Blogerlar qimor reklama qilgani uchun javobgarlikka tortildi
Ijtimoiy tarmoqlar, xususan Instagram, TikTok platformalarida blogerlik faoliyati nafaqat ijtimoiy ta'sir vositasiga, balki daromad manbaiga aylanib ulgurdi. Ko'plab blogerlar tez va oson pul topish maqsadida turli xil reklama takliflarini qabul qilmoqda.
Afsuski, bu reklama turlari orasida ijtimoiy jihatdan bahsli, ba'zan esa butunlay yoshlar uchun zararli bo'lgan qimor, bukmekerlik, arzon “xalqaro” lotereyalar, shubhali moliyaviy piramidalar va hatto soxta tibbiy vositalarni targ'ib qilish holatlari ham uchramoqda.
Ayrim blogerlarda “obunachim ko'p bo'lsa, baribir ishonadi” degan xato tushuncha paydo bo'lgan. Bu esa ularni mas'uliyatsizlik va qonunbuzarlik sari boshlamoqda. Ular ko'p hollarda reklama qilinayotgan mahsulot yoki xizmat orqasida qanday xavflar yotganini o'ylab ham ko'rishmaydi.
O'zbekistonda oxirgi yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklama turlari ko'paymoqda. Bu jarayonda ayrim blogerlar qonun talablarini chetlab o'tib, noqonuniy faoliyatni targ'ib qilayotgani aniqlandi.
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi tomonidan olib borilgan monitoring natijalariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega bo'lgan bir qator blogerlar o'z sahifalarida qimor va bukmekerlik faoliyatini targ'ib qiluvchi reklama materiallarini joylashtirgan.
Qo'mita ma'lumotlariga ko'ra, "Melbet" bukmekerlik brendidan foydalanilgan reklama videoroliklari quyidagi shaxslarga tegishli sahifalarda joylashtirilgani aniqlangan:
Shodiev Jasurbek G'ulomjon o'g'li (Instagram: @jasjannew),
Normamatov Dadabek Baxrom o'g'li (@allme.uz),
Raxmatov Sherxon Lutfullo o'g'li (@sherxon.zdss),
Xasanboev Xojiakbar Zulxaydar o'g'li (@hojiakbar_ku).
Masalan, Jasjannew nomi ostida ijod qiladigan bloger o'z sahifasida “Melbet” brendi logotipi tushirilgan futbolkada videolar (vaynlar) olib, buni yumor ostida, go'yo tasodifiy tarzda taqdim qilmoqda. Bir qarashda bezarar, hazilomuz videodek tuyulgan bu materiallar ortida aslida reklamaviy g'oya yashirilgan. Blogerning auditoriyasi — 1 200 000 (1,2 million) nafardan ortiq. Bu esa uning har bir kontenti millionlab insonlarga ta'sir o'tkazishi mumkinligini anglatadi.
Ushbu holatlar yuzasidan qo'mita tomonidan blogerlarga nisbatan ma'muriy javobgarlik belgilandi.
O'zbekiston Respublikasining “Reklama to'g'risida”gi Qonuniga ko'ra, mamlakat hududida qimor o'yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o'yinlarni reklama qilish qat'iyan taqiqlangan. Bu ta'qiq barcha platforma va tarmoqlarga, jumladan televidenie, radio, bosma nashrlar va internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga ham taalluqlidir.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari va blogerlar orqali keng auditoriyaga yetkaziladigan bunday turdagi reklama jamiyat uchun xavfli hisoblanadi. U fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish xavfini kuchaytiradi. Shu bois, bunday harakatlar qonunga zid hisoblanadi va huquqiy oqibatlarga olib keladi. Reklama beruvchi va tarqatuvchilar belgilangan tartibda ma'muriy javobgarlikka tortiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir kontent, xususan, blogerlar tomonidan tarqatilayotgan reklama jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar ongiga katta ta'sir o'tkazadi. Qimor o'yinlari va bukmekerlikka oid materiallarni yumor yoki “tasodif” niqobi ostida targ'ib qilish — bu nafaqat qonunbuzarlik, balki axloqiy javobgarlik hamdir.
Pul topish, obunachi ko'paytirish, auditoriyani jalb qilish kabi maqsadlar uchun noqonuniy yoki xavfli mahsulotlarni targ'ib qilish har bir blogerning obro'si va jamiyatdagi ta'sirini shubha ostiga qo'yadi. Qolaversa, bunday xatti-harakatlar qonun asosida javobgarlikka olib keladi.
Davron ERGAShEV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0