Hashamatdan lol bo'lasiz, chiqindilardan esa ta'bingiz xira tortadi
Aksariyat dam olish maskanlariga kirib borar ekansiz, tog'u-toshlar orasidagi egri, pastu-baland yo'llar, ba'zi joylarga uloqtirilgan chiqindilarni ko'rib ko'nglingiz g'ashlanadi. Vanihoyat yetib borgach, manzil ichkarisiga kirganingizda o'zingizni huddi chet davlatga borib qolgandek his qilasiz. Qisqasi, ichkaridagi hashamatdan lol bo'lasiz, tashqaridagi muhitdan esa, odam xijolat...
Ishonch.uz muxbiri mavzu yuzasidan ayrim tadbirkor va mas'ullar bilan bog'lanib, ularning fikrlariga quloq tutdi.
Lobar Jalilova, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi:
– Hozir viloyatdagi turizm hududlarida ayni mavsum payti. Havo harorati issiq bo'lganligi sababli minglab odamlar soya-salqin yerlarga borishadi. Dam olish kunlari esa bu ko'rsatkich bir necha barobarga ortib ketadi, chiqindilar ham shunga yarasha ortadi. Hozir nima ko'p, bir martalik plastik idishlar, turli paketlar va boshqa qadoqlar ko'p. Shuning uchun u hududlarda bir kunda tonnalab chiqindilar hosil bo'ladi. Eng ko'p chiqindilar “piknik” hududlarda dam olgan odamlar tomonidan tashlanadi. Shu sababli o'sha hududdagi yoshlar, mas'ul tashkilotlar bilan birga “tozalik aktsiyalari”ni o'tkazishga to'g'ri kelyapti.
Ma'lumot uchun aytib o'tishim kerak, shu yilning yanvar oyidan to avgust oyiga qadar bu borada 1700 ga yaqin ma'muriy-huquqbuzarliklar aniqlandi. Ularni sodir etganlar javobgarlikka tortildi. Lekin afsus, shundan keyin ham atrof-muhitni ifloslantirish holatlari kamaymayapti. Biz hamkor tashkilotlar bilan maxsus reydlar o'tkazyapmiz, hatto karnaylar bilan odamlarni tozalikka chaqirib ham yurdik, ammo nachora, odamlarning o'zida ekologik madaniyat oqsoq bo'lsa, mana shu ahvol davom etaveradi.
Ulug'bek Mansurov, Bo'stonliq tumani Ekologiya inspektsiyasi boshlig'i:
– O'zingizga ma'lum, yoz paytida odamlar asosan Bo'stonliq tumanining tog'li hududlariga oshiqadi. Ular orasida ochiq havoda dam olishni afzal ko'radiganlari ham ko'p. Bir kunda o'rtacha 20 ming nafargacha, dam olish kunlari esa hatto 40 ming nafargacha dam oluvchilarni qabul qilayotgan bu tuman mas'ullari shuncha odamdan qolgan chiqindilarni qanday tashib ulgurishsin? Ular hozir dam olish kunlari nimaligini bilmay, chiqindi tashish bilan ovora. Hordiq chiqarayotganlar biroz mas'uliyat his qilib, chiqindilarni belgilangan yerlarga tashlashsa, maqsadga muvofiq edi. Belgilanmagan joylarga tashlangan chiqindilarni olib chiqib ketish maxsus tashkilotlarning zimmasiga kirmaganligi sababli, asosan ko'ngillilar bilan “tozalik aktsiyalari” o'tkazishga to'g'ri kelyapti. Hozir bu holatlarni bartaraf qilish uchun atrofga nazorat kameralari o'rnatish ishlari ketyapti. Shu paytgacha joylarga 10 ta kamera o'rnatildi.
Ism-sharifini oshkor etmasligimizni so'ragan tadbirkor, dacha egasi:
— Men o'tgan yili dacha qurilishini boshlagan edim. Buning uchun to shu kunga qadar 400 ming AQSh dollari miqdorida shaxsiy mablag' sarfladim. Hozircha to'liq ishga tushirolmadim, chunki ungacha olib boriladigan yo'llarni to'g'rilashim kerak. Tog'u-toshlar orasidagi ichkari mahalla bo'lgani uchun yo'llar ham shunga yarasha, kamiga xavfsizlik masalalari ham bor.
O'sha yo'lning ta'miri uchun 200 mln. so'mga yaqin mablag' sarflashimni hisoblab berishdi. Сhiqindilar masalasiga kelsak, atrofda chiqindi tashlash uchun birorta konteyner yo'q, eng katta muammolardan biri shu, chiqindini qaerga olib borishni bilmaysiz. Bir necha marta maxsus tashkilotlar bilan shartnoma qilishga urindim, ammo bog'lanolmadim. Hozir mashina yollab o'zim olib chiqib tashlayapman. Gap kelganda aytmoqchiman: yuqoridagi kabi xarajatlar qo'shilganidan keyin, dachaning kunlik ijara narxini ham oshirishga majbur bo'lasiz. Bu ham bir aktual mavzu, ya'ni hozir ko'pchilik O'zbekistondagi dam olish maskanlarining kunlik ijarasini qimmat deydi. Ammo bir o'ylab ko'ring, bir oyda nari borsa 20 yoki 25 kun ishlaydi u joy. Qolgan kunlar tozalash, ba'zi maishiy texnikalar va boshqa buyumlarni ta'mirlash ishlari uchun sarflanadi.
Bo'stonliq tumani mas'ulining izoh berishicha, ayni paytda tumanda qattiq va maishiy chiqindilarni olib chiqib ketuvchi “Rahnamo servis” MСhJ faoliyat yuritadi. Ushbu korxona va Toshkent viloyati hokimligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi o'rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi va Bo'stonliq tumanida ish olib boriladi. Ammo so'nggi paytlarda korxona faoliyati yuzasidan tuman aholisining e'tirozi ko'paymoqda. Sababi, uch tomonlama shartnomada ko'rsatilgan ishchilar va texnikalar soni amaldagidan kamroq. Shuningdek, korxona tomonidan hududlarda 20 dan ortiq chiqindi to'plash shahobchalari qurilishi kerak edi, amalda esa ular barmoq bilan sanarli. Yana joylarga g'ildirakli maxsus chiqindi qutilari qo'yilishi ham belgilangan, ammo bular ham qo'yilmagan. Xullas, korxona tomonidan bajariladigan ishlar ko'p, biroq amalda kam bajarilayotganligi sababli bu haqda viloyat hokimligiga ham murojaat qilingan.
– Avval, “Toza hudud” DUK bu ishlarni olib borgan vaqtida barcha ishlar grafik asosida bo'lardi, – deydi mas'ul. – Ya'ni qaysi mahallaning qaysi ko'chasiga va qaysi kuni chiqindini olib ketish uchun texnika borishidan aholi xabardor bo'lardi. Hozir esa, hech qanday grafik yo'q. Oqibatda hududlarda ko'plab chiqindilar to'planishiga sabab bo'lyapti. Shuning uchun aholi ularga ishonmayapti, “baribir olib ketishga majbur bo'lishadi” qabilida ish tutib, katta yo'llarga, hatto respublika ahamiyatidagi yo'llarning yoqasiga ham chiqindilarni olib chiqib tashlayapti.
Jasur Nizamov, “Rahnamo servis” qattiq va maishiy chiqindilarni tashuvchilikka ixtisoslashgan mas'uliyati cheklangan jamiyatining foydalanish bo'limi boshlig'i:
— Asosiy ishimiz atrofni maishiy chiqindilardan tozalash. Hozir buning uchun korxonada 16 ta texnika ishlayapti. Shartnoma bo'yicha 20 dan ortiq ishlashi kerak, lekin hozir ta'mirlanayotgan texnikalar va betob haydovchilarimiz hisobiga texnikalarimiz mana shu ko'rsatkichda ishlayapti. Har bir mahallaga haftasiga 3 marta borish belgilangan. Ammo hozir ish xajmining ortganligi sababli chiqindilarni olib chiqib ulgurmayapmiz. Shuning uchun mahallalarga haftada bir marta kirib chiqindilarni olib ketishga to'g'ri kelyapti. Har bir ko'p qavatli uyning pastiga chiqindi shahobchalari qurilgan, ular ham ikki kunda olib ketiladi. Katta chiqindixonaga olib borib tashlash ham olisda, masalan, Burchmulla qishlog'idan katta chiqindixonagacha masofa taxminan 250 kilometrni tashkil qiladi. Jismonan ham ikki marta borib kelishga ulgurmayapmiz. Shuning uchun 2-3 oy ichida yana maxsus texnikalarni ko'paytirish taraddudidamiz. Qisqasi, mavsumda tozalash ishlarini to'liq qamrab olish mushkul ish.
Keyin, yana bir narsani aytib o'tish kerak, hamma dam olish maskanlarining egalari ham biz kabi tashkilotlar bilan shartnoma qilmaydi. Faqatgina mavsumda ishlagani uchun ular shartnoma qilib o'tirmaydi va turgan gapki, hosil bo'lgan chiqindilarni o'zlari istalgan joyiga eltib tashlashadi.
Mirsaid Xaydarov, jurnalist:
— Bo'stonliq hududlariga ko'p boraman. Сhiqindilar masalasi katta muammo hozir u yerlarda. Aholini belgilanmagan yerlarga chiqindi tashmaslikka chorlashdan oldin, ularni tashlash uchun belgilangan joylar bormi, shunga to'xtalish kerak. Yo'llarda chiqindi tashlanadigan maxsus qutilar deyarli yo'q, bor bo'lsa ham bir-biridan juda uzoq masofalarda joylashgan.
Bunday muammo yuzaga kelayotganiga bevosita tuman hokimligining e'tiborsizligi sabab bo'layotganini alohida aytib o'tmoqchiman. Yirik turistik hudud bo'lganligi sababli, bu holatga nafaqat tuman, balki viloyat hokimligi ham jiddiy e'tibor qaratishi kerak-da. Сhiqindilarni tashlashga sharoit yaratishsin, o'z vaqtida olib chiqib ketishni o'rniga qo'yishsin. Davlatimiz tomonidan turizmni rivojlantirish bo'yicha sa'yi harakatlar qilinayotgan, ayniqsa chet davlatlardan turistlar oqimini ko'paytirishni maqsad qilib ish tutilayotgan bir paytda, bunaqa e'tiborsizlik noo'rin. Masalan, o'sha mas'ullarning o'zlari ham dam olishlarga chiqishadi o'sha hududlarga. Haqiqiy holatni o'z ko'zlari bilan ko'rishadi, nega uni to'liq bartaraf qilish chorasini ko'rishmaydi?
Yo'llardagi tirbandliklar va xavfsizlik masalasi-ku, alohida mavzu. Umumiy ovqatlanish joylariga borsangiz, mashinangizni qo'yishga joy yo'q, odamlar shundoqqina yo'l yoqasiga qo'yib tashlashadi, natijada tartibsiz holat yuzaga keladi. Keyin u yerda ham xavf darajasi ortadi.
Yana bir gap. Nima uchun dam olish maskanlarining bir kunlik ijara narxi bu qadar qimmat? Ularda faqat mablag'i yetarli bo'lgan kishilar dam oladimi, oddiy aholichi, ular ham o'zimizning tabiatdan bahra olib dam olgisi kelmaydimi? Ammo afsus, “otasining narxi” bo'lib yotgan joylarga borishni ularning cho'ntagi ko'tarmagani uchun ham o'z yurtining tabiatidan bahra olib, miriqib dam ololmaydi. Ba'zi dachalarning narxini eshitib hayron qolasiz, u yerlarda bir necha kun dam olgandan ko'ra, siz u pulga bemalol Gruziya, Turkiya, Boku yoki boshqa tabiati go'zal mamlakatlarda dam olishingiz mumkin. Dachalarga olib boradigan ichki yo'llarning holatini ham yaxshi deb bo'lmaydi. Yo'llarni tadbirkor o'z mablag'idan ta'mirlatganidan keyin, sarflagan mablag'ini chiqarib olish uchun ham ijara narxini oshiradi-da.
Bu masala ham mahalliy hokimlik, qolaversa Toshkent viloyatining turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, turizm uchun sharoitlarni yaxshilash kabi maqsadlarda tashkil etilgan – “Сhorvoq” erkin turistik zonasi direktsiyasi va boshqa mas'ullarning ham e'tiboriga muhtoj hozir.
P\S: Ayni paytda tumanda 59 ta mahalla bor. Ko'plab dam olish maskanlari, mehmonxona va oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritadi. Mavsum paytida va ayniqsa dam olish kunlari u yerlarga boruvchilarning soni 40 ming nafarga ham yetishi yuqorida aytib o'tildi. Shunday ekan, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, kerak bo'lsa, chiqindi tashuvchi korxonalar sonini ko'paytirish, turizm uchun sharoitlarni yaxshilash mas'ullarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Biz bu mavzu baxsli bo'lganligi uchun ham, turli kishilardan interv'yular oldik. Xulosa qilishni esa sizga havola qildik.
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0