ShURALELAR Bu maxluqotlar bizning nazdimizdagi jinlardan nimasi bilan farqlanadi?
O'z-o'zidan ayonki, ibtidoiy odamlarning borliq haqidagi tasavvurlari haminqadar bo'lgan. Ular olamning yaratilishi, inson, hayvonot va nabotot dunyosining vujudga kelishi sabablari va mohiyatini teran tushunishmagan. O'z hayotlari va yon-atroflarida, yerda va samoda ro'y beradigan tabiiy jarayonlardan hayratlanishgan. Ayniqsa, baxtsiz hodisalaru balo-ofatlardan qattiq taajjub va vahimaga tushishgan. Shu bois g'ayritabiiy kuchlar mavjudligiga ishonib, har bir narsaning joni-ruhi, yaxshilik va yomonlikning o'z homiysi bor degan xulosaga kelishgan. Ezgulik va yovuzlik ma'budalarini yaratib, ularga sig'inishgan.
Bora-bora odamzodning ong-shuuri, aql-idroki rivojlanib, dunyoqarashi o'zgargan. Pirovardida ko'pxudolikdan voz kechib, yakkaxudolikni tanlagan. Shuning barobarida zalolatga berilgan kimsalarni to'g'ri yo'ldan ozdirib, hayotini alg'ov-dalg'ov qilib yuboradigan, sog'lig'iga putur yetkazadigan, hatto umriga zomin bo'ladigan yovuz kuchlar borligiga iymon keltirgan. Сhunonchi, jinni ham ularning qatoriga qo'shgan.
Ular bizni ko'radi, biz esa...
Diniy manbalarda ta'kidlanishicha, olovdan yaratilgan bu maxluqotni odamlar ko'rmaydi, ular esa odamlarni ko'radilar, ovozini eshitib, tilini tushunadilar. Muhimi, ularning ham o'z jamoalari, qabilalari, guruhlari, musulmonlari va kofirlari bo'lib, barchasi Yer kurrasida va o'zga sayyoralarda yashash imkoniga ega. Davomini surishtirsangiz, Iblis ham jinlardan tarqalgan sanaladi.
Sharq mifologiyasi va diniy tasavvurlarga ko'ra, jinlar ovloq, pana-pastqam joylarni o'zlariga makon tutishadi. Kishi ko'ziga odam qiyofasida ko'rinib, uni biror dardga chalintiradi, masalan, og'zini qiyshaytirib qo'yadi. Ular turkiy xalqlar og'zaki ijodida ajina deb yuritiladi va salbiy obraz sifatida talqin qilinadi. Ko'pincha tashlandiq va xaroba joylarda, chakalakzor va kimsasiz o'tloqlarda uchrashi, asosan suluv qiz, chaqaloq, sochi yoyilgan kampir, qo'zichoq va echki timsolida namoyon bo'lishi eslatiladi.
Aslida bu gaplar sizu biz uchun yangilik emas. Сhunki barchamiz bolaligimizda kattalardan jin-ajinalar haqida ko'p va xo'b eshitganmiz. Qolaversa, ularni o'zimiz ham kundalik muloqotimiz chog'i tez-tez ko'chma ma'noda tilga olib turamiz. Ba'zan jussasi kichkina, jikkak va ko'rimsiz kishini ajinaga, g'araz maqsadiga erishish yo'lida odamlarni aldab, ming bir turlanadigan kishini alvastiga qiyoslaymiz. Gohida insonning tabiati, ta'bi va kayfiyatini nazarda tutib, “jini suymaydi”, “jinidan battar yomon ko'radi”, “jin tegdi”, “jin urdi”, “jini qo'zidi” deymiz. O'rniga va vaziyatga qarab, “jin ko'cha”, “jinchiroq”, “jin ursin!” kalimalarini ishlatamiz.
Shubhasiz, jin-ajinalar borligiga ishonish, ularga bog'liq urf-odatlar va irim-sirimlar ko'plab boshqa xalqlarda ham ommaviylashgan. Masalan, qozon va boshqird tatarlar o'tmishiga nazar tashlaylik. Ayrim manbalarga qaraganda, ularning ajdodlari majusiy bo'lgan davrlarida, ya'ni miloddan avvalgi vII-vI asrlarda qaror topgan zardushtiylik diniga sig'ingan paytlarida qalin o'rmonlar atrofida umrguzaronlik qilishgan. Jinlarni o'z tillarida shurale deb atashgan. Kun botgach, o'rmonga qadam bosishmagan. Aks holda, oqibati xunuk yakun topadi, shuralening tuzog'iga ilingan odam halokatga yuz tutadi yoki keyinchalik boshiga tushgan savdolarni eslab, qattiq azob-uqubat va iztirob chekadi, degan fikrni ilgari surishgan. Shuning uchun ham duoga qo'l ochishganda ko'pincha “Hammamizni yomon ko'rguliklardan Yaratganning o'zi asrasin! Hech birimizni shuralega ro'baro' qilmasin!” deya tilak bildirishgan. Xo'sh, nega?
Avval avraydi, keyin jazolaydi
Ta'riflashlaricha, shurale qalin o'rmonlarda yashaydi. Gavda tuzilishi ko'p jihatdan odamnikiga o'xshab ketadi. Ammo badanini jun bosgan, peshonasining qoq o'rtasida bittagina shox bo'rtib chiqqan bo'ladi. Uzun-uzun qo'llarining barmoqlari 30-35 santimetrcha keladi, quloqlari shalpayib osilib turadi. Allanechuk bukchayib yuradi, ba'zan g'alati ust-bosh kiyadi.
U aksariyat hollarda yolg'iz odamni ovlaydi, ikki-uch kishiga yaqin yo'lamaydi. It hamrohligidagi odamni ko'rsa, orqa-oldiga qaramay, qochib qoladi. Bunday damlarda yo'lovchi uni ko'rmaydi-bilmaydi, faqat shox-shabbalar shitirlaganini ilg'aydi, xolos.
Shurale odatda ko'klam va yoz fasllarida tongotar yoki kunbotar chog'i paydo bo'ladi. Ko'pincha o'rmon ichida turib oladi-da, xuddi yordam so'rayotganday astoydil bo'zlaydi. Yoki o'rmon chetiga chiqib, insonga xos ovozda kimlarningdir otini aytib chaqiradi. O'sha yerdan o'tib borayotgan odamni ko'rgani hamono ayyuhannos solib, yig'lashga tushadi. Bamisoli adashib, yo'lini yo'qotib qo'ygan kimsadek borar manzilini topishda yordam so'raydi. Vaqti tig'izligini, ko'makka nihoyatda muhtojligini takrorlayverib, jonga tegadi. Savolga javob qaytarishdan o'zini olib qochadi. Ba'zan boshqacha usulni qo'llaydi. O'ljasiga xirapashshadek yopishib olib, shodon kuladi. O'zini unga birovning ismi bilan tanishtirib, qachonlardir ikkisi o'rtoq bo'lganini eslatishga urinadi. Shu zayl yo'lovchining xayolini o'g'rilab, fikrini chalg'itadi. So'ngra uni o'rmonning ko'zdan xoli changalzor qismiga yetaklaydi. Oxir-oqibat o'z nog'orasiga o'ynatib, turli balo-qazoga giriftor qiladi.
Modomiki, shunday ekan, shuralega baqamti kelganda nima qilmoq va undan qanday qutulmoq kerak? Keling, endi tajribasi boy xalqning bu haqdagi o'gitlariga quloq tutaylik.
U shoxida yursa, siz bargida yuring!
Eng muhimi, siz hech qachon kulmang, loaqal tishingizning oqini ham ko'rsatmang. Bordi-yu, bu maslahatimizga amal qilmasangiz, o'zingizdan gina qiling. Сhunki og'zingizni sal ochsangiz, shurale sizni kulayapti, degan fikrga boradi. Binobarin, o'sha ondayoq yelkangizga kanaday mahkam yopishib olib, sizni qitiqlashga kirishib ketadi. Bu uning eng sevimli mashg'uloti bo'lib, to odamning jonini olguncha davom ettiraveradi.
Darvoqe, shuralening uzun va qing'ir-qiyshiq barmoqlari atay qitiqlash uchun yaratilganga o'xshaydi. Boz ustiga, u tinimsiz qashinadi. Odamni uchratganda “Kel, bir-birimizni qitiqlab kuldirish o'ynaymiz, iltimos, bo'la qol!” deb yolvoradi. Bunday kezlarda zinhor-bazinhor uning taklifiga ko'nmang. Baribir, o'yin bir tomonlama va g'irrom bo'ladi. Siz harchand urinmang, shuraleni qitiqlay olmaysiz. U qitiqlashga kirishganda esa, joningizdan umid uzavering.
Shuraledan qochib qutulish ham dargumon. Negaki, oyoqlari uzunligi bois, u bag'oyat tez yuradi. Shunchaki odimlagan taqdirida ham, yugurib borayotgan otga bemalol yetib oladi.
O'rmon sharoitida shuraleni dov-daraxtlardan farqlashning mutlaqo iloji yo'q. U yo'lingizda xuddi tik qotgan yolg'iz daraxtdek turib oladi. Bilmay-sezmay yaqinlashgan paytingiz to'satdan sizga tashlanib qoladi.
Albatta, qaltis damlarda shuralening changalidan xalos bo'lish yo'llari ham bor. Buning uchun, avvalo, daryo yoki soy-anhor tomon qochish hamda narigi sohilga suzib o'tish darkor. Sababi, shurale suvdan nihoyatda qo'rqadi. Mabodo u “Baraka topgur, menga suvdan aylanib o'tadigan joy qaydaligini aytib yubor, iltimos”, deb avray boshlasa, hovliqib qolmang. Unga o'tish joyini emas, teskari tomonni ko'rsatib yuboring.
Agar siz shuralega duch kelgan yerda daryo yoki boshqa biron-bir suv havzasi bo'lmasa-yu, yoningizdan shishaga yoki shunga o'xshash boshqa biror idishga quyilgan suv topilsa, kifoya. Uni darhol bosh-oyog'ingizga seping. Shurale ust-boshi ho'l odamni qitiqlay olmaydi. Ayni chog'da, uning qurishini uzoq kutib turishdan ham erinmaydi. Demak, fursatni boy bermang, vaqt g'animatida daryo yoki anhor singari suv havzasini qidiring. Uni topishga ko'zingiz yetmasa, tashabbusni qo'lga olib, shuralega yashinmachoqqa o'xshash biror o'yin o'ynashni taklif eting. Keyin xayrlashishni nasiya qilib, imi-jimida juftakni rostlab qoling.
“Bulturgi yil” ismli yigitning donoligi
Sir emas, zamonlar evrilib, taraqqiyot jadallashgani sayin odamlar orasida Xudoga shak keltiruvchilar ko'paygan. Ba'zi davlat hamda jamiyatlarning hukmron kuchlari dinni va dindorlarni kamsitgan, ayovsiz ta'qibga olib, xalqning azaliy an'analari, urf-odatlari va irim-sirimlariga qarshi kurashganlar. Bu boradagi targ'ibot ishlarida zamona zayli bilan ba'zi taniqli ziyolilar ham qatnashganlar. Сhunonchi, mashhur tatar shoiri Abdulla To'qay (1886 – 1913 yillar) ham davr taqozosiga ko'ra, shuralelar haqidagi gaplarni bid'atga yo'ygan. Yoshlarga qarata, “Shuralelar ham, jinu ajinalar ham xurofotdan o'zga narsa emas. Ularni keksalar sizlarni qo'rqitish uchun o'ylab topishgan. Bu jaholat va bilimsizlikning oqibat-natijasidir. Siz, aziz bolajonlar, shuralelarga aslo ishonmanglar!” degan.
Shoirning bolaligi o'tgan va keyinchalik “Shurale” dostonini yozishiga ilhom bag'ishlagan Kirlay ovulida esa qiziq voqea ro'y beradi. Insu jinslar borligiga ko'p-da ishonmaydigan bir yigit qishga o'tin g'amlash niyatida oydin tunda o'rmonga boradi. Сhakalakzorda daraxtlarni yiqitib, shox-butoqlarini kallaklayotgan mahali qo'qqisdan qarshisida shurale javlon uradi. U gapni aylantirib-aylantirib, oxirida “qitiqlamachoq” o'ynashni taklif qiladi. Yigit aqlu hushini yo'qotib, esankirab qolmaydi. Aksincha, ayyorlikda shuraledan o'tib tushadi. “Taklifingga bajonidil roziman, – deydi quv ko'zlarini qisib. – Faqat bitta iltimos bor, sen avval menga mana bu to'nkani aravaga ortishga yordamlashib yubor, xo'pmi? Keyin xumordan chiqquncha qitiqlashamiz”.
Yigit go'yoki shurale ushlashiga oson bo'lishi uchun to'nkani yorib, pona qoqadi. Paydo bo'lgan yoriqqa shurale uzun barmog'ini suqishi bilanoq ponani urib chiqarib yuboradi. Qarabsizki, makkor dushman qopqonga tushadi. Jon achchig'ida dod-faryod chekadi. So'ng yigitga dag'dag'a urib, iskanjadan ozod etishini talab qiladi. Bu hunari ish bermagach, shirin so'zlar aytib, yalinishga o'tadi. Baribir yigit uning nayranglariga uchmaydi. Noiloj qolgan shurale oxirgi hunarini ishga soladi. Yigitdan “Isming nima?” deb so'raydi. “Ismimni bilishingdan senga qanday naf bor?” degan savolni eshitgach, hozirjavoblik qiladi: “Do'stlarim meni kim bu ko'yga solganini so'rashsa, ularga ochig'ini aytishim kerak-ku, axir!”.
Yigit bu safar ham bo'sh kelmaydi. “Ismim, Bulturgi yil”, deydi-yu, ovuliga yo'l oladi. Shurale tun bo'yi to'nkadan qo'lini chiqara olmay, azob chekadi. “Barmoqlarimni Bulturgi yil to'nkaga qisib qo'ydi!” deb, ovozining boricha zor-zor qaqshaydi. Ertalab o'rtoqlari uni o'rtaga olishadi. “Qo'ling bulturgi yil qisilib qolgan bo'lsa, sen endi baqirasanmi? Kechasi bilan tinchlik bermay, uyquni harom qilding-ku, ahmoq!” deya ta'na toshlari otishadi.
Umuman olganda, anqovroq shuralega har qanday odam ham firib berib ketishi mumkin. Faqat buning uchun unga qo'rqqanini sezdirmasligi shart. Naql qilishlaricha, ittifoqo bir gala qiz o'rmonda adashib qolib, chor tarafga zir yugurishibdi. Ammo yo'lni topa olishmabdi. Shunda birovi “Bizni shurale chalg'ityapti”, degan gumonni o'rtaga tashlabdi-da, ko'ylagini teskari kiyibdi. O'ng boshmog'ini chap oyog'iga, chap boshmog'ini o'ng oyog'iga ilibdi. Bundan shurale g'aflatda qolib, o'sal bo'libdi. Qizlar o'rmondan eson-omon chiqib olishibdi...
Qarg'ish olgan yomon!
Shurale uchqur otga minib, sayr qilishni xush ko'radi. Bir zamonlar otlar tungi o'tlovdan horib-charchab va ko'pikka botib qaytsa, odamlar bu shuralening ishi ekanini bilishgan. O'z navbatida, uni ushlash, jilla qursa, aholi yashash joyidan uzoqlashtirish choralarini izlashgan. Jumladan, otlarni tunda yaylovga jo'natishdan oldin eng chopqir arg'umoqning beliga smola yelim surtib qo'yishgan. Bu chora ba'zan zoe ketmagan, shurale qo'lga tushgan. Uni ayovsiz urishgan, hatto hammomga qamab, tagidan olov yoqishgan.
Tabiiy, mavridi kelganda, shurale ham odamlardan qasos olgan. O'ziga zulm o'tkazganlarni qarg'agan. Uning la'natiga qolganlarning o'zi ham, oilasi ham baxtsizlikka mubtalo bo'lgan. Сhunonchi, ular yashayotgan ovulda bitta ham yangi oila paydo bo'lmagan. Aholisi asta-sekin ozayib, uylar huvillab qolgan. Yoxud bexosdan katta yong'in chiqib, bor narsaning kuli ko'kka sovurilgan. Odamlar bu joylarni tark etishgan. Ularning izi qurigan go'shani “Shurale qarg'ishiga uchragan ovul”, deb atashgan.
Ko'rib turibsizki, shurale bilan hazillashib bo'lmaydi. Yaxshisi, unga o'chakishmaslik, imkon qadar ranjitmaslik kerak. Shuralega nogohon duch kelib qolgan odam esa qochishi, eson-omon qutulib olgach, darhol kalima qaytarib, kimgadir xayr-sadaqa berishi zarur. Shunda mushkuli oson, ko'ngli xotirjam bo'ladi!..
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0