Shavkat Mirziyoev va Malayziya Bosh vaziri tor doirada muzokara o'tkazdi
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelishga taklif etgan.
5-fevral, chorshanba kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o'rtasida tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo'lib o'tdi.
Unda, jumladan, O'zbekiston bilan Malayziya o'rtasidagi do'stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko'rib chiqildi.
Shuningdek, o'zaro tovar ayirboshlashni ko'paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitimni ishlab chiqish, o'zaro sanoat ko'rgazmalarini o'tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.
Malayziya hukumati O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishini faol qo'llab-quvvatlamoqda.
Etakchilar 2025-2026 yillarni O'zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e'lon qilishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo'nalishlari belgilab olindi. Bular – neft'-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo'tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, "aqlli" qishloq xo'jaligi, "yashil" energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.
Kooperatsiya loyihalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.
Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta'kidladilar. Joriy yilda O'zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o'tkaziladi.
Etakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa'y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo'yicha "yo'l xaritasi"ni tayyorlashga qaror qilindi.
Yakunda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelishga taklif etdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0