Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 971.9314.93

  • EUR

    13 394.81-68.81

  • RUB

    133.860.43

+2C

+2C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+2c

  • Hozir

    +2 C

  • 13:00

    +2 C

  • 14:00

    +2 C

  • 15:00

    +3 C

  • 16:00

    +2 C

  • 17:00

    +2 C

  • 18:00

    +2 C

  • 19:00

    +1 C

  • 20:00

    +1 C

  • 21:00

    +0 C

  • 22:00

    +0 C

  • 23:00

    +0 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Seshanba, 11-February

+2C

  • Hozir

    +2 C

  • 13:00

    +2 C

  • 14:00

    +2 C

  • 15:00

    +3 C

  • 16:00

    +2 C

  • 17:00

    +2 C

  • 18:00

    +2 C

  • 19:00

    +1 C

  • 20:00

    +1 C

  • 21:00

    +0 C

  • 22:00

    +0 C

  • 23:00

    +0 C

  • Seshanba, 11

    +2 +20

  • Chorshanba, 12

    +1 +20

  • Payshanba, 13

    +4 +20

  • Juma, 14

    +5 +20

  • Shanba, 15

    +6 +20

  • Yakshanba, 16

    +5 +20

  • Dushanba, 17

    +8 +20

  • Seshanba, 18

    +9 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax
Jamiyat
5943 12:44 | 04.10.2024 12:44

“O'G'LIM, SEN BORSANU NEGA YO'QDAYSAN?..”


Ko'pincha shunaqa bo'ladi: katta janjal mayda gapdan boshlanadi, juz'iy xato katta fojialarga doyalik qiladi. Uning asorati ba'zan butun umrga tatiydi. Jabrini esa, aybdorlar ham, begunohlar ham bap-baravar tortishadi.


Yana bilmadim, balki men yanglishayotgandirman, balki bir oz keskin xulosa chiqarayotgandirman. Lekin turli paytlarda tahririyatimizga najot istab kelgan uch taqdir sohibining quyidagi mushtarak dil hasratlarini tinglaganimda, xayolimni negadir shu o'ylar tark etmadi.


Keling, yaxshisi, siz ham ularning arzi-hollariga quloq tuting, keyin birgalashib fikr yuritarmiz.




Birinchi suhbat:


Bolasi o'lganning bag'ri kuyar, bolasizning-chi?..


Men Toshkentda yashayman, durustgina lavozimda ishlayman. Mahalla-ko'yda ham, ishxonamda ham hurmat-e'tiborim joyida. Iqtisodiy jihatdan noliydigan yerim yo'q. Negaki, yeganim oldimda, yemaganim ortimda. Dang'illama uchastkam, shahar tashqarisida dala-hovlim bor. Tagimda bir emas, ikkita “inomarka”. Hammasi o'z pulimga kelgan, halol mehnatim evaziga bunyod bo'lgan. Qisqasi, sirtdan qaraganda, men boy-badavlat, baxtiyor odamman. Aslida-chi?..


Odamzodning tole-iqboli, baxt-saodati, ba'zi birovlar o'ylaganidek, faqat moddiy farovonlik, mol-dunyo bilan o'lchanmas ekan. U tugal baxt egasi bo'lishi uchun oila qurishi, farzandlar ko'rishi ham kerak ekan. Ming afsus, bu borada taqdir meni o'ksitdi, juda qattiq o'ksitdi. Holbuki, mahallamizning eng go'zal, eng xushro'y qiziga uylanganman, tagli-tugli xonadonga kuyov bo'lganman. Ammo, yillar o'tsa-da, o'rtada farzand bo'lmadi. Uyimizda go'dak yig'isi, bola kulgisi eshitilmadi. Xotinim beshik quchoqlab, chaqaloq belamadi. Bu naqadar achchiq qismat, naqadar buyuk armon ekanligini men kabi bittagina tirnoqqa zor bo'lganlar, zurriyot deya ohi ko'kka yetganlar biladi.


Albatta, avval-boshda biz unchalik tushkunlikka tushmadik. Umid bilan, ishonch bilan kutdik. Oz emas-ko'p emas, o'n besh yil kutdik. Baribir, orzumiz ushalmadi. So'ng o'zimizni do'xtiru tabiblarga qaratdik. Shunda achchiq bir haqiqat ayon bo'ldi. Bilsam, hamma ayb menda ekan! Pushtim kuyib ketgan, mendan farzand bo'lmas ekan!..


Nachora?!. Bir oqshom xotinimning ko'ngliga qo'l soldim. “Men tufayli sen ham dunyodan armon bilan o'tma... Hali ham kech emas, balki baxtingni toparsan, ajrashaylik”, dedim. U ko'nmadi. “Men azaldan sizni deganman, bundan keyin ham sizni deyman. Neki bo'lsa, peshonamdan ko'raman”, dedi. Taklifimdan ranjib, necha kunlar yum-yum yig'ladi.


Mavridi kelib, muqim qarorga keldik. Ota-onasi noma'lum ikki oylik chaqaloqni asrab oldik. Unga Umidjon deya ism qo'ydik. U bilan andarmon bo'ldik, u bilan ovundik. Emaklaganda-yurganda, bir suyundik, “aya”laganda, “dada”laganda, ikki suyundik. Mudom mehrimizni ayamadik, atrofida girdikapalak bo'ldik. Mudom asrab-avayladik, oq yuvib-oq taradik.


Qiziq, xudo urganni payg'ambar hassasi bilan turtmasa, nima qilarkin-a? Taqdir mening yarim-yorti baxtimni ham ko'p ko'rdi. Bunga boshqalar emas, o'z umr yo'ldoshim, ha-ha, ishonavering, o'z yostiqdoshim sababchi bo'ldi...


O'tgan yilning erta bahori, shanba kuni edi. Maktabdan qaytgan Umidjon o'rtoqlari bilan ko'chada o'ynab yurgandi. Men uyda televizor ko'rayotgandim. Bir mahal sigareta chekkim keldi. Сhiqib oshxonadan gugurt olmoqchi bo'ldim. Dahlizdan o'tayotib, oshxonada allakim bilan telefonda gaplashayotgan xotinimning ovozi qulog'imga chalindi. U suhbatdoshiga “Ey, nimasini aytasiz, shu bepusht erim bo'lmaganda, men ham bola tug'ardim, allaqachonlar o'g'il uylantirib, qiz chiqarardim”, dedi.


Ha-ha, aniq eshitdim, aynan shunday dedi. Turgan joyimda qotib qoldim: nahotki, eshitganlarim rost bo'lsa?!. Nahotki, shu so'zlar bir vaqtlar meni degan, meni deb taqdiriga tan bergan ayolimning og'zidan chiqayotgan bo'lsa?!. Axir, men uni zo'rlab-majburlab yoki yalinib-yolvorib ushlab turganim yo'q-ku. Vaqtida ixtiyori o'zida ekanligini aytganman-ku. Demak, uning ahdu paymonlari yolg'on ekan-da. Demak, faqat rahmi kelgani, achingani uchungina men bilan 25 yildan buyon yashab kelayotgan ekan-da. Demak...


Oriyat — o'limdan qattiq! Xonaga qay holatda bostirib kirganimni, telefonni qanday uloqtirib yuborganimni bilmayman, ammo alam-iztirob bilan bor ovozda o'dag'aylaganim esimda:


Hozir nima deding?.. Nima deding, yana bir qaytar!


Shu topda xotinimning “Eshitganlaringiz yolg'on!” deyishini, loaqal “Bilmay og'zimdan chiqib ketibdi”, deya ko'nglim uchun mendan uzr so'rashini juda-juda istagandim. Yo'q, kutganimdek bo'lmadi. U bamaylixotir o'rnidan qo'zg'aldi-da, ko'zlarimga birinchi bor tik boqdi.


— Ha, nima, — dedi keyin yetti yot begonalardek sovuqqonlik bilan, — pushtingiz kuyib ketgani yolg'onmi, bor haqiqat-ku!


Tamom-vassalom! Mana shu ikki og'iz so'z nomusimni yerga urdi, bu yorug' dunyodagi so'nggi ilinjimdan ham ayirdi. Eng go'zal, eng mehribon turmushdoshim ko'zimga o'ta xunuk, o'ta berahm ko'rinib ketdi. Tun bo'yi mijja qoqmadim. Erkak boshim bilan yig'ladim, baxtsizligimdan nolib-nolib, alamimdan o'ksib-o'ksib yig'ladim.


Shu-shu xotinimdan ham, uyimdan ham ko'nglim sovidi. Bora-bora ikkimiz arzimagan bahonada tez-tez janjallashishga, sal gapga arazlashishga odatlandik. Oxir-oqibatda darz ketgan ko'ngil oynasini butlab bo'lmasligiga ko'zimiz yetdi. Ajrashadigan bo'lib, sudga ariza berdik. U yerdagilar avvaliga bizni murosaga chaqirishdi. Yana bir karra o'ylab ko'rishimiz uchun muhlat berishdi. Qarorimiz qat'iyligini bilishgach, ishimizni qayta-qayta ko'rishdi. Lekin hanuzgacha tayinli to'xtamga kela olishmadi. Sababi — men har safar Umidjonni xotinim tug'maganini eslataman, uni o'zimda qoldirishlarini so'rayman. Evaziga bor mol-mulkimdan voz kechishga tayyorligimni ta'kidlayman. O'z navbatida, yostiqdoshim ham bo'sh kelmaydi. “Tug'ish azobini tortmagan bo'lsam ham, baribir onaman, baribir, ayolman. Bola men bilan bo'lishi shart!” deydi.


Mana, men dil dardimni dasturxon qildim, andakkina bo'lsa-da. ko'nglimni yozdim. Endi xolisona ayting-chi, bizning qay birimiz haqmiz? Umidjon kimniki bo'lishi kerak — menikimi yoki xotinimniki?..


Ikkinchi suhbat:


O'z bolamni o'zim sotib olaymi?..


Men o'n sakkiz yoshimda turmush qurdim. Ketma-ket yetti o'g'il ko'rdim. Shundan beshtasi ko'z o'ngimda — sog'-salomat. Bittasi go'dakligidayoq nobud bo'lgan. Eng kenjam esa...


Xudoga shukur, u ham tirik. Hozir olti oylik. Borlikka boru, ammo men uchun go'yo yo'qdek. Shoir aytimoqchi, kul ostida qolgan cho'g'dek. Сhunki bag'rimda emas, birovning qo'lida. Men uni tuqqanimdan buyon qaytib ololmayman, bir lahza bo'lsin, ko'ksimga bosolmayman. O'zim kesgan ugra oshni o'zim icholmayman, xatolarimdan voz kecholmayman.


“Nega?” deysizmi, unda men bir boshidan aytay, siz quloq tuting. Zora, shunda dardim bir oz yengillashsa, zora, orzu-armonim ushalsa...


Biz qishloqda yashaymiz. Erim oddiy traktorchi. Og'ir mehnatdan qochmaydi. Lekin oylab maosh olmaydi. Shunday esa-da, eski “pat-pat”ini tashlamaydi. Qaytaga tomorqadan topganini ham uni tuzatishga sarflaydi.


Kichkinamga yukli bo'lgan kezlarim edi. Katta-kichik bolalarim hovlida o'zlari bilan o'zlari andarmon edi. Bir mahal xamir qorib, non yopay deb sandiqni ochsam, un tugul urvoq ham qolmabdi. Erimga aytgandim, pinak ham buzmadi. Odatdagidek “Pul yo'q!” dedi-yu, indamay quruq choyini ichib o'tiraverdi. Uning boqibeg'amligidan zardam qaynab ketdi.


— Siz ham mundoq boshqalarga o'xshab pul topsangiz-chi. Tokaygacha shu sharti ketib, parti qolgan shaloq aravangizga yopishib olasiz? — dedim o'zimni bosolmay.


— O'chir ovozingni! — Erim birdan tutaqib ketdi. — Menga birovlarni misol keltirma, — dedi ko'zlarini chaqchaytirib. — Boshqa ish qo'limdan kelmaydi, bo'lganim shu, tushundingmi?


Jahl kelganda, aql ketadi. Men erimni tushunadigan holatda emasdim.


— Ho, — dedim past tushmay, — qatorlashtirib bola qumaloqlatishni bilasizu, boqishni bilmaysizmi? Yana quturgan tuyadek pishqirganingizga o'laymi?


— Yo'qol! — Erim o'rnidan sapchib turayotib, xontaxtani zarb bilan mushtladi. Dasturxondagi choynak ag'darilib, ichidagi issiq choy tizzasiga toma boshlaganiga parvo ham qilmadi. — Ko'zimga ko'rinma, manjalaqi! — U ikkinchi bor xontaxtaga musht urdi-da, chap qo'lidagi piyolani qulochkashlab devorga qarab otdi. — Meni topganimga qanoat qilmasang, ana, katta ko'cha! — dedi og'zidan ko'pik sachratib. — Bolalaringni o'zing boqib olaver, — dedi qo'shni xonaga ishora qilib, — boqolmasang, detdomga topshir. Faqat meni tinch qo'y, tushundingmi, he padaringga la'nat, axmoq!..


Uning oxirgi gapi jon-jonimdan o'tib ketdi. Shu zahotiyoq xun-xun yig'lab, otamnikiga arazlab ketdim. Bolalarimni sog'insam ham, uyga qaytmadim. O'zimcha erimdan o'ch olmoqchi bo'ldim.


Ikki haftadan keyin tug'uruqxonaga tushdim. Bu safar ham suqsurday o'g'il tug'dim. Ammo erim birrov xabar olmadi. Ustiga ustak, orqavarotdan “O'ziniyam, churvaqasiniyam ko'rarga ko'zim yo'q!” degan gapni aytib yuboribdi. Battar jahlim qo'zidi. Bunisiyam mayli, achchiq ustida katta xatoga yo'l qo'ydim. Oqibatini o'ylamay-netmay chaqalog'imni uch-to'rt qishloq narida yashovchi xolamning keliniga berib yubordim. Сhunki u bo'lamga tekkaniga o'n yildan oshganiga qaramay, tug'magandi. Men og'iroyoq bo'lgan paytlarim eri uni qo'yib yubormoqchi bo'lib yurgandi. Ko'zim yoriganini eshitib, el qatori meni ko'rgani keldi. Gap orasida dardini aytib, zor-zor qaqshadi. “Turmushim buzilib ketmasin, iltimos, yanga, shu bolangizni menga bering. Uni men boqib olay, zora, irim-jirimi joyiga tushib, bo'yimda bo'lsa...” deya yalinib turib oldi. Axiyri, niyatiga yetdi. Tug'uruqxonadan chiqishim arafasida notanish kishilar bilan birga o'zi to'g'rilab kelgan allaqanday qog'ozlarga qo'l qo'ydirib, o'g'limni olib ketdi.


Men otamnikiga yolg'iz qaytdim. Bo'lgan voqeadan ogoh topgan erim o'sha kuniyoq meni oldiga solib uyga olib bordi. Ostona hatlab ichkariga kirayotganimda, “Axmoq, burgaga achchiq qilib, ko'rpa kuydirgan kaltafahm. Bu kuningdan battar bo'l, sharmanda!” dedi-yu, boshqa so'z qotmadi.


Farzand o'nta bo'lsa ham har birining o'rni boshqa ekan. Men ayriliqqa bor-yo'g'i uch kun chidadim. To'rtinchi kuni tongsaharlab erimga yolvordim. “Sutlarim oqib ketayapti. Jon, dadasi, yuring, o'g'limizni olib kelaylik”, dedim. Erim ham shu gapni kutib yurgan ekan shekilli, darhol oldimga tushib, yo'l boshladi.


Bo'lam muddaomizni anglab, xomush tortsa-da, qarshilik bildirmadi.


— Endi, nimayam qilardik, zorimiz boru, zo'rimiz yo'q. Go'dak sizlarniki, ana, kelganidan buyon big'illab yig'lab yotibdi, olib ketaveringlar, — dedi.


Biroq xotini qaysarlik qildi.


— Men bolani qonuniylashtirib olganman. Qayga borsangiz-boring, qaytarib olishga haqingiz yo'q! — deya oyoq tirab turib oldi. Xolam boyaqishning nasihatlari-yu, erining do'q-po'pisalariga ham, mening yig'i-iltijolarimga ham quloq osmadi. Keyingi borishimizda esa, oldimizga bitta shart qo'ydi: “Naqd besh million so'm pul topib keling, marhamat, chaqaloq o'zlariningniki bo'ladi”, dedi.


Voajab, bu qanday gap, qanday andishasizlik? Bu qanday bolafurushlik? Endi bir kamim o'z bolamni o'zim sotib olamanmi? Birovga qilmoqchi bo'lgan yaxshiligim evaziga yomonlik ko'ramanmi? Onaga bundan ortiq ko'rgulik, bundan ortiq azob bormi?..


Turgan gap, boshqa ilojimiz qolmagach, sudga murojaat etdik. Shungayam yarim yildan oshayapti. Lekin qonunshunoslar ishni ko'rishni cho'zgandan-cho'zishayapti. Bu orada men ichikib, adoi tamom bo'ldim. Necha bor kasal bo'lib, yotib qoldim.


Sizlardan iltimos, shu ishga bosh qo'shsangizlar, o'g'limni tezroq qaytarib olishimga yordam bersangizlar. Axir, qachongacha bolamni sog'inib, unga intiq bo'lib yashayman...


Uchinchi suhbat:


Tirnoqni etdan ajratib bo'ladimi?..


Men asli qishloq qiziman, dehqon farzandiman. Maktabni tugatib, poytaxt oliy o'quv yurtlaridan biriga hujjat topshirdim. Omadim chopib, talaba bo'ldim. Yana deng, shu yerda sevgimni — baxtimni topdim. O'zim bilan bir viloyatdan kelgan, ota mehriga to'ymay o'sgan kursdoshimga ko'ngil qo'ydim. Birinchi kursligimizdayoq to'yimiz bo'lib o'tdi. O'n oyga borar-bormas, o'g'ilchalik ham bo'ldik. U bir yoshga to'lganda qaynonam Toshkentga bordi. Ikki haftacha ijaraxonamizda biz bilan birga yashadi. Talabalarga mos, musofirlarga xos hayotimiz bilan tanishib, ichi achidi. “Sizlar hozircha faqat ilm olish payida bo'linglar, ungacha nevaramni o'zim boqib turaman”, dedi.


Noroziligimga qaramay, norasida go'dagimni o'z shahriga olib ketdi. Ko'nikmay ilojim qancha? Biz vaqti-vaqti bilan ham qaynonamdan, ham o'g'limizdan xabar olib turdik. Uch ko'klamu uch qishimiz shu alfozda kechdi.


Institutni bitirgach, tabiiyki, qaynonam qoshida yashay boshladik. Dastlab turmushimiz binoyidekkina edi. Hovlimiz viloyat markazi hisoblanmish shaharning qoq o'rtasida joylashgandi. Er-xotin kunduzi ishga qatnardik. Qaynonam o'g'ilchamizga qarardi. Kechqurun bir dasturxon atrofida jam bo'lardik. Bolamni birimiz qo'yib, birimiz suyardik.


Afsus, tinch-totuvligimiz uzoqqa cho'zilmadi. Qishloq joyga kelin bo'lib tushgan qaynopam turmushi buzilib, qaytib keldi-yu, shirin oshimizga og'u aralashdi. U negadir alamini mendan olishga kirishdi. O'tirsam o'poq, tursam so'poq, dedi. Uzzukun yurish-turishimdan, qilgan-qilmagan ishimdan nuqson axtardi.


Avvaliga indamadim, tishimni tishimga bosib, hammasiga chidadim. “Insofga kelib qolar, har nechuk, ukasining xotiniman-ku”, deya o'zimni o'zim ovutdim. Qayoqda, deysiz? Qaynopam o'ch olishning yangi yo'lini topdi. He yo'q-be yo'q, har ikki gapining birida “O'g'lingni onam katta qilgan, unda sening haqing yo'q”, deya yuzimga sola boshladi. Bu ham yetmaganday, bolamni bag'rimga bosishimga yo'l bermadi. Ko'p-da uni qaynonamning xonasidan chiqarmadi.


Oxiri, hammasi jonimga tegdi. Men ham gapiga gap qaytaradigan, tengma-teng g'ijillashadigan bo'ldim. Qarabsizki, “Bir yaxshiga bir yomon har joyda bor, ikki yomon bir bo'lsa, kun qayda bor!” deganlaridek, qaynopam bilan men bir-birini ko'rishga ko'zi, otishga o'qi yo'q g'animlarga aylandik. Buni ko'rib, shu vaqtga qadar doim meni alqab-suyib kelgan qaynonam ham to'nini teskari kiydi. “O'zidan kattaning yuziga sapchiydigan odamga mening oilamda o'rin yo'q! Aslida seni kelinlikka men tanlamaganman, sen birga o'qib yurganingda o'g'limning boshini aylantirib, unga tegib olgansan, megajin!” deya kamsitishga o'tdi.


Koshki, shunday damlarda erim yonimni olgan bo'lsa? Yo'q, aravaning oldingi g'ildiragi qaerdan yursa, keyingisi ham o'sha yerdan o'tarkan. Uyam mendan yuz o'girdi. Ko'p martalab “Sen qishloqisan, madaniyatni bilmaysan, bundan keyin ham shundayligingcha qolasan”, deya yaramga tuz sepdi.


Nima qilay, qurbaqani ham bossangiz, vaq etadi, men esa odamman-ku!..


O'rinsiz ta'na-dashnomlar bo'g'zimga kelgach, qat'iy qarorga keldim. “Yaxshisi, javobimni bera qolinglar. O'z kunimni o'zim bir amallab ko'rarman”, dedim. Bajonidil rozilik bildirishdi. Nikohimiz qonunan bekor qilinadigan bo'ldi. Ishni ko'rgan sud hay'ati ayollardan iborat edi. Ular savol-javob davomida bolam bechora yig'lab, menga talpinib turganini ko'rishdi. Shunga qaramay, uni otasi tarbiyasida qoldirish yuzasidan ajrim chiqarishdi.


Men e'tirozlarimni tegishli idoralarga qayta-qayta yozib yubordim. Lekin hanuzgacha ijobiy javob ololmadim. Ko'z yoshlarim sababi bilan jiddiy qiziqadigan odamni topolmadim.


Xo'sh, ayting, nega shunaqa? Bolaga tuqqan bir yoqda qolib, nega joni og'rimaganlar ega chiqadi? Bu qaysi aqidaga to'g'ri keladi? Ayol uchun farzandidan tiriklayin ayrilishdan ortiq kulfat bormi? Hech jahonda tirnoqni etdan — bolani onadan ajratib bo'ladimi?..


* * *


Ko'rinib turibdiki, uchala suhbatdoshimiz ham mushkul vaziyatga tushib qolgan. Birining oilaviy hayotda avvaldan baxti yurishmagan. Boz ustiga, endigina dardimga malham topdim, og'zim oshga yetdi, deganida burni qonagan. Ta'na-malomat-la yo'g'rilgan bir og'iz so'zdan qalbi ozor chekkan. Shusiz ham o'ksik ko'ngil shishasi chil-chil singan. Ikkinchisi burgaga achchiq qilib, ko'rpa kuydirgan, go'yoki rahmdillik ko'rsatgan bo'lib, hali ona suti ta'mini bilmagan dilbandini birovga berib yuborgan. Endi esa, “O'zingdan o'tgan ayb, qaerga borsang — hayb” deganlaridek, hargiz xatosini tuzatolmay joni halak. Uchinchisi loyqalangan suvning tinishidan, doka ro'molning qurishidan batamom umidini uzgan. Baayni sevib-seviladigan yoshida “erdan chiqqan” degan tavqi-la'natni bo'yniga olishga majbur bo'lgan. Bevalik azoblariga chidashga ahd qilgan. Biroq onalik huquqidan mahrum etilishini sira xayoliga keltirmagan. Taqdir o'yini oldida esankirab qolgan.


Yana e'tibor bergan bo'lsangiz, sezgandirsiz, suhbatdoshlarimiz yulduzi yulduziga to'g'ri kelmay qolgan ayrim er-xotinlarga o'xshab uy-joy, mol-mulk yoki meros talashayotganlari yo'q. Bor-yo'g'i farzandlarining o'zlari bilan birga bo'lishlarini istashayapti. Shu niyatda yordam-maslahat so'rashayapti. Taassufki, biz ularning iltimos-iltijolarini qondirish imkoniga ega emasmiz. Bunday deyishimning qator sabablari bor: birinchidan, yuqorida qog'ozga tushirganlarim, nechog'li dardli-iztirobli bo'lishidan qat'i nazar, bir tomonning hasratlari. Biz hali ikkinchi tarafni tinglaganimizcha yo'q. Tinglasak, ehtimol, ular ham o'zlarini oqlash uchun talay asos-dalillar keltirishar. Ehtimol, shunda qars ikki qo'ldan chiqqani ayon bo'lar. Ikkinchidan, o'rtada barchaga barobar qonun bor. Qonunga ko'ra, so'nggi so'zni shu soha vakillari aytishlari lozim. Ungacha bizning nizoga qo'shilishimiz taqiqlangan. Shu sababli arzgo'ylarning ism-shariflarini, yashash joylarini oshkor etmadik. Uchinchidan, o'zingizdan qolar gap yo'q, oilaviy mojarolar nihoyatda murakkab, o'ta nozik masala. Negaki, sevish-sevilish, turmush qurish yoxud ajrashish har kimning o'z ko'ngil ishidir. Oila faqat ikki qarama-qarshi jinsning — erkak va ayolning o'zaro roziligi, inon-ixtiyori asosida tuziladigan ittifoqdir. Ta'bir joiz bo'lsa, har bir oila boshqasiga o'xshamagan qo'sh ustunli ayvon, o'ziga xos alohida qo'rg'ondir. Uning tuprog'i Ishq-Sevgi ehtiroslaridan olinadi. Loyi-zuvalasi — ezgu Niyat, Ahdu paymon tuyg'ulari bilan yo'g'riladi. Poydevori Vafo-Sadoqat azmi-la ko'tariladi. Devorlari Muhabbat nuri ila sayqallanadi. Tomi Mehr-Oqibat hislari qo'shilgan holda yopiladi. Peshtoqiga Burch-Mas'uliyat, Sabr-Qanoat shiori naqshlanadi. Ana shu oliy tuyg'ular bir maqsad yo'lida uyg'unlashtirilsa, insonni Baxt-Iqbol sari eltuvchi OILA atalmish muqaddas koshona vujudga keladi. Bu koshonaning ko'z ilg'amaydigan o'z chegara-hududlari, biron-bir hujjatda qayd etilmagan o'z qonun-qoidalari bo'ladi. Undan huda-behuda hatlab o'tishga, chetdan turib “Sen falonchi bilan umrbod birga yashashga mahkumsan!” yoki “Pistonchi bilan ajrashasan!” deyishga hech kimning haqi yo'q. Buni xalqimiz asrlar osha sinovdan o'tgan naqllarida muxtasargina qilib quyidagicha ifoda etgan: “Har kim suygan oshini ichadi”, “Er-xotinning orasiga esi ketgan tushadi”.


Shundaylikka shundayku-ya, ammo baribir achchiq bir haqiqatdan ko'z yummaslik kerak. Oila buzildi degani tanho er-xotin ikki tarafga qarab ketdi, degani emas. Yoxud quda-andalar, yoru birodarlararo qon-qarindoshlik rishtalari uzildi, degani ham emas. Uzilgan ip ulansa, tuguni qoladi. Oila parchalansa, sevgi zavol topadi. Ahdu paymon o'rnini nafrat, vafo-sadoqat o'rnini xiyonat egallaydi. O'zaro mehr-oqibat yo'qoladi. Burch va mas'uliyat unutiladi. Sabr-toqat begona bo'ladi. Baxt-iqbol sarobga aylanadi. O'rta ichida muhabbat yetim qoladi. Qismat chorrahasida ishqning shirin mevasi — begunoh bolalar chirqillab qoladi. Ular yo ota, yo ona mehridan ayro tushadilar. Hatto ba'zan otasi ham, onasi ham hayot bo'la turib, tirik yetimga aylanadilar.


Shubhasiz, bunday kezlarda qarindosh-urug', mahalla-ko'y qarab turmaydi. Kelajagini o'ylagan jamiyat baxti kemtiklarni yolg'izlatib qo'ymaydi. Mehribonlik uylari deysizmi, internatlar deysizmi, ishqilib, barcha shart-sharoitlarga ega maskanlar yetim-esirlar hayotiga oz bo'lsa-da, nur olib kirish uchun xizmat qiladi. Biroq ular hech qachon o'sha go'daklar tug'ilgan xonadon o'rnini bosolmaydi. Eng g'amxo'r enaga, eng shirinso'z tarbiyachi ham, harchand urinmasin, baribir, haqiqiy ota-ona mehrini berolmaydi. Ayni chog'da, ko'z ochib ko'rgan umr yo'ldoshidan, shirin-shakar farzandlaridan voz kechgan odam qayta turmush qurgan taqdirda ham tom ma'noda baxtli bo'lolmaydi. O'z pushti kamaridan bo'lgan zurriyotiga mehr ko'rsata olmagan odam o'zga birovning o'g'il-qizi boshini chin ixlos bilan silay olmaydi. Bil'aks, amalda unisining ham, bunisining ham ko'nglini yarimta qilib qo'yadi. Tan olamizmi-yo'qmi, xohlaymizmi-xohlamaymizmi, oqibat — tayin haqiqat shu!


Demak, oilaviy qo'ydi-chiqdilar zohiran shaxsiy ishdek tuyulsa-da, mohiyatan jamiyat hayoti bilan chambarchas bog'liq illatdir. O'z uyida tinchini yo'qotgan odam el-ulus ichra baxtli bo'lolmagani singari oilalari inqirozga uchragan mamlakat ham izchil taraqqiyotga erisholmaydi. Aksincha, qaysi yurtning oilalari mustahkam, ahil-totuv bo'lsa, o'sha davlatda hamjihatlik va osoyishtalik hukm suradi, fayz-baraka, qut-farovonlik barqaror bo'ladi. Сhunki oilaviy xotirjamlik milliy xotirjamlik uchun zamin yaratadi. Buni ota-bobolarimiz qadimdan yaxshi bilishgan, yaxshi tushunishgan. Shu bois avvallari ajrashishlar nisbatan kamroq bo'lgan. Ko'pchilik er-xotinlar harf tanimasalar-da, yozuv bilmasalar-da, hayot maktabini puxta o'zlashtirganlar. Bir-birovini asosan go'shangaga kirgandagina ko'rgan-tanigan bo'lsalar-da, mustahkam turmush qurganlar. Ba'zi kelin-kuyovlarning tajribasizliklari tufayli kelib chiqqan jiddiy “san-man”lar qozixona-yu sudgacha borib yetmagan. Kelishmovchiliklar sababi, avvalo, xesh-aqrobalar, ko'pni ko'rgan keksalar — mahalla, qishloq oqsoqollari ishtirokida muhokama etilgan. Ular er-xotinga oila qurish yakkash visol lazzatidan, kayf-safodan iborat emasligini obdon tushuntirishgan. Turmush mashaqqatlariga bardoshli bo'lish oilaviy totuvlik asosi ekanligini uqtirishgan. Natijada hatto halokat jari yoqasiga kelib qolgan oilalar ham ko'pincha qayta tiklanib ketgan. Muhimi, kimdir farzandining, kimdir otasi yoki onasining diydoriiga zor-intizor bo'lib qolmagan.


Hozir-chi?..


Ming qatla shukur, zamon tinch, yurt obod. Hamma savodli, hamma bilimli. Tag'in zamonaviy er-xotinlarning deyarli barchasi sevishib-sinashib, jilla qursa, oldindan uchrashib-tanishib nikohdan o'tishgan. Shunga qaramay, oilaviy mojarolar kamaymayapti. Bundanam ajablanarlisi, ajrashgan yoki ajrashayotganlarning aksariyati turmush mashaqqatlarini ozmi-ko'pmi boshidan kechirgan, bola-chaqa orttirgan duppa-durust kishilardir.


Ajab, nega bunaqa, nega teskarisi? Javobi oddiygina: daryoning suvi boshidan loyqa kelsa, quyi oqim g'oratga uchraydi. Devor qiyshiq bo'lsa, tez qulaydi. Gap shundaki, biz tabiatan bolajon, o'ta ko'ngilchan xalqmiz. Xoh ayol, xoh erkak bo'laylik, umr bo'yi uyim-joyim, bola-chaqam deb yelib-yuguramiz. Yillar mobaynida o'g'il uylantirish, qiz chiqarish ilinjida yig'inib-terinamiz. Bo'lajak kelin-kuyovga oddiy kiyim-kechakdan tortib, qo'sha-qo'sha ko'rpa-to'shakkacha, qimmatbaho mebeldan tortib, alohida dang'illama uygacha, xullas, odamzod erkin-emin, to'kin-sochin yashashi uchun nimaiki zarur topilsa, hamma-hammasini muhayyo qilib beramiz. To'y marosimlarini ham, rizq-nasibamizdan qiyib, dabdaba bilan o'tkazamiz. Birov e'tiroz bildirsa, “Ha, nima qipti? Bu dunyoda barchamiz ham farzandlarimizni deb yuribmiz. Topgan-tutganimiz shularniki-da”, deya o'zimizni oqlaymiz. Faqat bir narsani unutib qo'yamiz. Ota-ona farzandiga, ehtimol, taxt yaratib berishi mumkindir, ammo baxt yaratib berolmaydi. Har kimning baxti o'zi bilan bo'ladi. Bundan tashqari, xalqda “Beli og'rimaganning non yeyishini ko'r!” degan naql ham bor. Biryo'la hamma narsaga oppa-oson erishgan yoshlarning xatti-harakatlari sal boshqacharoq bo'ladi. Xayoliga “Turmush mana shunaqa rohat-farog'atdan iborat ekan-da” degan noto'g'ri fikr o'rnashib qoladi.


Vaholanki, vaqti-soati yetib, ishq-muhabbat ehtiroslari susayadi, buyum-jihozlar eskiradi. Oilada farzandlar tug'iladi, uy-ro'zg'or tashvishlari ko'payadi. Bizga doimo suyanchiq ota-onani esa hech kimga bog'lab bergan emas. Ular ancha mo'rt keladi. Yoshlari o'tgani sayin o'zlari ham bizning ko'magimizga muhtoj bo'lib qoladilar. Alqissa, yosh er-xotinning bo'yniga rosmanasiga “olaxurjun” tushadi. Endi ular o'z aravalarini o'zlari tortishlariga to'g'ri keladi. Bunga ko'niksalar-ku, xo'p-xo'p, mabodo, ko'nikmasalar, ko'nika olmasalar-chi? Bir-birovidan nuqson axtaradi, arzimagan gapdan janjal ko'taradi. Kunda-kunora er “qo'yaman”ga, xotin “ketaman”ga zo'r beradi. Unisi bunisini, bunisi unisini otishga o'q izlaydi. O'rtada farzandlar bezillaydi. Xonadonda besaranjomlik boshlanadi, fayz-baraka yo'qoladi. Xuddi mana shu nuqtada qaynona-qaynotalarning — quda-andalarning yo'l-yo'rig'i, o'git-maslahati juda-juda asqotadi. Keksalar masalaga xolis yondoshsalar, kelin-kuyovni sabr-toqatga undasalar, olam gulistonligicha qoladi. Bordi-yu, aksincha, bo'lsa, biri o'g'liga, ikkinchisi qiziga yon bosib, olovga moy purkasa-chi? Oqibati shundog'am ma'lum: nizolar battar avj olib, oila tanazzulga yuz tutadi. Esli-hushli kattalar, jigargo'shalari taqdiri bir chetda qolib, o'zaro haq-huquq, uy-joy, mol-dunyo talashishga tushib ketadi.


Masalaga shu jihatdan qarasak, qismati talosh bo'lgan Umidjonning onasini tushunish qiyin. To'g'ri, u chorak asr yostiqdoshiga beqiyos mehr-sadoqat ko'rsatgan. Undan farzand bo'lmasligini bilganida tashlab ketmagan. Ajrashish haqidagi taklifni eshitganida qat'iyan rad etgan. Pirovardida esa qilgan shuncha yaxshiliklarini bir zumda yelga sovurgan. Og'ir tosh misoli nafsoniyatga teguvchi ikki og'iz so'zi bilan turmush o'rtog'ining qoq yuragiga xanjar urgan. Bundan ko'ra, ko'nglidagi armonini vaqtida aytgani, eri o'ziga o'rganib qolmasdan uni tashlab ketgani afzal emasmidi?


Bir-biriga o'chakishib, o'rta ichida chaqalog'ini ovora-yu sarson qilgan er-xotinning xatti-harakatlari esa, hoynahoy, eshitgan quloqqa erish tuyuladi. Сhunki ular yosh emas, kimsan, besh bolani tarbiyalab voyaga yetkazayotgan ota-ona! Bu demak, farzand davlatning boshi ekanligini, tish bergan rizqini ham berishini sizu bizdan yaxshiroq biladilar. Qanoat zo'r boylik ekanligini, so'zsiz, teran tushunadilar. Bas, shunday ekan, xotin bir so'zdan qolsa, er tiliga erk bermasa, asakasi ketmasdi. Yoki bugungi kunda ularning oilasida mavjud moddiy yetishmovchilik boshqalarnikida yo'qmi? Axir, tokaygacha ayb kattalardan o'tadi-yu, jabrini kichiklar tortadi?


Bunisini bilmadim, lekin birovning azasida o'yin tushishdan or qilmagan kelinni mutlaqo kechirib bo'lmaydi. Uning bu qilmishi borib turgan noinsoflikdan boshqa narsa emas. Boisi — u bolani o'ziniki qilib olguncha yalinib-yolvorgan, qaytib berishga kelganda esa shafqatsizlik ko'rsatgan. Сhamamda, yo “Er-xotin hozir qiynalib yurishibdi, men aytgan miqdordagi pulni topib kelisholmaydi, bola o'zimga qoladi”, degan xulosaga borgan, yoki chaqaloqni soxta hujjatlar asosida farzandlikka olgan bo'lsa, kimlargadir sarflagan mablag'ini chiqarib olishni o'ylagan. Agar ozgina insof-vijdoni bo'lganida, u bunday yo'l tutmasdi. Homiladorlik azobini tortmagan, tug'ib qutulish o'lib-tirilishga barobarligini his etmagan bo'lsa-da, ayol sifatida ayol qalbini tushunib, bolaning haqiqiy onasini xor etmasdi. Boringki, kelgusida u chaqaloqqa ega chiqqan taqdirida ham oddiy haqiqatni bilib qo'ymog'i shart: birovning, ayniqsa, onaning ko'z yoshlari evaziga erishilgan baxt omonat bo'ladi. Yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytargan kimsa el aro uyatga qoladi.


Tavba, bir vaqtlar talaba keliniga achinib, nevarasini vaqtincha boqib turishga o'zi rozilik bildirgan qaynonani nima jin urdiykin? Axir, ona uchun farzandining farzandi ham bola-ku. Mashoyixlar shuni nazarda tutib, “Bolaginamning bolasi, qantak o'rikning donasi” deganlar-ku. Nevaralari tarbiyasi bilan shug'ullanish o'zbek qaynonalari uchun oddiy hol-ku. Qolaversa, katta baxt, katta sharaf-ku. Nahotki, onaxon buni bilmasa, oxiratini o'ylamasa? Nahotki, qizi qaytib kelgani kamlik qilganday, o'g'lining oilasi ham barbod bo'lishini istasa? Undan ko'ra, yoshiga yarasha ish yuritib, qizi bilan kelinini murosaga chaqirsa, o'rinli bo'lmasmidi? Hech bo'lmaganda, o'g'li bilan nevarasining kelajagini o'ylasa, yaxshi emasmidi? Qaynopa-chi? Ukasining xotiniga piltakachlik qilib nima foyda ko'radi? Jiyani voyaga yetib, bir kun bor gapdan voqif bo'lsa-yu, “Siz qattolsiz, mening baxtsizligim sababchisisiz!” desa, unga qanday javob beradi? Odamlar orasida qanday bosh ko'tarib yuradi?..


Bular mening taxminlarim emas. Mavridi kelib, qachonlardir yuzaga chiqajak muqarrar haqiqat. Haqiqat esa, bilasiz, achchiq bo'ladi. Undan na shoh-gado, na yosh-qari qochib qutuladi.


Qolgan fikrlarni boshqalar aytishar, degan umiddaman. Nima bo'lgandayam, keling, vaqtni boy bermay, qaytar dunyoning hisob-kitobini o'ylaylik, oilalarimizni asrab-avaylaylik.


“O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi,


1998 yil 6 fevral'


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 3179 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat