Qoraqalpog'istondagi maktablarda «Huquq sinf»lari tashkil qilindi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi «Ma'muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas'uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to'g'risida»gi PF-80-son Farmoni va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 avgustdagi «Davlat ta'lim muassasalarida yuridik ta'limning uzluksiz tizimini joriy etish hamda voyaga yetmagan yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 532-son Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasidagi 17 ta tuman (shahar)da «Huquq sinf»lari tashkil qilindi.
Kegeyli tumanidagi Janabazar MFYda joylashgan 41-sonli maktab Adliya vazirligiga otaliqqa biriktirilgan, ya'ni ushbu ta'lim muassasasida bugungi kunda «Huquq sinf»i mavjud.
Aynan shu maktabda va boshqa ta'lim muassasalarida «Islohotlarga daxldorman» shiori ostida keng qamrovli targ'ibot aktsiyasi tashkil qilindi.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti B.Sobirov va Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari ishtirokida «Targ'ibot poezdi» shakllantirilib, ular tomonidan «Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan» g'oyasi bilan va «Tengdoshimga huquqiy yordam» singari targ'ibot tadbirlari amalga oshirildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, hozirgi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta'lim kreditlari va subsidiyalar berilayotganligi, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida Qoraqalpog'iston yoshlari uchun yaratilgan imkoniyatlari haqida, saylov qonunchiligi mazmun-mohiyati, bu yilgi saylovlarning o'zgachaligi, saylov va saylanish huquqlari haqida, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, sog'lom turmush tarzi, yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish yuzasidan tadbirlar, intellektual o'yinlar tashkil qilindi.
Shuningdek talaba yoshlar tomonidan «Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolarini hal qilishga ko'maklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yo'lga qo'yish» nomli loyiha yuzasidan yoshlar o'rtasida so'rovnoma o'tkazildi.
Bu kabi tadbirlarning ahamiyati yoshlarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini qalban his qilishini oshirish, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirish, huquqiy savodxonligi va huquq madaniyatini oshirish, ularning huquq sohasiga bo'lgan qiziqishlarini yanada mustahkamlash bo'lib hisoblanadi.
Shu kabi tadbirlar Kegeyli Kasb-hunar maktabi va QDU Kegeyli tuman filialida davom etdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0