“Сhimyon” sanatoriysiga borib, salomatligingizni borida qadrlang! Yoki Farg'onaning o'zbekligini yo'qotmagan odamlari haqida
Farg'ona viloyati O'zbekistonning eng so'lim go'shalaridan biri. Bu o'lka go'zal vodiylari, sharqiroq soylari bilangina emas, xushfe'l va shirinso'z insonlari, mohir hunarmandlari, usta bog'bonu, mirishkor dehqonlari bilan ham ajralib turadi. Shu bilan birga bu o'lkada kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli «Сhimyon» sanatoriysi ham joylashgan. Bugungi maqolamizda Farg'ona, farg'onaliklar va ana shu sanatoriy haqida hikoya qilamiz.
Oltin bu vodiylar – jon O'zbekiston
Farg'ona viloyatining Farg'ona tumanida joylashgan «Сhimyon» sanatoriysini ko'zlab yo'lga otlanarkansiz, Namanganni ortda qoldirgach, Farg'onaning Yozyovon, O'zbekiston tumanlaridan o'tib, Erkin Vohidov va Oxunjon Madalievlar yurti bo'lmish – Oltiariq, hunarmandlar makoni – Rishton tumanlaridan o'tasiz. Yo'l-yo'lakay mahalliy aholining poliz va bog'bonchilik mahorati bilan tanishib borasiz. Dalalarga shunday mahorat bilan ishlov berilganki, paxta yoki poliz dalasimi, uzum yoki o'rik bog'imi, ularni ko'rib, mirishkor babo dehqonlar mehnatiga tasanno aytasiz. Va beixtiyor Erkin Vohidovning «O'zbegim» qasidasidagi
«Faxr etarman, ona yurtim,
Ko'kragimni tog' qilib,
Ko'ksida tog'lar ko'targan
Tanti dehqon, o'zbegim»
misralari yodingizga tushadi va ushbu satrlar bekorga yozilmaganini anglaysiz.
Mohir qo'llar bilan san'atga aylangan mahsulotlar
Farg'onaning bozorlariga kirganingizda benazir ijodiy ishlar – hunarmandchilik mahsulotlari, tikuvchilar qalb qo'rini berib yaratgan o'zbekona liboslarning rang-barangligi sizni o'ziga maftun etadi. Bu yerda xorij kiyimlari emas, o'lkaning mehnatsevar ahli o'zlari yaratgan kiyim-kechaklar rastalarini to'ldirib turadi. Quvonchli tomoni, ular bejirim, sifat jihatidan ham ancha yutuqlarga ega. Atlasu adraslarning yil sayin pishiq va puxta, yanada go'zal nusxalari, turlari ko'payib borayotgani esa alohida mavzu. Bexosdan eng yaqin insonlaringizga bunday go'zal liboslardan hadya uchun olish istagi paydo bo'ladi. Narxlari ham uncha qimmat emas. Masalan, Toshkentda yaxshi havo o'tkazadigan oddiy shtampel matosidan tikuvchiga bir ko'ylak tiktirish uchun ketadigan mablag'ga, Qo'qon bozoridan ana shu kiyimning tayyorini sotib olishingiz mumkin.
Dehqon bozoridagi sotuvchi amakiyu xolalarning tog'orasida tovlanib turgan meva-sabzavotlar ham ana shunday. Ularning rang-barangligidan ko'zingiz qamashadi. Shaftoliyu, anjir, noklar go'yoki «Biz juda shirinmiz, bizdan oling, mazamiz og'zingizda qoladi», «Yozda bizdan to'yib-to'yib yeb oling!» deyotgandek tuyuladi. Mahalliy dehqonlarning aytishicha, bu yil meva-sabzavot mo'l-ko'l bo'libdi. Shu bois bozorda ham to'kinchilik. Arzimagan pulga bir dunyo bozorlik qilib chiqish mumkin.
Sanatoriy tarixi
Endi esabevosita «Сhimyon» sanatoriysi haqida gapirsak. Ushbu sanatoriy Farg'ona shahridan 32 km uzoqlikda, Katran tizmasi yonbag'rida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda, Oltinsoy daryosi vodiysida joylashgan. Aytishlaricha, bir paytlar bu yerdan neft' qidiruv ishlari olib borilgan. Geologlar o'lkaning o'ziga xos iqlimi va tuprog'idan o'sib chiqqan o'simliklarni o'rganib, yer tagida qandaydir neft' yoki unga o'xshash mineral moddalarga boy suyuqlik bor, deb taxmin qilishgan ekan. Natijada yer chuqur qazilganda, oltingugurt moddasiga boy, salomatlik uchun mo'ljallangan mineral suv topilgan. Avvaliga mahalliy shifokorlar ana shu mineralga boy suvdan foydalanib, yoz mavsumida 30-40 nafar aholini ochiq havoda sog'lomlashtirgan. Odamlar asosan oltingugurtli (vodorod sul'fidli matsestati tipidagi mineral suv) da issiq vanna qabul qilishgan ekan. Bu ularning tayanch-harakat a'zolari – oyoq, qo'l va bog'imlardagishamollash va og'riqlardan xalos bo'lishiga yordam bergan. Keyinchalik esa 1979 yil 17 aprelda bu yerda sanatoriy tashkil etilgan. Uning maydoni 28 gektarga teng bo'lib, asosan ovqat hazm qilish, yurak-qon tomir, nerv, tayanch-harakat tizimi, ginekologik va urologik kasalliklar bilan og'rigan bemorlar uchun mo'ljallangan. Sanatoriy 1000 o'rinli bo'lib, bir va ikki kishilik hamda oilaviy bo'lib keluvchilarga mo'ljallangan yotoq korpuslariga ega.
Maydoni so'lim, ko'rkam va yashillikka boy. Gullar va manzarali daraxtlar bilan ko'kalamzorlashtirilgan. Otilib turgan favvoralar va qiyalikdan pastga qarab oqayotgan muzdek tip-tinq zilol suvlarning shildirashi kayfiyatingizni ko'taradi.
Oyog'ingiz og'riydimi, unda «Сhimyon»ga boring!
Sanatoriyning davolash omili — vodorod sul'fidli matsestat tipidagi mineral suv va Baliqlik o'lining balchig'i dir. Bundan tashqari, ichish uchun sul'fat gidrokarbonat natriyli kuchsiz (1 g/l gacha) mineral suv ishlatiladi. Vodorod sul'fidli suv ayniqsa tayanch-harakat a'zolari og'riydigan davolanuvchilarga tavsiya qilinadi. Bunday suvda vanna qabul qilgan yurtdoshlarimiz qo'l va oyoq og'riqlaridan xalos bo'lib, 3-4 yil davomida o'zlarini juda yaxshi his etishlarini aytishadi. Biz bilan suhbatda bo'lgan 74 yoshli Nozikoy Xoliqova ham Qashqadaryoning Muborak tumanidan.
– Mana, 30 yildan buyon ushbu sanatoriyga kelaman, – deydi xola. – Uzoq yillar davomida maktabda o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari bo'lib ishlaganman, hozir nafaqadaman. 1995 yilda oyoqlarimda og'riq sezganimdan keyin birinchi marta maktabimizning kasaba uyushmalari orqali yo'llanma olib, shu sanatoriyga kelganman va shundan keyin ancha vaqt oyoqlarim og'rimay, yaxshi yurdim. Shu-shu, ushbu sanatoriyning muxlisiga aylanib qoldim. So'nggi yillarda farzandlarim har yili bu yerga olib kelishadi.
– Biz Buxoro shahridan kelganmiz, – deydi er-xotin A'zam Shirinov va Xolida Shirinovalar. – Imkon topilganigacha, har yili bir marta bu yerga 10 kunga bo'lsa ham, shunchaki dam olish uchun kelamiz. Havosi yoqadi bizga, ishchi-xodimlari ham shirin so'z.
Toshkentlik 75 yoshli Tamara xola bu yili ulayotida o'ninchi bor ushbu sanatoriyga keldilar.
– Yurtimizda deyarli barcha sanatoriylarda bo'lganman. Menga hammasidan ham mana shu yer yoqib qolgan. Bu yerdagi mineral suvda oyoqlarimga vanna qabul qilsam, ancha payt og'rimaydi, yaxshi yuraman, deydi xola. Ovsinlarim, kelinlarim, «Hech oyog'im og'riydi, demaysiz-a», deb so'rashadi. Ularga, «Sizlar ham hadeb kiyim-kechakka ruju qo'ymasdan, sog'lig'ingizga e'tiborli bo'ling, menga o'xshab sanatoriylarga boring, shunda oyog'ingiz og'rimaydi» deb javob beraman, deydi.
Sanatoriyning boyligi
Vodorod sul'fidli mineral suv «Сhimyon» sanatoriysining boyligi desak, adashmaymiz. Zero, bu yerga keluvchilarning ko'pchiligi oyoq og'rig'idan aziyat chekuvchilar bo'lib, aynan ana shu suvda issiq vanna qabul qilish maqsadida tashrif buyurishadi. Bundan tashqari, mazkur suvdan me'da ni uvish, ichaklarni chayish, dyubaj, dush, suv osti massajida ham foydalaniladi. Qolaversa, fizioterapiya, davo fizkul'turasi, shifobaxsh balchiqli applikatsiya bilan davolash usullari ham qo'llanadi. Sul'fidli suvlar odam organizmiga teri shilliq qavatlari va nafas yo'llari orqali tushganda shifobaxsh ta'sir qiladi, erkin vodorod sul'fidi borligi tufayli odamni sog'lomlashtiradi. Ular energiya almashinuviga ta'sir qilib, tomirlar o'tkazuvchanligini oshiradi, yurak faoliyatini kuchaytiradi, arterial bosimni pasaytiradi. Og'riqqa hamda yallig'lanishga qarshi ta'sir ko'rsatadi.
Sanatoriy zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Unda yotoq korpuslaridan tashqari madaniyat saroyi, kutubxona, sport maydonchalari, madaniy-ma'rifiy binolar mavjud. Har kuni dam oluvchilar uchun qiziqarli madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Farg'ona viloyatining diqqatga sazovor hududlariga turistik sayohatlar uyushtiriladi.
Bir so'z bilan aytganda, 46 yillik katta tajribaga ega sanatoriy jamoasi yil davomida tinim bilamaydi. Bu yerda mavsum 365 kun davom etadi. Shunday ekan, siz ham tabiat in'om etgan, O'rta Osiyoda yagona bo'lgan vodorod sul'fidli shifobaxsh suvlaridan foydalanib salomatligingizni o'z vaqtida tiklashga vaqt ajrating. Zero, oqib ketgan suvlar orqaga qaytmaydi. Shunday ekan, salomatlikni ham yo'qotgach emas, borida qadrlagan yaxshi.
O'zbekligini yo'qotmagan odamlar
Farg'onada mening e'tiborimni yana bir narsa tortdi. Bu o'lkaning samimiy, tanti va ochiq ko'ngil odamlari. Ayniqsa, ular o'lkamizning boshqa hududlaridagi yurtdoshlarimizga qaraganda, kitoblarda ta'riflanadigan haqiqiy o'zbeklarga ancha yaqindek tuyuldi. Birinchidan, ular ruscha so'zlarni juda kam ishlatishadi. Imkon qadar o'zbekcha so'zlarni qo'llasharkan. Masalan, men shu paytgacha yozilishiga ko'zimiz o'rganib ketgan «Atel'e mod»larning «Сhevarxona» deb yozilganini va aholi tomonidan ham nutqda «chevarxona» deb ishlatilishini, «Basseyn» «Hovuz» deb yozilganini Farg'onada ko'rdim. Ayollari bilan muloqotda bo'lganimda shirin lutf sohiblari ekanini angladim. Bolajonlarini «siz» lab gapirishi ham hammamizga ma'lum va buni ham go'zal odat hamda tarbiya deb hisoblayman. Yoshlari tavoze'li, keksalari duogo'y, ibodatli.
«Сhimyon» sanatoriysining turizm va madaniy ishlar bo'yicha mas'ul xodimi Xusniobod Qo'shmatova boshchiligida bir guruh dam oluvchilar bilan Qo'qon shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida Xusniobod opa sanatoriy tarixi, uning bugungi kunida 5 ta binosi bo'lib, oltinchisi ham qad rostlayotgani, bu o'lkadan yetilib chiqqan Xuvaydo ota va uning o'tgan yili 85 yoshida olamdan o'tgan oltinchi avlodi – O'lmasxon ota haqida gapirib berdilar. Opa egniga atlas nusxa keng va uzun ko'ylak kiygan, boshiga romol o'ragan edi. U «Сhimyon» qishlog'i va sanatoriy tarixi, Farg'ona tumanining o'ziga xosligi haqida dam oluvchilarga shunday faxr bilan gapirardiki, hammaning qalbida bu o'lkaga muhabbat uyg'ota oldi. Ba'zida «Hurmatli dam oluvchilar», deb, farg'onacha lutf bilan e'tiborimizni bir mavzuga qaratarkan, opaning o'zini tutishi, yurish-turishi, kiyinishi va donolik bilan gapirishlarida Abdulla Qodiriyning «O'tgan kunlar»idagi Oftoboyimning siymosini ko'rgandek bo'ldim. Va men yurtimizda o'zbekona hislatlarni boshqalardan ko'ra yaxshiroq saqlab kelayotgan ana shunday oddiy, samimiy va benazir insonlarni Farg'onada ko'p-ko'p ko'rganimdan xursand bo'ldim.
Zebo NAMOZOVA
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0