Bemor bola yoki oilaning boshqa a'zosi parvarishi uchun kasallik varaqasi ochirishga haqlimanmi?
Savol: — Ba'zan ish beruvchi bilan nizoli vaziyatga borib qolayapmiz. Farzandim dardman. Ba'zan og'irlashib qoladi. Shunday paytlari unga g'amxo'rlik qilishimga to'g'ri kelmoqda. Bunday vaziyatda unga qarash uchun kasallik varaqasi ochirsam bo'ladimi? Umuman kasallik varaqasi qanday vaziyatlarda taqdim qilinishi to'g'risida ma'lumot bersangiz?
Sarvinoz Mannapova, Samarqand viloyati.
Savolga Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Samarqand viloyati bo'yicha mehnat huquq inspektori G'olibjon Rustamov javob beradi.
— “Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to'g'risida”gi yo'riqnomaga muvofiq oilaning betob a'zosini parvarishlaganlik bo'yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomasi berilishi mumkin. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo'lgan o'n to'rt yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun yetti kalendar' kunidan oshmagan muddatga rasmiylashtiriladi. E'tiborli jihati shundaki, mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemorning (onasi yoki otasi) ular bo'lmaganda u bilan birga yashash yoki yashamasligi hamda mehnat ta'tilida ekanligidan qat'i nazar, bemorning oila a'zolari yoki qarindoshlaridan biriga berilishi mumkin.
Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo'lgan o'n to'rt yoshga yetmagan bemor bolani parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi uning onasiga o'n to'rt kalendar' kunidan oshmagan muddatga beriladi. Ona bo'lmagan yoki betob bo'lganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligidan qat'i nazar, boshqa oila a'zolariga ham berilishi mumkin.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirishning yana bir jihatiga to'xtalib o'tish joz deb hisoblayman. Masalan bir oilada bir vaqtning o'zida ikki va undan ortiq o'n to'rt yoshga to'lmagan bola kasallikka chalinsa, ularni ambulatoriya sharoitida parvarish qilish bo'yicha faqat bitta mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki ma'lumotnoma beriladi. Oilada ikki va undan ortiq o'n to'rt yoshga to'lmagan bola navbatma-navbat kasallikka chalinsa, tegishli hujjatlar ularning har biri bo'yicha alohida beriladi. Agar birinchi bolaning kasalligi davrida boshqa bola kasallikka chalinsa, keyingi bolani parvarish qilish bo'yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi birinchi bola uchun berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilganidan keyin, ushbu varaqa bo'yicha mos tushgan kunlar chiqarib tashlangan holda berilishi mumkin.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0