Urush. Noming o'chsin dunyoda
“Bu kitob aybnoma ham, afvnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg bo'lgan avlod haqidagi, garchi zambarak o'qidan omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar to'g'risidagi ko'ngil izhoridir”.
“G'arbiy frontda o'zgarish yo'q” – E.M. Remarkni kashf qilishimga sababchi bo'lgan asardir.
Urush deganda hammaning ko'z oldiga qurolli shafqatsiz askar, aniqrog'i nemis askari keladi. Urushga bo'lgan bor qahr g'azabimiz ongsiz holatda shu askar qiyofasiga yo'naladi. Aslidachi? U odatiy urush asari emas. Unda doimiy sahnalar yo'q. Ortiqcha emotsiyalar ham. Sherigining tanasini ushlab yig'lashlar ham... Aksincha, tezroq o'lsa botinkasini kim olishini kelishib qo'yish, qiynalmasin, deb o'z do'stini o'ldirish sahnalari bor! Remarkning “G'arbiy Frontda o'zgarish yo'q” asari vaqt va tashqi manzara yillar davomida singdirgan tushunchani izohlagandek bo'ladi. Asarda 1914-1918 yillardagi I- jahon urushi holati aks ettiriladi. O'smirlikka endi qadam qo'ygan, o'qituvchilari tomonidan urushga “ko'ngilli” bo'lib yozilgan, vatanni himoya qilish uchun otlangan 7 ta sinfdosh yigitning urushdagi holati, o'y kechinmalari tasvirlanadi. Ular jang qilyapti, odam o'ldiryapti, har soniyada o'lim bilan ro'baro bo'lyapti, kurashyapti lekin nima uchun, kim uchun oxiri qanday bo'lishini hali o'zlari anglab yetmagan. Ularni urush keksaytirgan, irodalari urush ruhiyatiga taslim bo'lgan. O'smirlikning ko'tarinki ruhiyatini urushning daxshati parchalab tashlagan, ruhan yaralangan go'daklar bir kun hammasi tugaydi degan fikrga qalban ishonishadi. Lekin u kunda o'zlari tirik bo'ladimi buni o'ylash og'riqli nuqta.
Remark front voqealari orqali bu ayovsizlik, shavfqatsizlik millatning emas, kichik doiradagi siyosiy shaxslarning xohishi natijasi ekanligini yoritib bermoqchi bo'lgan. Asl nafratga millat emas, siyosiy doiradagi manfaatdorlarning qo'yilishini hohlagan. Roman tufayli u nemis fuqaroligidan mahrum qilinadi va mamlakatda quviladi. Asar urush manzaralarida shaxsan qatnashgan yozuvchi tomonidan yozilgani uchun hech qachon urushni ko'rmagan odam ham uning bor manzarasi va daxshatini his qila oladi.
“Meni o'ldirishlari mumkin – bu tasodifga bog'liq, tirik qolishim ham hech gapmas – bu ham tasodif izmida. Mustahkam blindaj devorlari tagida qolib ketsam – buning ajablanarli joyi yo'q, tep-tekis qirda, o'qlar yomg'iri ostida o'n soat yotib, bir yerim tirnalmasa ham birov taajjubga tushmadi. Har bir askar faqat ming turli sabab tufayli tirik qoladi. Binobarin, askar tasodifga ishonadi va unga umid bog'laydi”– deydi asar bosh qahramoni.
Urush gospitallaridagi holatlar tasvirlanarkan, nahot odamzod shu darajada xo'rlansa, axir dunyodagi eng oliy mavjudod insoniyat emasmi, deging keladi. Biri oyog'idan, biri qo'lidan ayrilgan o'smir yigitlar, aslida, jarohatlari og'ir bo'lmasada keksa “shifokor”ning allaqanday eksperimenti uchun tajriba quyonchasiga aylangan edi, chunki urush o'sha “shifokor”larga yangi bir tadqiqot o'tkazish uchun ham qulay vaziyat edi, buni asar davomida bir emas, 8 marta oyog'ini kestirgan sobiq askar holatidan ham bilish mumkin. Shifokorning bo'lsa topgan gapi bitta: Endigi safar ko'rmagandek bo'lib ketasan.
Er yuzida mana shunday ko'rgiliklar yuz berib turgan ekan, odamlarning ijodi ham, ixtirosi ham, kashfiyoti ham bir pul! Qon daryosini to'xtatishga qurbi yetmagan, yuz minglab bunaqa daxshatxonalarni ochib qo'ygan jamiyatning ming yillik taraqqiyotiga men ishonmayman. Bari yolg'on. Bu taraqqiyotdan insonga sariq chaqalik naf yo'q. Urushning nimaligini faqat shifoxonada to'la anglash mumkin.
Pol – yosh, endigina yigirmaga kirdi, lekin ko'rganlari – qon, o'lim, qo'rquv va mudhish azob-uqibatdan iborat nursiz, bemaqsad hayot bo'ldi. Kimdir bir xalqni ikkinchisiga qarshi gij-gijlaydi, odamlar birovlarning irodasiga bo'ysunib, bir-birlarini o'ldiradilar, lekin jinoyat qilyotganliklari va gunohga botayotganliklari haqida o'ylamaydilar. Insoniyatning eng dono vakillari yangi-yangi qurollarni yaratadi va buni oqlash uchun qop-qop so'z topadi.
Bir safar dushman qurshovida qolgan Pol qarshi tomondan bir askarga o'q uzishga majbur bo'ladi, ammo uning vijdon azobi, qanchalik pushaymonliklari uni endi tinch qo'ymasligini ich-ichidan anglardi. Unga yordam berish maqsadida ustkiyimlarini yechganda ko'krak kissasidan oilasi bilan tushgan suratlari va ayolidan kelgan xatlarning sochilib ketganini ko'rgandagi holatini tasvirlashga til ojiz. U o'zi har xil xayollar ila chalg'itadi. Ha, senda ham menda ham ayb yo'q, sen ham mendek bir askar bo'lsang, meni ham o'ylarmiding seni ataylabdan o'ldirdi deb, yo'q, yo'q, bunda bizning aybimiz yo'q. Meni kechir, bu o'lgur urush tugasa, albatta, sening oilangdan xabar olib turaman deb murda bilan gaplasha boshlaydi.
“O'q Laerning belini jarohatlaydi, u tipirchilab yotibdi, yarasidan tizllab qon oqyapti. Hech kim joniga oro kirolmaydi. Bir necha daqiqadan keyin suvi oqib ketgan meshga o'xshaydi-qoladi. Xo'sh, maktabda matematikadan “besh”ga o'qigani nima bo'ldi?
Ular yettita edi. Endi Polning bir o'zi qolgan, endi yillar ham, vaqt ham undan hech narsani tortib ololmaydi. Shu qadar tanhoki, dunyodan umidini uzib qo'ygan.
1918-yilning oktyabrida, front bo'ylab sokinlik hukm surayotgan paytda u halok bo'ldi, harbiy axborotlar bittagina jumladan iborat edi:
“G'arbiy frontda o'zgarish yo'q”.
Mashhura JO'RAQULOVA,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0