“Nega ko'rganingizni, nega kulganingizni bilmaysiz...”
Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik qanday sodir bo'lmoqda? Bugun insoniyat ijtimoiy tarmoqlarsiz salkam yasholmaydigan darajaga yetdi. Jamiyatda faol odam bu virtual olamda kamida uchta tarmoqni kuzatadi: Telegram, Feysbuk, Instagram.
Yana tibbiyotchilar, dasturchilar, vebmasterlar, huquqshunoslar, maorif xodimlari uchun alohida tor doiradagi ijtimoiy tarmoqlar ham mavjud. Ularga zarurat bormi? Ijtimoiy tarmoqlar quyidagi hollardagina turmushimizga ijobiy ta'sir ko'rsatadi: bizning axborot, tajriba almashishimizga, yuzlab kilometr masofadagi do'stlar, maslakdoshlar bilan aloqada bo'lishimizga hamda ular hayotida kuzatilayotgan voqea-hodisalardan xabardor yurishimizga yordam beradi; ular yangi bo'sh ish o'rinlari haqida tezroq ma'lumot olishimizni ta'minlaydi; Ko'plab iste'dodlarning tanilishiga, kuch olishiga, mutlaqo begona kishilar e'tirofiga sazovor bo'lishiga yordam beradi; Biroq uning juda katta salbiy tomoni ham bor bu — ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik muammosi. Nimasi bilan bunchalik o'ziga jalb qiladi? Ijtimoiy tarmoqlar vazifalari ustida ishlayotgan kishilar ularni kundan-kunga yaxshiroq, qiziqarliroq, rang-barang qilishga urinmoqda: kirgan odam iloji boricha ko'proq vaqtini o'tkazsin, pul sarflasin, nimadir xarid qilsin va hokazo.
Tadqiqotchilar ta'kidlashicha, qidiruv, muloqot, virtual flirt, shuningdek, eski tanishlar, sobiq kursdosh va sinfdoshlari hayotidagi fotosuratlarni tomosha qilishga sarflangan vaqt ko'p hollarda xodimlarning ish vazifalarini bajarishga ketadigan muddatdan oshib ketadi. Oqibatda ayrim tashkilotlar xodimlariga ish paytida ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlab qo'yishadi. Lekin uyda bunday muloqotga kim ham xalaqit qilardi deysiz?! Shu bois muammo butunlay bartaraf etilmaydi. Qaramlik sezdirmasdan yuz beradi.
Bunday qaramlik darrov rivojlanmaydi. Giyohvand moddani bir, ikki, uch marta sinab ko'rdingizmi — tamom, u sizni o'z domiga tortaveradi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik esa oylab, gohida yillab shakllanishi mumkin. Dastlab odam kuniga bir marta o'z akkauntiga kiradi, bir haftadan so'ng — kuniga bir marta kira boshlaydi, qarabsizki, bir necha oydan so'ng asosiy ishini yig'ishtirib qo'yib, soatiga bir necha martalab o'z sahifasini yangilashga o'tadi. Ishi bevosita komp'yuter bilan bog'liq kishilar hatto ish joyida ham ijtimoiy tarmoqlarda o'z profilidan chiqmaydi (albatta, rahbariyat bunga ruxsat bersa bo'lgani). Vaqt o'tishi bilan miyada real va virtual olam o'rtasidagi chegara yo'qoladi va odam do'stining tug'ilgan kunida gul va tort bilan smayliklar jo'natish o'rniga shunchaki mehmonga borish mumkinligi to'g'risida unutadi. Virtual muloqot qaramlar uchun yagona aloqa vositasiga aylanadi va ularni yoqtirgan mashg'ulotidan internet yo'qligi kabi favqulodda holatgina ayirishi mumkin. Negaki ular atrofida qiziqarli, jonli, haqiqiy hayot borligini unutishadi!
Qolaversa, qaram kishilar uni payqamay qo'yishadi. Aytadilarki, miyaga har doim oziq sifatida ma'lumotlar berib turilishi kerak, bo'lmasa, miya ma'lumot o'rniga o'zini hazm qila boshlaydi. Ya'ni, saviyasi tushib, ilm yuqmaydigan bo'lib ketaveradi. Hech shu short videos yoki reelsga kirib ko'rganmisiz, sizga fikrlash imkonini bermasdan birini qo'yib boshqasi boshlanib ketaveradi. Kontent shunchalik turfa xilki, siz 11-qisqa videoni ko'rayotganingizda birinchisi qaysi edi, degan savolga javob berolmas holda bo'lasiz, nimani ko'rganingiz, nega ko'rganingiz, nega kulganingiz, nimani o'rganganingizni bilmaysiz. Endi bolalik paytingizni eslang. Nega o'sha payt ko'rganlaringiz yodingizda?Kam ammo sifatli, bir xil vaqtda, bir xil reglamentda davom etuvchi ko'rsatuvlar, tiniq ovozda aytilgan ertaklar, chorpoya ustidagi qulog'i buraladigan radio, ko'rganingizni mushohada qilish uchun, takror-takror o'ylash uchun keng vaqt...
Qisqa-qisqa, FOYDASIZ videolarni ko'rishda ikkita katta zarar bordek, nazarimda:
a) vaqtni isrof qilish;
b) aqlning, zehnning o'tmaslashishi;
Yana biri bor: videolarni ko'p ko'rish orqali uni sizga taqdim qilayotganlarning tegirmoniga suv quyish... Ayniqsa, ularning ko'pi nomusulmonlar... Bizni aylantirib-o'ynatib, xursand qilish bahonasi bilan quduqqa otib yuborishni istaydiganlar...
Musulmon odam shularni chuqurroq o'ylab ko'rishi, o'z-o'ziga rahm qilishi kerak. Sodiqul masduq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytadilar: o'ziga befoyda narsalarni tark etishi — kishi islomining go'zalligidandir.
Ijtimoiy tarmoqlardan yolg'iz «qutulish» juda mushkul. Nomidan ham bilinib turibdi — tarmoq! Ularda erishsa bo'ladigandek ko'ringan imkoniyatlar va qiziqarli narsalar haddan tashqari ko'p. Shu bois, «jabrlanuvchi»ning yaqinlari qancha erta harakatni boshlashsa, uni haqqoniy hayotga tez va samarali qaytarish ehtimoli shuncha yuqori bo'ladi. Ko'pincha tajribali psixologlar ko'magisiz buni uddalash qiyin. Qaramlikdan qanday qutulish mumkin? Kamdan-kam odamlargina ushbu halokatli qiziqishdan oson va beziyon qutulishi mumkin. Faqat kuchli irodasi bilan maqtana oladigan, yaqinlariga, orzusiga erishish, mustaqil bilim olishga sarflaydigan vaqtini behuda ketkazayotganini tushunadiganlargina bunga muvaffaq bo'ladilar. Biroq o'z hayotingizni o'zgartirishga qat'iy ahd qilgan bo'lsangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi vaqtingizni oldindan tartibga solishga harakat qiling, o'z sahifangizga shunchaki kirmang.
Bajarishingiz zarur bo'lgan ish ro'yxatini tuzib chiqing. Hamma ishlarni bajarib bo'lgandan keyingina «bonus» sifatida yoqtirgan ijtimoiy tarmog'ingizga kirishingiz mumkin. Yana bir amaliy usul — virtual emas, real olamda do'stlar bilan muloqot qilish. Birgalikda sayohatlarga otlanish, tabiat qo'yniga chiqish yoki qahvaxonalarda (faqat u yerda bepul vay-fay tarmog'i bo'lmasin) o'tirishni kelishib olish mumkin. Bu vaqtni aynan hordiq, do'stlar bilan muloqot, telefonda gaplashish uchun sarflashga harakat qiling.
Muhlisa To'lqinova,
Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti
universiteti talabasi



Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0