Toshkent xalqaro moliya markaziga konstitutsiyaviy maqom berildi
Prezident Shavkat Mirziyoev «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur hujjat 2026 yilning eng muhim iqtisodiy voqealaridan biri bo‘lib, so‘nggi qariyb o‘n yil davomida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Yangi markaz Angliya huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan, alohida huquqiy maqomga ega hudud sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Unda maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi hamda xalqaro ilg‘or standartlarga mos huquqiy muhit shakllantiriladi.
Saida Mirziyoevaning qayd etishicha, aynan shunday shaffof va ishonchli huquqiy mexanizmlar xalqaro investorlar, banklar, investitsiya fondlari hamda moliya kompaniyalari uchun muhim ahamiyatga ega. Yangi regulyatorlik tizimi mamlakatga xalqaro kapital oqimini jalb etish, zamonaviy moliya xizmatlarini rivojlantirish va yirik transmilliy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Shuningdek, u ushbu qonunni «jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga kiritilgan investitsiya» deb baholadi. Uning fikricha, Toshkent investorlar uchun aniq va tushunarli qoidalar hamda kapitalning ishonchli himoyasini taʼminlash orqali jahon moliya tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi, shuningdek, butun mintaqa iqtisodiy taraqqiyotining asosiy drayverlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilning 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan edi.
Prezident o‘sha yig‘ilishda O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilganini eslatib, mazkur Konstitutsiyaviy qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi ekanini taʼkidlagan edi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0