Tabibning o'zi bemor bo'lsa yoxud yana bir prokuratura tergovchisi pora bilan qo'lga tushdi
«Toshkent shahar Olmazor tuman prokuraturasi katta tergovchisi S. ga nisbatan tezkor-qidiruv tadbiri o'tkazilganida u kelishilgan 30.000 AQSh dollaridan 20.000 AQSh dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Tergovchiga nisbatan JKning 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llandi.
Afsuski bu oxirgi olti oyda Toshkent shahrida prokuratura xodimlarining korruptsiya bilan bog'liq jamoatchilikka ma'lum to'rtinchi holat».
Mana shu xabardan keyin bir narsani o'ylab qoldim. Korruptsiyada gumonlanib, qo'lga olinayotgan prokurorlar tomonidan aynan poraxo'rlik bo'yicha qanchadan-qancha jinoyat delolari tuzilgan. Xo'sh, ularning taqdiri nima bo'ladi? Har holda o'zi g'irt muttaham bo'la turib, boshqalarni bu ishda ayblash adolatdan emas.
Bir paytlar korruptsion jinoyatlarda ayblangan prokuror va sud'yalar tomonidan ochiilgan jinoyat ishlari qayta ko'rilishi kerakligi haqida gaplar ko'tarilgandi.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari Odiljon Tojiev tomonidan O'zbekistonda pora bilan qo'lga tushgan sudyalar va prokurorlar tomonidan ko'rgan ishlarni qayta ko'rib chiqishni taklif qilgan edi.
«Bugun yana bir prokuror pora bilan qo'lga tushdi. O'tgan hafta esa Mingbuloq tuman sudi raisi pora bilan qo'lga olingan edi.
Afsuski, bunday ishlar odatiy holdek o'tib ketmoqda. Biroq qonunni amalda qo'llash orqali qonuniylikni ta'minlash asosiy burchi bo'lgan bu kabi shaxslarning o'zlari qonunni buzishayotgani odamlarda qonunlarga, pirovardida esa davlatga bo'lgan ishonchni yo'qotadi.
Shu bois, bunday shaxslarning jinoyatiga baho berishda ularning o'tgan faoliyati davomida fuqarolarga nisbatan tasdiqlagan ayblov xulosalari va qabul qilgan qarorlariga ham baho berilishi kerak. Сhunki bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan-qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo'lishi mumkin», deya yozgandi o'shanda Odiljon Tojiev.
Haqiqatan ham, qonunchilikni mana shu yo'nalishda takomillashtirish zarur. Ayniqsa, korruptsiya bilan bog'liq jinoyatda ayblangan shaxslar ko'rib chiqqan barcha materiallar ko'tarilib, qayta ko'rib chiqilishi kerak, nazarimizda. Shunda adolatdan bo'ladi. Ammo bu bo'yicha hozircha hech qanday o'zgarish yo'q, balki bo'lmas ham...
Tasavvur qiling, qaysidir shaxs 200 AQSh dollar yoki 2 million so'mning nari-berisida pora olganlikda gumonlanib qo'lga olinsa-yu, unga qarshi delo ochgan prokurorning o'zi ko'p o'tmay, katta miqdorda pora bilan qo'lga tushib tursa… Ajablanarlisi, bunday holatlar xalqdan yashirilsa. Oddiy fuqaro yoki shifokor, o'qituvchi arzimagan mablag' bilan qo'lga tushsa, aynan shu tashkilotlar buni nog'ora qilib chaladi. O'zlarining xodimi katta miqdordagi pul bilan qo'lga olinsa, «o'raga sichqon tushdi, guldur-gup» qabilida ish tutadi. Xullas, bir xil vaziyatga ikki xil yondashuv… ha, tabibning o'zi bemor bo'lsa, dardingni kimga aytasan, deb shunga aytsalar kerak-da…



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0