Go'sht narxi nega oshyapti?
So'nggi vaqtlarda go'shtning narxi ko'tarildi. Masalan, 80 ming so'mga sotilayotgan mol go'shti 90 mingga, ba'zi yirikroq shaharlarimizda 100 ming so'mgacha, qo'y go'shti esa 90 ming so'mdan 100 ming so'mga qadar yuqoriladi. Buning sababi nima bilan bog'liq? Hududlarda yaylovlarning holati qanday? Biz bu savollar atrofida sohaga aloqador insonlar bilan suhbatlashdik.
Abdug'ani Bekmurov, Koson tumanidagi “Turon” qoraqo'lchilik mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari:
– 4659 bosh qo'yimiz bor. Shundan 3001 boshi sovliq. So'nggi uch yilda, ya'ni 2021, 2022 va 2023 yillarda bahorgi yomg'irlarning kam yog'ishi natijasida chorvadorlar qiynaldi. Aslida yil yaxshi kelsa, cho'pon 9 oy qo'yini yaylovlarda o'tlatib, uch oy qo'ldan yemish beradi. Har qalay, bu yilgi yomg'irlar tufayli yaylovlarimiz holati nisbatan yaxshi bo'ldi.
– Bozorlarda go'sht narxining oshishi nimaga bog'liq unda?
– Yilning nisbatan yaxshi kelishi odamlarning yana mollarini sotib olishga qiziqishini, talabini oshirdi. Ya'ni, bozorda qo'y va molning narxi oldingi yillarga qaraganda qimmatroq. Bu ham tabiiy ravishda go'sht narxiga ta'sir ko'rsatmay qolmaydi.
Otabek Yaxshiboev, qassob:
– O'tgan yili 20 kilo go'sht qiladigan qo'yni bozorda 1 million 600 ming so'mga olgan bo'lsak, bu yil shuni 2 milllion 300 ming so'mga sotib olish mumkin. Ya'ni, chorvaning tirik holatdagi narxi baland bo'lsa, bu sotiladigan go'shtning bahosini ham oshiradi. Bu bozor iqtisodiyoti qonuni. Qolaversa, yemish muammosi ham bor. Bu yil garchi somon va bedalarning narxi bulnurgiga qaraganda arzonroq bo'lsa-da, (o'tgan yili bir pritsep somon bir yarim million so'm edi. Bu yil bir million yuz ming so'm-muallif) baribir yil bo'yi qo'ldan boqish evaziga ko'p yemish sotib olinadi. Tariq, makkajo'xori kabi takroriy ekinlarni ekolganimizda ham yemish biroz ko'payardi. Ammo sug'oriladigan suvning yetishmasligi sabab shuni ham qilolmayapmiz...
Begmat Niyozov, chorvador:
– Shu yilning fevral' oyida 2 million 300 ming so'mdan bir necha bosh buzoq sotib olgandim. Bahor faslining seryog'in kelishi natijasida lalmi yerlarda beda, o't-o'lan ko'p bo'ldi. Dasht mintaqalarda yashovchi aholi, shu jumladan, o'zim ham bu yaylovlarla mol boqdik. Natijada 5-6 oyda boyagi buzoqlarim yaxshigina o'sdi. Hozir har birini 5-6 million so'mdan sotyapman. Daladagi xas-hashak yo'q emas. Harna bor. To oq qor tushguncha, mollarimga, qo'y va echkilarimga yemish bo'lib turadi.
Ya'ni, haqiqat shuki, yemish qimmat bo'lsa, odamlar uyidagi bor chorvasini sotishga, o'z xarajatlarini, tashvishini kamaytirishga harakat qiladi. Ya'ni, sota boshlaydi. Hamma sotgani olib chiqsa, oluvchi kam bo'lsa, o'z-o'zidan mollarning narxi ham, bozordagi go'shtning bahosi ham pastlaydi. O'tgan yili shunday bo'ldi. Aksi bo'lib, oluv ko'p bo'lsa, go'sht ham qimmatlashadi. Hozir, bozorlarda chorva mollariga talab katta, oluv ko'p...
Akmal ABDIEV yozib oldi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0