilardan bo'lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq kichik quvvatli atom elektr stantsiyalarini barpo etishga kirishdi.
Prezidentimiz o'z murojaatida Xalqaro atom energiyasi agentligiga O'zbekistonning bu boradagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Samarqanddagi anjuman Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish bo'yicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun g'oyat zarur muloqot maydoni bo'lib xizmat qilishini ta'kidlab, uning ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0