O'zbekiston xavfsizlik masalasida Turkiya bilan hamkorlik qilmoqchi
2026 yil yanvarining ikkinchi yarmida O'zbekiston harbiy va xavfsizlik bloki rahbariyatining Turkiyaga borishi, imzolangan hujjatlar va ilk bor ishga tushirilgan “4+4” mexanizmi Toshkent tashqi va harbiy siyosatining yangi bosqichga o'tayotganidan darak beradi.
20 yanvar' kuni Anqarada O'zbekiston va Turkiya o'rtasida ilk bor “4+4” formatidagi xavfsizlik uchrashuvi bo'lib o'tdi. Ushbu format doirasida to'rtta muhim ahamiyatga ega soha – tashqi ishlar, ichki ishlar, mudofaa va maxsus xizmatlar rahbarlari bir vaqtning o'zida yagona platformada yig'ildi.
Turkiya tomonidan uchrashuvda Hoqon Fidan, Ali Yerlikaya, Yashar Guler hamda Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin ishtirok etdi.
Muhokama mavzulari diplomatik bayonotlar bilan cheklanmadi. Terrorizm, transchegaraviy tahdidlar, razvedka ma'lumotlari almashinuvi, ichki xavfsizlik va kiberxavfsizlik masalalari yagona tizim sifatida ko'rib chiqildi. Asosiy yangilik shuki, tahdidlar o'zaro bog'liq zanjir sifatida muhokama qilindi.
Anqarada O'zbekiston-Turkiya Qushma strategik rejalashtirish guruhining to'rtinchi yig'ilishi ham bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan 2026-2027 yillarga mo'ljallangan Harakatlar rejasini imzoladi.
Hujjat siyosiy muloqot, xavfsizlik, mudofaa, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni bir butun strategik hamkorlikka bog'lab berdi. Muhim jihati shundaki, ushbu reja ikki yillik aniq harakatlar dasturi bilan tasdiqlangan.
19 yanvar' kuni Turkiya Milliy mudofaa vazirligida O'zbekiston mudofaa vaziri, general-polkovnik Shuxrat Xolmuxamedov rasman qabul qilindi. Uchrashuv yakunlariga ko'ra, “2026 yil uchun harbiy hamkorlikni amalga oshirish rejasi” hamda harbiy tibbiyot sohasida ta'lim va hamkorlik to'g'risidagi kelishuv imzolandi.
Bu hujjatlar qushma mashqlar, ofitserlar tayyorlash, tajriba almashinuvi va harbiy tibbiy xizmatni modernizatsiya qilishni qamrab oladi. Soddaroq qilib aytganda, gap qurol sotib olishdan ko'ra, uni boshqara oladigan institutsional salohiyat haqida ketyapti. Shunki O'zbekiston hozirda qurol sotib olish emas, balki harbiy boshqaruv, kadrlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirish bosqichida turibdi.
Turkiya – NATO a'zosi bo'lishi bilan birga, mustaqil tashqi siyosat yurituvchi davlat. Shu bois u O'zbekiston uchun g'arb xavfsizlik tizimiga to'g'ridan-to'g'ri kirmasdan, unga yaqinlashishning muvozanatli kanali hisoblanadi.
TRT World nashri Anqaradagi uchrashuvlarni Markaziy Osiyoning an'anaviy diplomatiyadan integratsiyalashgan xavfsizlik modeliga o'tishi deya baholadi. Anqaradagi Yaqin Sharq texnik universiteti professori Oktay Tanriseverga ko'ra, “4+4” formati ikki tomonlama munosabatlarni strategik darajaga olib chiqadi.
Ekspertlar O'zbekistonni Turkiya uchun Markaziy Osiyoga ochiladigan asosiy strategik nuqta deb hisoblaydi. Tanriseverning ta'kidlashicha, O'zbekistonga Afg'oniston va Pokiston orqali Janubiy Osiyoga chiqish imkonini beradigan yul sifatida ham qaralmoqda. Bu esa Anqara-Toshkent aloqalarini Kavkaz, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi keng ko'lamli geosiyosiy arxitekturaga aylantiradi.
O'zbekiston chegaralari allaqachon turk dronlari bilan qo'riqlanyapti. Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonovning ma'lum qilishicha, chegara bo'linmalari zamonaviy uchuvchisiz apparatlar bilan ta'minlangan.
“O'zbekiston 24” telekanali bergan ma'lumotlarga ko'ra, davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan qamrab olingan, 1117 km optik tolali aloqa liniyasi tortilgan, maxsus bo'linmalar “Bayraktar TB2” dronlari bilan jangovar navbatchilikka qo'yilgan.
Anqara safari O'zbekiston tashqi va harbiy siyosatining ustuvor yunalishini aniq ko'rsatib turibdi. “4+4” formati esa O'zbekiston o'z xavfsizligini endi alohida idoralar orqali emas, balki yagona strategik mantiq asosida qurmoqchi ekaanidan dalolat beradi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0