Samarqandda Prezident Mirziyoev va YeTTB prezidenti Odil' Reno-Basso uchrashuvi bo'lib o'tdi
Samarqand shahrida bo'lib o'tayotgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitining ishbilarmonlik dasturi doirasida bugun, 3 aprel' kuni Prezident Shavkat Mirziyoev va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil' Reno-Bassoning uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda O'zbekistonning YeTTB bilan hamkorligini yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari atroflicha ko'rib chiqildi.
Qayd etilishicha, hozirda O'zbekistonning mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorligi kengayib bormoqda. Bankning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshdi, jumladan, o'tgan yil yakunlariga ko'ra qariyb 1 milliard yevroni tashkil etdi. Moliyaviy ko'makning asosiy hajmi xususiy sektorga to'g'ri kelmoqda.
Uchrashuvda loyihalarning ijrosi sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish bo'yicha birgalikdagi ishlar o'z natijasini berayotgani qayd etildi. Jarayonlarni maqbullashtirish va loyihalarni tayyorlashni tezlashtirish muhimligi ta'kidlandi.
Kichik va o'rta biznesni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan ta'lim, suv ta'minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi muhim yo'nalishlarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo'ldi.
“Yashil” iqtisodiyot, uglerod chiqindilarini kamaytirish, raqamlashtirish va sun'iy intellekt, ipoteka bozori, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida belgilandi.
Joriy yil iyun' oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0